Muallifning eslatmasi: Oldingi “Boshqalarning qarzlari yuki” ruknida ko‘tarilgan QQSni qaytarish bo‘yicha bahslarni davom ettirish uchun yana bir nechta savollar. Shunga qaramay, kichik korxonamizning alohida misolidan foydalanib, bu jarayonda umumiy muammolarni ko‘rsatishga harakat qilaman. Ehtimol, boshqa korxonalar ham buni boshdan kechirayotgandir.

Avvalgi kolonkada o‘tgan yil davomida 2021-yil uchun qo‘shilgan qiymat solig‘i bo‘yicha ortiqcha to‘lovlarni qaytarish uchun bir necha bor murojaat qilganimiz va barcha arizalar rad etilganini aytib o‘tgandim.

Shahar soliq boshqarmasi (SHSB)ning barcha “rad etish” xatlarida “QQS uzilishi koeffitsiyenti” ga muvofiq qaytarib berish miqdorini to‘g‘rilash talabi (to‘g‘ridan-to‘g‘ri yoki bilvosita) mavjud edi.

Lekin nafaqat bu, balki boshqa nuanslar ham bor edi. Har safar yangi.

Birinchi murojaatimizga javoban SHSB bizga (16.07.2022-yildagi 19/9−138140-son xat) talab qilingan QQSni qaytarishni Kontragentlar reyestrining “Tuzatish kiritish lozim bo‘lgan hisobga (zachyot) olingan QQS miqdori” bandida ko‘rsatilgan miqdorga kamaytirishni taklif qildi. Bu har bir kontragentning “QQS uzilishi koeffitsiyenti”ga to‘liq proporsional miqdor. So‘ralgan chegirma 2021-yilgi hisobotimizdagi umumiy salbiy QQSning taxminan 15 foizini tashkil etdi.

Va biz buni amalga oshirdik — keyingi arizada biz ushbu so‘ralgan chegirma bilan QQSni qaytarish miqdorini kamaytirdik.

Va navbatdagi rad etish xatini (19.08.2022-yildagi 19/9−167248-sonli xat) oldik, lekin boshqacha tahrirda — bu safar go‘yoki bizning kontragentlarimizdan korxona tomonidan hisoblangan QQSning deyarli 100 foizi budjetga kelib tushmagan.

Xuddi shu davr uchun! Vaholanki oldingi xatda bizga kontragentlardan tasdiqlanmagan QQS to‘lovlari 15 foiz ekani ko‘rsatilgan edi.

Uchinchi rad etish xatida (09.06.2022-yildagi 19/9−185335-son) esa bizga shunchaki rad etish sababi birinchi ariza berilgan sanadagi koeffitsiyentning yuqori qiymati bo‘lgani aytildi (haqiqatan ham o‘sha davrda “koeffitsiyent” qiymati 0,4 ga teng edi).

2021-yilda kontragentlarimizdan budjetga QQSning qancha ulushi tushmagani tushunarsiz — 15 foizimi, 40 foizimi (0,4 qiymatli “koeffitsiyent”ga muvofiq bo‘lishi kerak) yoki qariyb 100 foizi (№ 19/9−167248 sonli xatda ko‘rsatilganidek).

2023-yilda esa korxonamizning koeffitsiyent qiymati 0,1, ammo natija o‘sha-o‘sha — rad, rad…

Endi esa kelgusida rad etish uchun sabab topilgandek, go‘yo bizga so‘ralgan hujjatlarni taqdim etmaslik to‘g‘risidagi “yangilik” paydo bo‘ldi, vaholanki barcha hujjatlar o‘z vaqtida topshirilgan va buni shaxsiy kabinetda ham ko‘rish mumkin.

Normativ hujjatlarda nima deyilgan?

QQSni qaytarishni rad etish sabablari hukumatning 2020-yil 14-avgustdagi 489-sonli qaroriga 1-ilovaning 25-bandida keltirilgan.

Unda rad etish uchun 12 ta asos keltirilgan. Va bu 12 ta asosda qanchadir miqdordagi “koeffitsiyent” ko‘rsatkichining o‘zi QQSni qaytarishni to‘liq rad etish uchun asos ekanligi haqida hech narsa aytilmagan.

Biroq, SHSBning 19/9−185335-sonli xatida aynan shunday yozilgan. Buni qanday tushunish mumkin?

Shu bilan birga, xuddi shu normativ hujjatlar qisman rad etishga imkon beradi. QQSni qaytarishning so‘ralgan summasini qisman rad etish imkoniyati to‘g‘ridan-to‘g‘ri 489-sonli VMQ 1-ilovasining 22, 23, 25, 27 va 29-bandlarida ko‘rsatilgan.

Soliq kodeksining 138-moddasi 23-qismida tom ma’noda quyidagilar belgilangan: “Qo‘shilgan qiymat solig‘i summasini qoplashga nisbatan kameral soliq tekshiruvi natijalariga ko‘ra soliq organlari ushbu summani qoplash to‘g‘risidagi qaror yoxud ularni qoplashni rad etish (to‘liq yoki qisman) to‘g‘risidagi asoslantirilgan qaror qabul qiladi”.

Qisman rad qilish bir vaqtning o‘zida so‘ralgan miqdorni qisman qaytarish imkoniyatini anglatadi!

Aynan shuning uchun QQS bo‘yicha ortiqcha to‘lovlarni qoplash to‘g‘risidagi arizalarni ko‘rib chiqishda — QQS hisobotlarining asosliligi va to‘g‘riligini tekshirish uchun kameral tekshiruvi tayinlanadi.

Biror narsani tasdiqlash va, ehtimol, biror narsani rad etish (bunday tekshirish majburiyati Soliq kodeksining 138-moddasi 22-qismida belgilangan) uchun.

Shunday qilib, QQSni qaytarish tartibi juda sodda, aniq va to‘liq yozilgan:

1. Hisobot davri oxirida QQS summasi manfiy bo‘lsa, soliq to‘lovchi ortiqcha to‘lovni qoplash uchun ariza berishga haqli (Soliq kodeksining 272-moddasi 3-qismi).

2. Soliq to‘lovchi pul mablag‘larini qaytarish to‘g‘risida ariza bilan murojaat qilganda soliq organlari soliq to‘lovchining hisobotini kameral tekshirishdan o‘tkazadi (Soliq kodeksining 138-moddasi 22-qismi).

3. Bunday tekshirish natijasida zararni qoplash yoki qoplashni rad etish to‘g‘risida qaror qabul qilinadi. Bunday holda, rad etish to‘liq yoki qisman bo‘lishi mumkin (Soliq kodeksining 138-moddasi 23-qismi). Kompensatsiya ham to‘liq, ham qisman bo‘lishi mumkin (Soliq kodeksining 274-moddasi 3-qismi).

4. Rad etishning ehtimoliy sabablari 489-sonli VMQ 1-ilovasining 25-bandida ko‘rsatilgan.

5. “Qisman rad etish” nimani anglatadi? Qolgan qismida (rad etilmagan) QQS miqdorini hisoblash to‘g‘ri deb tan olingan va bu summa qaytarilishi kerak!

Yoki “qisman rad etish” so‘zlari ma’nosining boshqa talqini ham bormi? Buning ustiga Soliq kodeksining 274-moddasi 3-qismi hech qanday semantik izohlarsiz to‘g‘ridan-to‘g‘ri aniq qilib qisman qoplab berish qilish imkoniyatini belgilaydi.

Lekin ba’zi sabablarga ko‘ra amalda soliq organlari Soliq kodeksida belgilangan qisman qoplab berish imkoniyatini o‘jarlik bilan qo‘llamaydi va har qanday sababga ko‘ra pulni qaytarish uchun arizalarni to‘liq rad etadilar. Nega bunday?

Darvoqe, 138-moddaning yuqorida qayd etilgan 22-qismida “Qo‘shilgan qiymat solig‘i summasi o‘rnini qoplashga nisbatan kameral soliq tekshiruvi natijalariga ko‘ra soliq hisobotiga o‘zgartishlar kiritish haqidagi talabnoma yozib berilmaydi”, deb yozib qo‘yilgan.

Vaziyatni tushunyapsizmi? Soliq kodeksida (!) QQSni hisoblashni tuzatish talabi berilmagani ko‘rsatilgan. Ammo QQSni qaytarish bo‘yicha so‘rovlarimizga SHSBning qariyb har bir javobida tuzatish kiritish talabi beriladi (bu faqat menga g‘alati tuyuladimi?).

Nima qilish kerak?

QQS miqdorini hisoblashga tuzatish kiritish to‘g‘risidagi topshiriqdan so‘ng, to‘lovni qaytarish uchun (belgilangan tuzatishni hisobga olgan holda) yana ariza berish talab qilinadi va mos ravishda yana kameral tekshiruv tayinlanadi hamda bunday arizalarni ko‘rib chiqish muddati (60 kungacha) yana hisoblab chiqiladi.

Ammo shu bilan birga, keyingi rad etish uchun dalillar allaqachon boshqacha bo‘lishi mumkin (bizning korxonamizda rad etish uchun dalillar har doim o‘zgargan).

Shunday qilib, bir yil o‘tdi.

Ammo bu qoidalar bilan belgilanadimi? Yo‘q. Mana nimalar yozilgan: agar soliq organi qaytarish so‘ralgan miqdorning bir qismini asossiz deb hisoblasa, o‘sha qism rad etiladi. Biroq qolgan qismi bo‘yicha (asoslangan) qisman tovon to‘lash to‘g‘risida qaror albatta qabul qilinishi kerak.

Soliq kodeksida (274-moddaning 3-qismida) shunday yozilgan. 489-sonli VMQ 1-ilovasi 28-bandining oxirgi xatboshida esa so‘zma-so‘z shunday yozilgan: “Arizani qayta ko‘rib chiqishda soliq summasini qaytarishni avvalgi rad etish to‘g‘risidagi qarorda ko‘rsatilmagan yangi asoslar bilan rad etishga yo‘l qo‘yilmaydi”.

Bizning holatlarimizda, har bir keyingi SHSB javobida aynan shunday bo‘ladi.

Oddiy savol tug‘iladi: normativ hujjatlar nima uchun mavjud? Agar ular bajarilmasa. Buning ustiga soliq ma’muriyatchiligiga oid har qanday normativ hujjatlarni ishlab chiqish va tasdiqlash jarayonida Davlat soliq qo‘mitasining o‘zi tashabbus va bevosita ishtirokida amalga oshirilsa. O‘zimizni tayyorlaymizu o‘zimiz ijro etmaymizmi?

Xulosa qilib aytganda, yana bir bor yuqorida aytib o‘tilgan me’yoriy hujjatlarning mazmunini to‘g‘ri tushunmaganimni taxmin qilaman.

Tan olaman, u yerda yozilganlar men harflar va so‘zlardan ko‘ra boshqacha ma’noga ega.

Tan olaman, u yerda nima yozilganini noto‘g‘ri tushunaman va soliq organlari to‘g‘ri tushunishadi (bu SHSBning korxonamizga yuborilgan javob xatlari matnlarida aks ettirilgan)

Shunda men bu yerda aytgan hayratim ahmoqlik va xatomi?

P. S. 2020-yil 14-avgustdagi 489-sonli VMQ 1-ilovasi 25-bandi haqida alohida. Unda QQSni qaytarishni rad etishning 12 sababi keltirilgan. Ushbu hujjatning asl nusxasida rad etish uchun atigi 6 ta sabab bor, qolganlari esa 2021-yilda qo‘shilgan.

Vladimir Srapionov — Toshkentdagi korxonalardan birining direktori.

Muallif fikri tahririyat nuqtai nazarini ifodalamasligi mumkin.