29-iyulga o‘tar kechasi Toshkentning Bunyodkor shohko‘chasida YTH sodir bo‘ldi, oqibatda to‘rt kishi jabrlandi.

Poytaxt IIBB YHXB matbuot xizmati xabariga ko‘ra, uchta yengil avtomobil — ikkita Lacetti va Cobalt avtomobillari to‘qnashib ketgan.

Lacetti avtomashinalaridan birining haydovchisi va uch nafar yo‘lovchisi turli darajadagi tan jarohatlari olib, shifoxonaga yotqizilgan.

Bir kun avval O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev juma kuni Farg‘onada bo‘lib o‘tgan Ichki ishlar vazirligi hay’ati yig‘ilishida yo‘l harakati xavfsizligi sohasi holatini tanqid qilgandi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, yilning birinchi yarmida mamlakatda 4 mingga yaqin YTH hodisa qayd etilgan, ularda 873 kishi halok bo‘lgan, 3,5 mingdan ortiq kishi jarohatlangan.

“E’tibor bering, 48 foiz avariyalarning sababi yo‘l infratuzilmasidagi kamchiliklar hisoblanadi”, — degan prezident.