Markaziy bank raisi Mamarizo Nurmuratov 27-iyul kuni bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida O‘zbekistonda davlat banklarini xususiylashtirish nima sababdan kechiktirilayotganini izohladi, deya xabar berdi “Gazeta.uz” muxbiri.

Uning so‘zlariga ko‘ra, xususiylashtirish tez sodir bo‘ladigan jarayon emas: “Bu nafaqat bizning xohish va ehtiyojlarimizga, balki xorijiy investorlarning ishonchiga ham bog‘liq. Ochiq aytaman, 2022-yildagi geosiyosiy inqiroz postsovet mamlakatlari bozorlariga xorijiy investorlarning kirib kelishini cheklab qo‘ydi”.

Mamarizo Nurmuratov xususiylashtirish jarayonida eng muhimi banklarni transformatsiyaga tayyorlash, deb hisoblashini qayd etdi.

“Biz buni qanchalik tez bajarsak, banklarni sotishga shunchalik tezroq tayyorlaymiz. Bu haqiqat, Xalqaro valyuta jamg‘armasi, Jahon banki, Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki vakillari bilan bo‘lib o‘tgan uchrashuvlarda bu jarayon bir yildan ortiqroqqa cho‘zilishi mumkinligi ta’kidlandi”, — dedi u.

Markaziy bank rahbari xususiylashtirish jarayonining kechikishiga O‘zbekiston banklarining tayyorgarligi emas, balki xalqaro moliyaviy tanglik ta’sir ko‘rsatayotganini ta’kidladi.

Bu matbuot anjumanidan bir necha kun o‘tib O‘zbekiston prezidenti “Qishloq qurilish bank”, “Asakabank”, “Aloqabank”, “Agrobank” va boshqalar aksiyalarini xususiylashtirish va IPO`ga qo‘yish muddatini kechiktirishni nazarda tutuvchi farmonni imzoladi. Unga ko‘ra, “O‘zsanoatqurilishbank”dagi davlat ulushi 2024-yil oxirigacha 50 foizdan kamaytirilishi rejalashtirilgan, lekin dastlab davlat ulushi to‘liq auksionga qo‘yilishi rejalashtirilgandi.

Bugungi kunga qadar davlat ikki bankdagi ulushlarini sotdi. Vengriyaning OTP banki “Ipoteka-bank”ning egasiga aylangandi, bu bank o‘tgan yili Rossiyaning Ukrainaga qarshi urushi tufayli kelishuvni vaqtinchalik keyinga qoldirgandi. “O‘zagroeksportbank” esa yanvar oyida Support Level (Olimjon Shodiyevga tegishli) tomonidan xususiylashtirildi.