Markaziy bank jismoniy shaxslarning muddati o‘tgan qarzdorliklarini undirishda ularning manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha tavsiyalar ishlab chiqqani xabar qilingandi. Markaziy bank raisi Mamarizo Nurmuratov 27-iyul kungi matbuot anjumanida regulyator tomonidan bunday tavsiyalar ishlab chiqilganiga izoh berdi.

Regulyator rahbarining aytishicha, bundan asosiy maqsad shanba, yakshanba kunlari va kechki vaqtda bankirlar uyma-uy yurganini tartibga solish, ularning ishdan tashqari vaqtida ishlashining oldini olish hisoblanadi.

“O‘zlaring yozganlaringdek, shanba, yakshanba kunlari va kechasi bankirlar uyma-uy yuribdi, degan xulosalar bor edi. Bizning asosiy maqsadimiz o‘shani tartibga solish. Ya’ni nafaqat mijozni kechasi bezovta qilmaslik, balki bank xodimi ham kechasi yurmasin, degan ma’noda qilingan xatti-harakatlar”, — dedi Markaziy bank raisi.

Qayd etilishicha, bu masalada gap kollektorlar faoliyati to‘g‘risida ketayotgani yo‘q.

Shuningdek, Mamarizo Nurmuratov tavsiyalar Rossiya qonunlariga o‘xshashligi haqidagi fikrlarga ham munosabat bildirdi.

“Butun jahonda e’tirof etilgan bank tizimini shakllantiryapmiz. O‘sha butun jahon e’tirof etgan bank tizimidagi qonun-qoidalardan o‘zimizga olyapmiz. Ya’ni boshqalar 30 yil yoki 100 yillik tajriba davomida shakllantirgan me’yorlarni biz yangidan o‘ylab topishimiz kerak emas. Bevosita Rossiyanikiga to‘xtaladigan bo‘lsak, Moliyaviy inklyuzivlik agentligi bor, unga biz ham a’zomiz, ularning tavsiyalariga binoan ham muammoli qarzlar bilan ishlash bo‘yicha eng samarali tizimlardan biri Rossiyaniki hisoblanadi. Biz ularning ham tajribasini o‘rganamiz”, — dedi regulyator rahbari.

Muammoli kreditlar summasi o‘zgarmayotgani haqidagi savolga Mamarizo Nurmuratov quyidagicha javob berdi.

“Bunga nisbiy qarashimiz kerak, kreditlar qoldig‘ining o‘sish darajasi yuqori bo‘lib turganda, biz aytayotgan o‘sha 3,5 foizlik norma (muammoli kreditlarning umumiy kreditlar portfelidagi ulushi) bugungi kundagi sharoitimizda normal deb qaraladi. Xalqaro me’yorlarga asosan umumiy kredit portfelida muammoli kreditlar ulushi 4 foizgacha bo‘lsa, normal qabul qilinadi. Shuning uchun o‘zgarish bo‘lmayapti, deyishimiz juda noto‘g‘ri, chunki biz buni doimiy tahlil qilamiz”, — dedi Mamarizo Nurmuratov.

Markaziy bank raisining qayd etishicha, qaysi banklarda muammoli kreditlar ulushi oshsa, regulyator unga nisbatan kreditlar ajratishni cheklash va depozitlar jalb qilish bo‘yicha ma’lum talablarni qo‘yib boryapti.

“Shaxsiy fikrimcha, agar jamiyatda xususiy mulk ustuvor bo‘lsagina kollektorlik keng rivojlanib, o‘zining samarasini berishi mumkin. Shu nuqtai nazardan kelib chiqib, bizning bu boradagi o‘rganishlarimiz davom etyapti. Hozircha yakuniy xulosani aytishga sal vaqtli deb o‘ylayman. Bu bo‘yicha o‘rganishlarimiz yakunlangandan keyin axborotni, albatta, yetkazamiz”, — dedi kollektorlik xizmati haqida regulyator rahbari.

Eslatib o‘tamiz, moliyachi Otabek Bakirov Markaziy bank tomonidan e’lon qilingan tavsiyalarni “yomon” deb atagandi.

Uning yozishicha, hujjat bilan batafsil tanishgan odam mazkur tavsiyalar Rossiya Federatsiyasining 03.07.2016-yildagi 230-Federal qonunining ikkinchi bobi va bir necha boshqa moddalarining ayni tarjimasi ekaniga guvoh bo‘lishi mumkin.

Moliyachi bu tavsiyalarni salbiy baholayotganini bir nechta faktorlar bilan izohlagan.

Otabek Bakirov Rossiyada hujjat bir necha yillik muhokamalardan keyin qonun darajasida qabul qilinganini eslatgan. O‘zbekistonda esa bu tavsiyalar Adliya vazirligidan ro‘yxatdan o‘tmagan, ya’ni me’yoriy-huquqiy hujjat maqomiga ega emas. Lekin hujjat tijorat banklariga va mikromoliyalash tashkilotlariga ishda qo‘llash va ijro uchun yuborilgan.

Yana bir faktor sifatida moliyachi Rossiyadagi qonun kollektorlik tashkilotlari (qarz qaytarish bilan shug‘ullanuvchi professionallar) va yomon qarzdorlar o‘rtasidagi munosabatlarni tartibga solganini qayd etgan. Ya’ni qonunga zaruriyat kollektorlik faoliyatiga ruxsat berilgandan keyin paydo bo‘lgan.

Bundan tashqari, bunday tavsiyalarning qabul qilinishi qarzdorlarning ba’zi toifasi uchun qurolga aylanishi mumkinligi aytilgan.

“Markaziy bank shu eng yomon qarzdorlar toifasi qo‘liga nima berib qo‘yganini, banklar va mikromoliyalash tashkilotlari boshiga qanaqa kulfat yaratganini juda tez orada anglaydi. Lekin kech bo‘ladi”, — degan mutaxassis.