Farg‘onada o‘tgan IIVning kengaytirilgan yig‘ilishida prezident Shavkat Mirziyoyev Yoshlar ishlari agentligi, huquq-tartibot idoralari Qo‘qondagi vaziyatni jilovlashda e’tiborsizlik va sustkashlikka yo‘l qo‘yayotganini tanqid qildi. Bu haqda davlat rahbarining matbuot kotibi xabar berdi.

Ma’lum qilinishicha, viloyatda og‘ir jinoyatlarning 20 foizini va o‘ta og‘ir jinoyatlarning 43 foizini aynan Qo‘qon shahridagi voyaga yetmaganlar sodir etgan. Achinarlisi, 47 nafar maktab va 18 nafar kollej o‘quvchilari jinoyatga qo‘l urgan. “Bu butun respublika bo‘yicha eng yomon ko‘rsatkich hisoblanadi”, dedi prezident.

Shuningdek, davlat rahbari boshqa viloyatlarda ham yoshlar bilan ishlashni o‘z holiga tashlab qo‘ygani uchun Sirdaryo va Navoiy viloyatlari hokimlarining yoshlar siyosati bo‘yicha o‘rinbosarlari Sh. Zayniddinov va Ya.Dushanov hamda Sirdaryo viloyat ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘ining jamoat tartibini saqlash bo‘yicha o‘rinbosarini lavozimidan ozod etdi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq prezident ushbu yig‘ilishda 15 ta tuman (3 tasi poytaxtda) IIB boshliqlari va 5 ta tuman prokurorlarini lavozimidan ozod qilgani haqida xabar bergan edik. Shuningdek, bosh prokuror birinchi o‘rinbosari va IIV rahbarining ikki o‘rinbosariga hayfsan berildi, raqamlashtirish uchun mas’ul o‘rinbosar Najmiddin To‘raxojayev egallab turgan lavozimidan ozod qilindi.

Bundan tashqari, davlat rahbari yaqinda Farg‘onada 11 yoshli qizchaning murdasi zo‘rlash va qotillik alomatlari bilan topilganini ham tilga oldi. “Bu holat vaziyat qanchalik og‘irligini ko‘rsatib turibdi”, deya ta’kidlagan Mirziyoyev ayrim mahallalarda xotin-qizlar faollari instituti kutilgan natijani bermayotganini qayd etdi.