6-avgust kuni Afg‘oniston standart agentligi O‘zbekistondan import qilingan 67 ta sisternadagi neftni sifatsiz deb topib ortiga qaytarib yuborganini ma’lum qilib, tvit qoldirdi. “O‘zbekneftgaz” matbuot xizmati holat yuzasidan munosabat bildirdi.

Unda qayd etilishicha, 24−26-iyun kunlari xaridor talabnomasiga asosan, Uzbekistan GTL MCHJ tomonidan jami 3,4 ming tonna (67 ta vagon) mahsulot Qashqadaryo viloyati G‘uzor tumanidagi “Kengsoy” stansiyasidan eksport qilish uchun xaridorga topshirilgan.

Ma’lum qilinishicha, Uzbekistan GTL MCHJ zavodining dizel yonilg‘isi uchun sintetik komponent EN 15940 Yevropa standartiga muvofiq Markaziy Osiyo davlatlari orasida faqatgina O‘zbekistonda “O'zDSt 3134−2017” davlat standarti asosida ishlab chiqariladi. Hozircha Afg‘onistonda bu standart joriy qilinmagan.

Mahsulotni eksport qilish jarayonida sintetik dizel va uning komponenti Afg‘onistonning ANSA (Afg‘oniston standart agentligi) tashkilotida ro‘yxatdan o‘tmagani haqida xaridorga ham ma’lum qilingan. Xaridor tomonidan mahsulot komponent sifatida an’anaviy dizel bilan kompaundlashtirilgan holda Afg‘oniston bozoriga olib kirilishi rejalashtirilgani bildirilgan.

“O‘zbekneftgaz” AJ shuni ta’kidlashicha, xaridorga topshirilgan 3,4 ming tonna (67 ta vagon) sifatli mahsulot uchun to‘lov 100 foiz amalga oshirilgan, Afg‘oniston hukumati tomonidan Uzbekistan GTL MCHJga sifatsiz mahsulot sifatida qaytarilmagan. Shartnoma shartlariga asosan xaridor mahsulotni qaysi davlatga olib borib qanday usulda sotishini o‘zi belgilaydi.

“„O‘zbekneftgaz“ AJ tomonidan ishlab chiqarilayotgan mahsulotlar doimiy va tizimli ravishda xalqaro va milliy standartlarga muvofiqlashtirib boriladi”, — deyiladi kopmaniya xabarida.