Sherzod Davlyatovich Kudbiyev O‘zbekiston Soliq qo‘mitasi raisi etib qayta tayinlandi. Uning lavomi o‘zgargani haqidagi ma’lumot amaldorning Facebook`dagi rasmiy sahifasida paydo bo‘ldi. Shuningdek, bu ma’lumotni “Gazeta.uz"ga hukumatdagi manba ham tasdiqladi.

Dekabr oyining oxirida, ma’muriy islohot e’lon qilinganidan va ba’zi vazirlik va idoralar birlashtirilgandan so‘ng, Kudbiyev iqtisodiyot va moliya vaziri bo‘lgandi, uni Moliya va iqtisodiyot vazirliklarining vazifalarini, Bojxona qo‘mitasi hamda Soliq qo‘mitasini o‘zida birlashtirgan “supervazirlik” rahabari deb atashayotgandi.

Sherzod Kudbiyev Davlat soliq qo‘mitasini 2020-yil may oyidan 2022-yil oxirigacha boshqargan. U bunga qadar prezidentning davlat xizmati va vakillik organlari bilan o‘zaro hamkorlik masalalari bo‘yicha maslahatchisi, bandlik va mehnat munosabatlari vaziri, Mirzo Ulug‘bek tumani hokimi va boshqa lavozimlarda ishlab kelgan.

Bir kun avval prezident Shavkat Mirziyoyev Toshkent viloyatida bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda budjet tushumlarini ta’minlash va tadbirkorlar faoliyatini tekshirishda yo‘l qo‘ygan kamchiliklari uchun Andijon va Sirdaryo viloyatlari soliq boshliqlari hamda Soliq qo‘mitasining yirik soliq to‘lovchilar bilan ishlash inspeksiyasi boshlig‘i vazifasini bajaruvchisini lavozimidan ozod qilishga topshiriq bergandi.

Davlat rahbari soliq tushumlari o‘sishiga qaramay, bu ko‘rsatkichlar “mavjud imkoniyatlardan ancha kam” ekanini ta’kidladi.

“Tan olish kerakki, o‘sib borayotgan iqtisodiyotimiz natijalari budjet daromadlarida to‘liq aks etmayapti. Buning uchun tadbirkorlarni ayblab bo‘lmaydi. Buning uchun soliq idoralari o‘z qarashlarini o‘zgartirishi kerak”, — dedi u.

Shuningdek, yig‘ilishda iqtisodiyot va moliya vazirining soliqqa mas’ul o‘rinbosari Dilshod Sultonov, Soliq qo‘mitasi raisi o‘rinbosarlari Mubin Mirzayev, Jahongir Abdiyev, Sirojiddin Eshmatov, Mirziyod Mahkamov, Toshkent shahar soliq boshqarmasi boshlig‘iga hayfsan e’lon qilishga ko‘rsatma berildi.