1-avgust kuni tunda Buxoro shahrining Ibn Sino ko‘chasida joylashgan 2 qavatli savdo do‘konlarida yong‘in sodir bo‘ldi, deya xabar bermoqda viloyat Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi matbuot xizmati.

Soat 02:05 da viloyat FVB navbatchi dispetcherlik xizmatiga viloyat Milliy gvardiya xodimlari qo‘ng‘iroq qilib, Ibn Sino ko‘chasi yo‘l yoqasida joylashgan 2 qavatli savdo do‘konlari (xalq tilida eski PMK savdo majmuasi)da yong‘in sodir bo‘layotgani to‘g‘risida xabar bergan.

Voqea joyiga viloyat garnizonidan 11 ta yong‘in-qutqaruv ekipajlari hamda 7 ta hamkorlikdagi xizmatlarning texnikalari jalb etilgan. Yong‘in joyiga soat 02:07 da yetib borilib, savdo do‘konlarining taxminan 700 metr kvadrat maydonga tarqalib yonayotgani to‘g‘risida ma’lumot olingan va soat 03:11 da batamom o‘chirilgan.

Yong‘in oqibatida 15 ta do‘konning ichki tovar mahsulotlari va shift qismi yongan. Xuddi shu manzilda bo‘lgan “Buxoro markaziy dehqon bozori"ga qarashli 1 qavatli savdo pavilonidagi 8 ta savdo do‘konlari (jami 23 ta savdo do‘koni) ichida bo‘lgan tovar moddiy boyliklari va do‘kon jihozlari yonib zarar ko‘rgan.

Yong‘indan bozor tasarrufidagi pavilon va savdo do‘konlarining 10 ming metr kvadrat maydoni saqlab qolingan. Hodisa oqibatida insonlarning halok bo‘lish va tan jarohati olish holatlari qayd etilmagan. Sodir bo‘lgan yong‘in yuzasidan viloyat IIB va FVB tomonidan tergovga qadar tekshiruv ishlari olib borilmoqda.