Farg‘ona viloyati Quvasoy shahrida bank xodimi 212,8 mln so‘m pulni talon-toroj qilgani aniqlandi, deya xabar bermoqda Bosh prokuraturasi huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti matbuot xizmati.

Ma’lum qilinishicha, “Xalq banki” Quvasoy filiali g‘aznachisi X.R. 2023-yilning may-iyun oylarida jami 212,8 mln so‘mni yaqin qarindoshi S.Sh. hamda o‘zining plastik kartasiga o‘tkazish yo‘li bilan talon-toroj qilgani aniqlangan. U o‘ziga biriktirilgan bankomatni naqd pul bilan to‘ldirish hamda seyf qismidagi kassetalarni olish uchun ruxsat berilganidan foydalanib ushbu ishni amalga oshirgan.

Holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 167-moddasi (O‘zlashtirish yoki rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Hozirda tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.