Toshkent viloyatining ikki tumani hokimi lavozimidan ozod qilindi. Viloyat hokimi Zoyir Mirzayevning 3-avgustda E-Qaror portalida qabul qilingan qarorlari bunga guvohlik bermoqda.

2-avgust kuni Zangiota tumani hokimi Abdivahob Tamikayev va Bekobod tumani hokimi Furqat Xudoyberdiyev o‘z lavozimidan ozod qilish to‘g‘risida ariza yozgan. Viloyat hokimi ularni egallab turgan lavozimidan ozod etib, bu haqdagi qarorlarni xalq deputatlari tuman Kengashlariga yuborgan.

Furqat Xudoyberdiyev va Abdivahob Tamikayev.Furqat Xudoyberdiyev va Abdivahob Tamikayev.

Abdivahob Tamikayev olti yil Zangiotani boshqardi — 2017-yilning iyulidan. Furqat Xudoyberdiyev esa 2020-yilning fevralidan Bekobod tumanini boshqarib kelayotgan edi.

O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev chorshanba kuni bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda Toshkent viloyati hokimining kambag‘allikni qisqartirish masalalari bo‘yicha birinchi o‘rinbosari, Qibray va Yangiyo‘l tumanlari hokimlari hamda ushbu tumanlar sektor mudirlarini lavozimidan ozod etish bo‘yicha topshiriq bergan edi. Shuningdek, viloyat hokimining yana ikki o‘rinbosariga hayfsan e’lon qilindi.

Davlat rahbari oxirgi uch yilda viloyatda sanoat mahsulotlari ishlab chiqarish hajmi 19 foizga oshib, 94 trln so‘mga yetganini ta’kidladi. Ammo shu davrda Bekobod tumanida bu ko‘rsatkich 3,6 foizga kamaygan. Shuningdek, o‘tgan yili Zangiota viloyatining viloyat sanoat ishlab chiqarishidagi ulushi 8,3 foizdan 3,5 foizga, elektrotexnika mahsulotlari eksporti ham kamaygan.