Prezident Shavkat Mirziyoyev 2-avgust kuni Chirchiqdagi qishloq xo‘jaligi mashinasozligi klasterini borib ko‘rdi.

Klaster davlat rahbarining 2021-yil 11-noyabrdagi qarori asosida tashkil etilgan. O‘shandan beri qariyb 38 ming kvadrat metr yangi inshootlar qurilib, 35 ming kvadrat metrdan ortiq mavjud binolar ta’mirlandi.

Klaster va “Toshkent traktor zavodi” korxonasini tashkil etish uchun Chirchiqqa 5 ta korxona ko‘chirilib, Toshkent qishloq xo‘jaligi mashinasozligi zavodi, Agregat zavodi, “Texnolog”, “Texnolog-Stan” va “Agrosanoatmashinvest” korxonalari quvvati optimallashtirildi.

Prezident matbuot xizmati xabariga ko‘ra, klaster yiliga 15 ming dona traktor, tirkama va boshqa texnikalarni ishlab chiqarish quvvatiga ega. Korxonada 1000 ta ishchi o‘rni yaratilgan.

Muhim jihat sifatida tarmoq korxonalari o‘rtasidagi kooperatsiyani kengaytirish, xarajatlar va mahsulot tannarxini kamaytirish ekani qayd etildi.

Klaster yaqinda birinchi mahalliy mahsulot — universal traktorni ishlab chiqardi. Toshkent traktor zavodi bosh direktori Azizbek Muxiddinovning aytishicha, uning mahalliylashtirish darajasi 25 foizni tashkil etadi (50 foizga yetkazish rejalashtirilgan), xususan, zavod traktorning kabinasi, kapoti va boshqa qismlarini ishlab chiqaradi.

qishloq xo‘jaligi texnikalarи klasterи

Shavkat Mirziyoyev “O‘zavtosanoat” rahbari Ulug‘bek Rozuqulov, Prezident administratsiyasi rahbari Sardor Umurzakov, bosh vazir Abdulla Aripov va boshqalar hamrohligida. Foto: prezident matbuot xizmati.

Shuningdek, g‘alla o‘rish kombaynini ishlab chiqarish ham yo‘lga qo‘yilmoqda. Shavkat Mirziyoyev avvalroq terim mashinasi to‘liq Germaniyadan olib kelingani, hozirda esa “100 foiz o‘zimizda ishlab chiqarish choralari ko‘rilayotgani”ni aytdi.

Prezident import qilinadigan mahsulotlarni mahalliylashtirish, bu jarayonga xususiy sektorni jalb etish muhimligini ta’kidladi.

“Qishloq xo‘jaligimizda texnikaga talab katta. Bizga arzon, muqobil, tejamkor texnika kerak. Buning uchun mahalliylashtirish va tannarx bo‘yicha ishlash zarur. Dehqonlarga arzon texnika yetkazib bermasak, manfaatdorlik bo‘lmaydi”, — dedi Shavkat Mirziyoyev.

Prezident Qashqadaryo, Jizzax va Sirdaryo viloyatlarida paxtani mashina bilan terish hajmi 50 foizga yaqinlashayotganini ta’kidladi. Olti oy davomida O‘zbekiston 550 mln dollardan ortiq qiymatdagi meva-sabzavot eksport qildi va yaqin kelajakda bu ko‘rsatkichni 2−3 mlrd dollarga yetkazish rejalashtirilmoqda.

“Qishloq xo‘jaligining barcha tarmoqlarida yana loyihalar ko‘p. Ularda mahsuldorlikni oshirish, odamlar mehnatini yengillashtirish uchun sifatli, xamyonbop texnikalar zarur”, — dedi prezident.

Davlat rahbari texnikaga texnik xizmat ko‘rsatish muhimligini ta’kidladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, klaster nafaqat sotishi, balki texnikalarga xizmat ko‘rsatishi ham kerak. Toshkent viloyati misolida xizmat ko‘rsatish markazlarini tashkil etish va sifatli xizmat ko‘rsatishni tashkil etish, yoshlarga texnikalarni ta’mirlashni bepul o‘rgatish vazifasi qo‘yildi.

Klasterda ilmiy markaz tashkil etilgan. Bu yerda Germaniya va Shvetsiya kompaniyalarining ta’lim markazlari bilan hamkorlikda uzluksiz dual ta’lim shaklidagi o‘quv jarayonlari yo‘lga qo‘yilgan. Shu bilan birga, oliy ta’lim muassasalari talabalari nazariy bilimlarini klasterda amaliyot bilan mustahkamlashi mumkin.

Qo‘shimcha qilinishicha, 20 ming kvadrat metr maydonda quyosh batareyalarini o‘rnatilgan. Bu klasterning elektr energiyasiga talabini 30 foizgacha qondirishi mumkin.

2022-yil yozida prezident qishloq xo‘jaligi texnikasini xarid qilish uchun 100 mln dollar imtiyozli kredit ajratish to‘g‘risidagi qarorni imzolagandi. Banklar imtiyozli davrni hisobga olgan holda 10 foiz stavkada milliy valyutada 10 yilgacha muddatga kreditlar beradi.