O‘zbekistonda 2023-yil iyul oyida tabiiy gaz va elektr energiyasidan noqonuniy foydalanish oqibatida tizimga 40 mlrd so‘m zarar yetkazilgani aniqlandi, deb xabar bermoqda Energetika vazirligi.

Bu oyda 573 ta holatda iste’molchilar tomonidan tabiiy gaz va elektr energiyasidan noqonuniy foydalanish holatlari qayd etilgan. Bunda 37,6 mln metr kub tabiiy gaz (28 mlrd 200 mln so‘m) va 22,8 mln kVt⋅soat elektr energiyasi (11 mlrd 800 mln so‘m) talon-toroj qilinishi sababli tizimga keltirilgan 40 mlrd so‘m zarar undirishga qaratilgan.

Noqonuniy foydalanishning eng ko‘p holatlari Andijon, Samarqand, Navoiy va Toshkent viloyatlari hissasiga to‘g‘ri keldi.

Ushbu hajmdagi tabiiy gaz yoz mavsumida 188 mingta xonadonning bir oylik, elektr energiyasi esa 114 mingta xonadonning bir oylik iste’molini tashkil qiladi.

Qoidabuzar iste’molchilarga nisbatan belgilangan tartibda choralar ko‘rilib, tegishli hujjatlar huquqni muhofaza etuvchi organlarga taqdim qilingan.

Taqqoslash uchun, iyun oyida 6,1 mlrd so‘mlik elektrdan noqonuniy foydalanilgani aniqlangandi.