Urganch shahri ichki ishlar boshligʻi T.Yu. avtohalokat qurboni boʻldi. Bu haqda Bosh prokuratura matbuot kotibi Hayot Shamsutdinov “Gazeta.uz"ga maʼlum qildi.

Xorazm viloyati IIB saytida Urganch IIO FMB boshligʻi sifatida Temur Yoʻldoshev koʻrsatilgan.

Taʼkidlanishicha, 4-avgust kuni Urganch-Xiva yoʻnalishida boshliqqa biriktirilgan Lasetti rusumli xizmat avtomashinasi ishtirokida yoʻl-transport hodisasi sodir boʻlgan. Mashina yoʻlning qatnov qismidan chiqib ketib, beton ustunga urilgan. Oqibatda u hodisa joyida vafot etgan.

Holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 266-moddasi (Transport vositalari harakati yoki ulardan foydalanish xavfsizligi qoidalarini buzish) bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilgan.

“Tergov oʻtkazish yoʻli bilan qonuniy qaror qabul qilinishi taʼminlanadi”, — deyiladi prokuratura axborotida.