Joriy yilning 4-avgust kuni Farg‘onada O‘zbekistonda Meva-sabzavotchilik II forumi tashkil etildi, deya xabar bermoqda forum tashkilotchilari “Gazeta.uz”ga.

Mazkur forum Jahon banki va Yevropa ittifoqi, Qishloq xo‘jaligi vazirligi, Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi sohasida strategik rivojlanish va tadqiqotlar xalqaro markazi hamda Annexure Financial Solutions kompaniyasi tomonidan tashkil etilgan bo‘lib, unda meva va sabzavotlar yetishtiruvchilar, fermerlar, eksportchilar, soha olimlari va mutasaddi vazirlik va idoralar vakillari ishtirok etdi.

meva-sabzavotchilik, фарғона

Tadbir O‘zbekiston qishloq xo‘jaligini rivojlantirishning 2020−2030-yillarga mo‘ljallangan strategiyasi ijrosi, mamlakatda meva-sabzavotchilik sohasidagi yetishtirish, marketing sotish va eksport masalalarida olib borilayotgan ishlar va natijalar yuzasidan fikr almashish maqsadida tashkil etildi.

Forum mobaynida ayni vaqtgacha O‘zbekistondan 180 xil meva-sabzavot mahsulotlari 80ta davlatga eksport qilinayotgani aytib o‘tildi. Jumladan, 2022-yilda 1,6 mln tonna meva-sabzavot mahsulotlari eksport qilingan.

Shuningdek, O‘zbekiston meva-sabzavotchiligi seleksiyasi va urug‘chiligining hozirgi holati, ya’ni ilmiy tadqiqot institutlari va xususiy seleksiya maskanlari, Urug‘chilikni rivojlantirish markazi, Davlat nav sinash markazi, karantin inspeksiyasi, Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligining faoliyati, urug‘chilik va ko‘chatchilikni tahlil qilish, birlamchi va nav urug‘chiligi yo‘nalishlarini rivojlantirish, Sertifikatlash tizimini joriy etish, mualliflik huquqini himoyalash kabi dolzarb muammolar muhokamalar markazida bo‘ldi.

Bundan tashqari, soha olimlari va ekspertlari tomonidan qator dolzarb mavzularda tahliliy takliflar bildirildi. Jumladan, “O‘zbekistonda meva-sabzavotchilik marketingi bo‘yicha texnik ko‘mak” loyihasi eksperti, bosh marketolog Husan Haydarovning “Meva va sabzavot mahsulotlarni Germaniya bozoriga eksport qilish” bo‘yicha tayyorlagan taqdimotida O‘zbekistondan Germaniyaga ayni vaqtgacha asosan quritilgan sabzavotlar, sabzi, qovun va mayiz kabi mahsulotlar asosiy eksport qilingani, vaholanki, mamlakatda yetishtirilayotgan xo‘l mevalardan gilos, o‘rik, nok, shuningdek, quritilgan o‘rik, dukkaklilardan mosh va loviyalarga ham Yevropa bozorida talab borligi ma’lum qilindi.

meva-sabzavotchilik, фарғона

Loyiha bosh eksperti Abdumalik Rustamovning “Meva va sabzavot ekinlari mahalliy navlarini yetishtirish, ichki va tashqi bozorga chiqarishni yaxshilash tadbirlari” bo‘yicha ma’ruzasida esa navlarni o‘rganish va sohadagi muammolarga yechim topishdan, mahalliy navlarni o‘rganish jumladan, eksport salohiyatiga ega mahalliy sharoitga mos ekin navlari noan’anaviy ekinlar, assortimentni kengaytirishga qadar yo‘nalishlarda batafsil ma’lumotlar berib o‘tildi.

Qayd etilishicha, bugungi kunda fermerlar intensiv texnologiyalarni joriy qilmoqdalar, korxonalar yangi yo‘nalishlar va bozorlarni ochmoqdalar. Biroq, shunga qaramay, navlarga bo‘lgan haq-huquqlarni himoya qilish ro‘yxatga olish to‘lovlari, royalti to‘lovi (boshqalarning tayyor brendi yoki markasini ishlatish uchun to‘lov), sinovdan so‘ng navlar va duragaylarni moslashtirish hamda ilgari surish yuqori sifatli urug‘ va ko‘chatlarni tijorat maqsadida yetishtirishda uchrayotgan muammolarga yechimlar borasida forum mobaynida muxtasar to‘xtalib o‘tildi.

Shu bilan birga, tadbirda urug‘ va ko‘chat yetishtirish va uning eksportini rivojlantirish uchun qonunchilikni takomillashtirish borasida ham takliflar berildi.

Forum mobaynida “O‘zbekistonda meva-sabzavotchilik marketingi bo‘yicha texnik ko‘mak” loyihasi eksperti Parxod Nazarov, “Meva-sabzavotchilik sohasining bugungi holati va istiqbollari”, loyiha eksperti, marketolog Sardor Abasxanovning “Birlashgan Arab Amirliklari, Saudiya arabistoni, Qatar va Quvayt davlatlari bozoriga eksport qilish” ma’ruzalari yig‘ilganlarda katta qiziqish uyg‘otdi.