Fevral oyidan O‘zbekiston Iqtisodiyot va moliya vaziri o‘rinbosari, 2018-yil sentabridan esa sobiq Moliya vazirligi rahbari o‘rinbosari va G‘aznachilik boshqarmasi boshlig‘i lavozimlarida ishlagan Dilshod Shuhratovich Sultonov Toshkent viloyati Yangiyo‘l shahri hokimi vazifasini bajaruvchi etib tayinlandi. Bu haqda viloyat hokimligi matbuot xizmati xabar berdi.

Mazkur tayinlov haqida viloyat hokimi Zoyir Mirzayev ishtirokida xalq deputatlari shahar kengashining navbatdan tashqari sessiyasida e’lon qilindi. Sobiq vazir o‘rinbosari nomzodi prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan tavsiya etilgani bildirildi.

Yig‘ilishda so‘zga chiqqan viloyat hokimi shaharning avvalgi hokimi Farhod Mirzayevning “yomon ishlamagani”ni ta’kidladi: “Sog‘lig‘iga qaramay, ishda qolayotganiga, ishlaganiga guvoh bo‘ldim. U katta tajribaga ega edi. Lekin bir kishi aravani tortolmaydi. Shaharning barcha aktivlari birlashmasa, harakat bo‘lmaydi”.

Zoyir Mirzayev Yangiyo‘lning eng qiyin muammosini elektr energiyasi bilan ta’minlash deb atadi. Unga ko‘ra, ushbu maqsadlar uchun 9,5 mlrd so‘m budjet mablag‘lari ajratilgan.

Viloyat hokimining aytishicha, uning Yangiyo‘ldagi sayyor qabullari “eng og‘ir o‘tadi”: “Bu yerning xalqi shunchaki shaxsiy masalalar bilangina kelmaydi. Mahalla, shahar hududiga oid dangal masala chiqindilarni vaqtida olib chiqib ketish katta muammo”.

“Yangiyo‘l shahrini chiqindilardan tozalash bo‘yicha ommaviy safarbarlik bo‘lmasa, bir martaga tozalab olinmasa, bo‘lmaydi. Uch kun, besh kun, qancha vaqt ketsa ham qilamiz buni. Murojaatlarning 47 foizi shu chiqindi masalasi”, — dedi viloyat hokimligi rahbari.

Shuningdek, investitsiyalarni jalb etish, mahallalarni obodonlashtirish dasturlarini amalga oshirish, yangi uy-joylar barpo etishda ham qoloqlik borligiga to‘xtaldi.

Dilshod Sultonov (1980 y. t., Toshkent temir yo‘l muhandislari institutini tamomlagan — 2002, mutaxassisligi — iqtisodchi) 2003-yildan Moliya vazirligi tizimida ishlab kelgan. 2017-yil sentabridan buyon Moliya vazirligining Davlat budjeti bosh boshqarmasi boshlig‘i lavozimida ishlab kelayotgan edi. Bungacha 2013-yildan Pensiya jamg‘armasining Respublika tibbiy-ijtimoiy ekspertiza inspeksiyasi boshlig‘i, Pensiya jamg‘armasi ijrochi direktori lavozimlarida ishlagan.

Kuni kecha prezident Shavkat Mirziyoyev Toshkent viloyatiga tashrifi chog‘ida viloyat hokimining qashshoqlikni qisqartirish bo‘yicha mas’ul birinchi o‘rinbosari, shuningdek, Qibray va Yangiyo‘l tumanlari hokimlari va sektor rahbarlarini lavozimidan ozod etish to‘g‘risida topshiriq bergan edi. Viloyat hokimining yana ikki o‘rinbosariga hayfsan e’lon qilindi.

Avvalroq Bekobod tumani hokimi o‘zgargani ma’lum bo‘lgandi. Furqat Xudoyberdiyev o‘rniga “Qishloq qurilish bank” boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari lavozimida ishlab kelgan Shuhrat Mirzayev hokim bo‘ldi.