Sirdaryo viloyati hokimi o‘rinbosarlariga, tuman va shahar hokimlariga jami 16 ta Tracker avtomashinasini xarid qilish uchun 4 mlrd so‘m ajratilishi rejalashtirilayotgani xabar qilingandi. Viloyat hokimi Akmal Mahmudaliyev 12-iyul kuni (ko‘plab viloyatlardan farqli ravishda) jonli efirda bo‘lib o‘tgan viloyat kengashi sessiyasida yangi avtomobillar xarid qilish nima uchun kerakligini tushuntirdi.

“Ochig‘ini aytish kerak, men bu masalani hukumat darajasiga ko‘tardim, sababi biz hududlarga chiqyapmiz. Tumanda o‘zimiz ham ishlaganmiz. Men buni tahlil qildirdim. Hokimlar dalalarga, qishloq xo‘jaligi, qurilish obyektlariga boradi. Kunda-kunora xar bitta mashinasi harajat, 2016−2017-yillardagi mashinalar… Bu bitta narsa, ikkinchisi, baribir ishlayotgan odamlarga ozgina motivatsiya kerak… Ayrim tumanlarda transport masalasi bo‘lgani uchun [hokimlar] klasterlarning mashinasida yuribdi. Ertaga bu manfaatlar to‘qnashuviga olib kelmaydimi? Bunday bo‘lmasligiga kim kafolat beradi?.. Ulardan talab qilishim uchun avvalo shart-sharoit yaratib berish kerak”, — dedi hokim.

Ma’lumot o‘rnida, 16 ta Tracker avtomashinasini xarid qilish uchun 4 mlrd so‘m ajratilishi bo‘yicha Sirdaryo viloyati xalq deputatlari kengashining qarori loyihasi 11-iyuldan 26-iyulgacha Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portaliga joylashtirilgandi. 27-iyul kuni esa kengash mazkur qarorni qabul qildi.

2021-yil aprel oyida O‘zbekiston hukumati davlat organlari rahbarlariga biriktirilgan xizmat avtomashinalarining eng yuqori narxini tasdiqlagandi. Vazirlar, davlat qo‘mitalari rahbarlari, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlariga biriktirilgan xizmat avtotransportlarining eng yuqori narxi BHMning 2000 baravaridan (660 mln so‘m), dvigatel hajmi esa 4000 kub. sm. dan oshmasligi kerak. O‘rinbosarlar mashinalarining narxi BHMning 1500 baravaridan (495 mln so‘m), dvigatel hajmi esa 2500 kub. sm. dan oshmasligi kerak. Tumanlar hokimlari uchun limit BHMning 1000 baravari (330 million so‘m) etib belgilangan.