Amerikaning JPMorgan banki oltin narxi 2023-yil oxirigacha bir unsiya uchun 2000 dollardan oshib, 2024-yilda rekord darajadagi 2175 dollarni tashkil etishini bashorat qilmoqda, deya xabar bermoqda RBK Bloomberg agentligiga tayanib.

Bankning global xom ashyo tovarlari bo‘yicha tadqiqotlar departamenti ijrochi direktori Greg Shirerning ma’lum qilishicha, AQSh Federal zaxira tizimi (FZT) tomonidan foiz stavkalarining tushirilishi oltin narxining oshishiga “drayver” vazifasini bajaradi. Uning so‘zlariga ko‘ra, bu keyingi yilning ikkinchi choragida sodir bo‘lishi kerak. Ayni paytda AQSh markaziy banki vazifasini bajaruvchi FZT inflyatsiyani jilovlash maqsadida asosiy stavkani oshirishda davom etmoqda. FZT yaqinda stavkalar diapazonini yiliga 5,25−5,5% gacha oshirdi — bu so‘nggi 22 yildagi eng yuqori ko‘rsatkichdir.

“Biz hozir juda qulay holatdamiz hamda oltin va kumushga uzoq muddatli sarmoya kiritish diversifikatsiya vazifasini o‘taydi va kelgusi 12−18 oy ichida yaxshi natijalarni ko‘rsatishiga ishonamiz”, — dedi Shirer.

RBK ma’lumotlariga ko‘ra, so‘nggi 12 oy ichida oltin taxminan 15 foizga oshgan. Bunga AQSh stavkalarini oshirish sikli yaqinlashib kelayotgani va jahon markaziy banklari tomonidan rekord miqdorda oltin sotib olingani yordam berdi. Butunjahon oltin kengashi (World Gold Council) ma’lumotlariga ko‘ra, 2023-yilning yanvar-mart oylarida jahon markaziy banklari zaxiralarni to‘ldirish uchun 228 tonna qimmatbaho metal sotib olgan.

Avvalroq “Gazeta.uz” 1-iyul holatiga ko‘ra, O‘zbekiston za[iralaridagi oltinning fizik hajmi 0,2 mln troya unsiyasiga (6,2 tonna) oshib, 12,1 mln troya unsiyasiga (taxminan 376,3 tonna) yetgani haqida yozgan edi. Biroq kotirovkalar tushishi fonida mamlakat oltin zaxiralarining qiymati 23,08 mlrd dollargacha tushib ketdi.