Jamshid Rajabovich Xudoyev Jondor tumani hokimi etib tayinlandi. Bu haqda Buxoro viloyati hokimligi axborot xizmati xabar berdi.

Xalq deputatlari tuman kengashining navbatdan tashqari sessiyasida viloyat hokimi Botir Zaripov so‘zlab, hududning avvalgi rahbari San’atilla Hikmatov boshchiligida tumanda sezilarli ishlar amalga oshirilgani, u hozirda Navoiy viloyati hokimining qishloq va suv xo‘jaligi masalalari bo‘yicha o‘rinbosari lavozimiga tayinlanganini eslab o‘tdi.

Shundan so‘ng sessiyada tashkiliy masala ko‘rilib, Jamshid Xudoyev nomzodini Jondor tumani hokimi etib tayinlash to‘g‘risidagi viloyat hokimining qarori deputatlarga ma’lum qilindi.

Jamshid Xudoyev 1983-yilda Jondor tumanida tug‘ilgan. 2004-yilda Toshkent davlat yuridik institutini va 2009-yilda Buxoro davlat universitetini bitirgan. Mutaxassisligi — huquqshunos va iqtisodchi.

U mehnat faoliyatini Bosh prokuratura huzuridagi Soliq va valyutaga oid jinoyatlarga qarshi kurashish departamentining Qorovulbozor tumani bo‘limi surishtiruvchiligidan boshlab, ushbu tizimning Buxoro shahri bo‘limi inspektori, Buxoro va Sirdaryo viloyatlari boshqarmalari inspektori, Guliston shahri bo‘limi boshlig‘i lavozimlarida ishlagan.

2013-yildan beri tadbirkorlik tizimida faoliyat ko‘rsatmoqda. Bugungi kunda Jondor tumanidagi “Chinor” fermer xo‘jaligini boshqarib kelayotgandi.

Avvalroq Halimjon Safarov Buxoro tumani hokimi vazifasini bajaruvchi etib, Botir Ahmedov esa Buxoro viloyati hokimi birinchi o‘rinbosari etib tayinlangani haqida xabar bergandik.