Farg‘ona shahrida erkak telefoniga javob bermagan Yandex haydovchisi mashinasining oynalarini tosh bilan sindirdi, deya xabar bermoqda viloyat Ichki ishlar boshqarmasi matbuot xizmati.

1-avgust kuni Farg‘ona shahrida yashovchi fuqaro Sh. S. Yandex Go firmasiga taksi buyurtma qilgan. Buyurtmani haydovchi Farg‘ona shahrida yashovchi, 21 yoshli I.R. qabul qilgan va birozdan so‘ng boshqaruvidagi Cobalt avtomashinasida S.Sh. turgan S.Temur ko‘chasiga yetib kelgan.

Biroq fuqaro haydovchining telefoni o‘chib qolgani va uning qo‘ng‘irog‘iga javob bermaganidan jahli chiqib, o‘zaro janjallashgan va haydovchining avtomashinasi oynalarini tosh bilan urib, sindirib yuborgan.

Hozirda holatning barcha ishtirokchilari shaxsiga oydinlik kiritilib, Farg‘ona shahar IIO FMB tomonidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda.

Shuningdek, mulkka yetkazilgan moddiy zarar miqdorini aniqlash bo‘yicha tegishli tartibda ekspertiza tayinlangan, deyiladi xabarda.