Payshanba kuni internetda Surxondaryo viloyati hokimi Ulug‘bek Qosimov va Sariosiyo tumanidagi 28-maktab direktori Umida Tursunova o‘rtasidagi mojaro aks etgan video tarqaldi.

Hodisa 26-iyul kuni Sariosiy tumanidagi 12-maktabda maktablarni 2023−2024 o‘quv yiliga tayyorlash bo‘yicha o‘tkazilgan seminarda sodir bo‘lganga o‘xshaydi. Chunki viloyat hokimligi matbuot xizmati tomonidan e’lon qilingan suratlarda Umida Tursunovani ko‘rish mumkin.

Video boshida maktab direktori hokimdan nega uni ishdan bo‘shatganini so‘raydi. Ulug‘bek Kosimov “eplolmagani uchun”, deb javob beradi. Keyingi dialog quyidagicha davom etadi:

— Qayerdan bilasiz mening eplolmaganimni?

— Butun dunyoga sharmanda bo‘ldingiz.

— Butun dunyoga Ahmad Boboyev sharmanda qiladi. Hammasi qo‘llab-quvvatlayapti. U yerda nima bo‘lganini siz qayerdan bilasiz? Muhitni buzding, deydi. Nima buzgan muhitni u yerda? Maktabning tomorqasigacha sotib yuborishyapti, shuncha yozyapmiz indamaydi hech kim. Ahvolini o‘rganadigan odam yo‘q. Hammasining tili bir bularning.

— Jim o‘tiring.

— Ie.

— Nima, iye.

— O‘zi 20-fevralda keldim men.

— Haqqingiz yo‘q bu maktabda direktor bo‘lib ishlashga.

— Nima uchun haqqim yo‘q?

— Haqqingiz yo‘q!

— Nima uchun?

— Haqqingiz yo‘q.

— Nima uchun? Miltiq bo‘lsa, otib tashlang! Miltiqni oling-da, otib tashlang. Borib ko‘ring nima muammo borligini [maktabning]! Hammasining tili bir, birga uyushtiryapti sudlangan deb. Qayerda sudlandim? Qachon mening sudim bo‘ldi? Oliy sudning ijrosi bo‘lgan kuni u yerda menga zarar yetkazilyapti, men sudlanishim kerakmi? Qani O‘zbekistonda haqiqat, adolat?! Sudlangan, deyapsiz, nima qildim men? Siz uyushtirdingiz, ishdan oldingiz-ku meni! Bugungi tomoshani ham sizlar uyushtirdinglarmi? 28, 28! 28 ni rasvo qilgan siz bilan Boboyev. Og‘zimga qarayapman, miltiq bo‘lsa, otib tashlanglar!

Zaldagi odamlar uni tinchlantirishga harakat qilishadi.

Foto: Surxondaryo viloyati hokimligi.Foto: Surxondaryo viloyati hokimligi.

Umida Tursunova viloyat hokimiga murojaat qilar ekan, unga noto‘g‘ri ma’lumotlar berilgani uchun prezidentga murojaat qilib, haqiqatni aytishini ta’kidlaydi.

Yig‘ilishdagilardan kimdir undan zalni tark etishini so‘raganida, maktab direktori o‘z o‘rnida o‘tirib, hokimning nutqini oxirigacha tinglashini aytadi.

“Yo‘qot, yo‘qot, yo‘qot! Nima qilyapman men? Senlar maktabda xohlagan ishingni qildinglar hech kim hech narsa qilmadi-ku! Menga chora ko‘riladimi? Nimaga tashqariga chiqaman? Mana shu yerda turib oxirigacha eshitaman, prezidentga aytadigan gapim bor! Otsa meni olib chiqib, O‘zbekistonning oldida otib tashlasin!” — deydi direktor.

Shundan so‘ng uning yoniga ichki ishlar organi xodimi kelib, uni zaldan olib chiqib ketadi. U binodan chiqar ekan: “Hayf sizday viloyat hokimiga”, — deydi.

Videodan lavha.Videodan lavha.

Vazirning munosabati

Maktabgacha va maktab ta’limi vaziri Hilola Umarova vaziyatni shaxsan o‘z nazoratiga olganini ma’lum qildi. Uning so‘zlariga ko‘ra, maktab direktori zudlik bilan ma’muriy qamoqdan ozod etilgan (Eltuz 10 kunlik hibsga olingani, keyin esa ozodlikka chiqqanidan keyin yana hibsga olingani haqida xabar bergan).

Shu bilan birga, vazir ta’lim sohasida faoliyat yuritayotgan har bir shaxs “o‘zini tutish madaniyati bilan barchaga o‘rnak bo‘lishi kerak"ligini ta’kidladi. Uning bu so‘zlari ijtimoiy tarmoqlarda norozilikka sabab bo‘ldi.

Videodan lavha.Videodan lavha.

Keyinroq vazir Umida Tursunova maktab direktori lavozimida ishlashda davom etishini aniqlashtirdi. Umarova professor-o‘qituvchilarning nufuzini oshirish mamlakatning eng muhim vazifalaridan biri ekanini eslatdi.

“Davlatimiz rahbari barcha hokimliklarga maktablarni moddiy-texnik bazasini yaxshilash va maktab jamoasi faoliyat olib borishi uchun qulay infratuzilma yaratish vazifasini topshirgan. Davlatimizda bugun olib borilayotgan ta’lim sohasi xodimlarini obro‘ va nufuzini ko‘tarish kabi ustuvor siyosatini qo‘llab-quvvatlagan holda har bir rahbar xodim barcha pedagog xodimlarimizga hurmat bilan munosabatda bo‘lishlarini, maktabda pedagog xodimlar faoliyat yuritishi uchun qulay shart-sharoit yaratishga e’tibor qaratishlarini, maktabdagi ma’naviy muhit, ta’lim sifati va mazmuni bilan bog‘liq har qanday vaziyat esa vazirlik nazoratida ekanligini eslatib o‘tmoqchiman”, — deb yozdi u.

“Mamlakatimizda faoliyat olib borayotgan har bir pedagog xodim davlatimiz himoyasida!” — deya qo‘shimcha qildi vazir.

Direktor va hokim haqida

Jurnalist Shuhrat Shokirjonovning yozishicha, Umida Tursunova avval ham janjal markazida bo‘lgan. Bir yil oldin tarmoqda uning o‘qituvchilarga qo‘pol murojaati yozilgan audio tarqaldi.

Shuningdek, tarmoqda 28-maktab direktori mevali daraxtlarni kesib, sotishga uringani haqida xabar berilgan.

2021-yil noyabr oyida u jurnalistning faoliyatiga to‘sqinlik qilganlikda va uning kamerasiga zarar yetkazganlikda ayblangan.

Umida Tursunova bir necha bor lavozimidan ozod etilganidan keyin sud orqali ishga tiklangan.

Surxondaryo hokimi Ulug‘bek Qosimov (Toshkentning sobiq prokurori) iyul oyida Denov tumanidagi fermer xo‘jaligi rahbarini qamoqqa olishni buyurgan videosi uchun tanqid qilingan edi. Hokimlik fermerlar tomonidan kamchiliklar bartaraf etilgani bois hech kim qamoqqa olinmaganini bildirdi.

Joriy yilning yanvar oyida “Gazeta.uz” uning topshirig‘iga ko‘ra Denov tumanida (bir vaqtlar bu yerda hokim bo‘lgan) karam, sabzi va piyoz o‘sib turgan dalalar g‘o‘za ekish uchun haydab tashlangani haqida yozgan edi. O‘shanda e’lon qilingan videoda hokim dalada almashlab ekish uslubi qo‘llanilsa ham (yerdan samarali foydalanish uchun bir ekindan keyin boshqa ekin ekiladi) barcha maydonlarni shudgorlash haqida ko‘rsatma bergan edi.