“Turkmaniston” kompaniyasi Moskva (Domodedovo)ga parvozlarni to‘xtatdi, deb xabar qildi aviakompaniya matbuot xizmati.

1-avgustdan boshlab Ashxobod-Moskva-Ashxobod reyslari to‘xtalib, ular o‘rniga Ashxobod-Qozon-Ashxobod reyslari amalga oshiriladi, deyiladi xabarda.

Qaror “Moskva havo zonasidagi holat munosabati bilan parvozlar xavfsizligini ta’minlash maqsadida xavflarni baholash” asosida qabul qilingan.

Ashxoboddan Moskvaga parvozlar uch haftaga — 22-avgustga qadar to‘xtatildi, deya ma’lum qilgan TASS agentli aviakompaniya kassasiga tayanib. Rossiyadan Turkmanistonga hozirda mamlakat aviakompaniyasidan tashqari Rossiyaning S7 kompaniyasi samolyotlari parvoz qilmoqda.

Biroq FlightRadar24 ma’lumotlariga ko‘ra, Turkmaniston aviakompaniyasi 2−3-avgust kunlari Domodedovo aeroportiga bir nechta reyslarni amalga oshiradi.

So‘nggi kunlarda Moskvaning Vnukovo aeroporti faoliyati uchuvchisiz samolyotlar hujumi tufayli ikki marta to‘xtatildi. 30-iyul kuni uchib kelish hamda ketish uchun tungi va ertalabki reyslarning bir nechtasi kechiktirildi. Ukraina dronlari tomonidan qilingan hujum oqibatida Moskva shahridagi ikkita ofis binosi zararlangan, qurbonlar va jarohatlanganlar bo‘lmagan.

TASS, shuningdek, “IQ-kvartal”dagi 50 qavatli binoda portlash sodir bo‘lgani haqida xabar bergan. Majmua hukumat idorasi va bir nechta vazirliklar va idoralarni, jumladan, Iqtisodiy rivojlanish vazirligi, Sanoat va savdo vazirligi, Raqamli rivojlanish vazirligi, Millatlar ishlari bo‘yicha federal agentlik, Rosakkreditatsiya va Rosstandart tashkilotlarini o‘z ichiga oladi.

1-avgustga o‘tar kechasi dronlar hujumi takrorlandi. Moskva meri Sergey Sobyaninning so‘zlariga ko‘ra, binoga avvalgi hujum paytidagi kabi zarar yetgan.

Vnukovo aeroportidan samolyotlar vaqtincha boshqa aeroportlarga, jumladan, Domodedovoga yo‘naltirilgan, keyin esa cheklovlar olib tashlangan.