26-iyul kuni O‘zbekistonda bir kunlik elektr energiyasi iste’moli bo‘yicha rekord o‘rnatildi, deb xabar berdi Energetika vazirligi matbuot xizmati.

Kun davomida 250,7 million kVt/soat elektr energiyasi iste’mol qilindi, bu o‘tgan yilning shu kunidagiga nisbatan 5,8 foizga ko‘p — 236,9 million kVt/soatni tashkil etgandi.

Avvalgi rekord 12-iyulda o‘rnatilgan — 247,5 million kVt/soat. 26-iyul kuni soatiga iste’mol 12,3 ming MVtga yaqin yoki o‘tgan yilning shu sanasiga nisbatan 1500 MVtga (+14,1 foiz) ko‘p bo‘ldi.

2022-yilda maksimal elektr energiyasi iste’moli 27-iyulda qayd etilgan bo‘lib, u 239 million kVt/soatni (kunduzi soatiga 10,8 ming MVt) tashkil etgan.

O‘zbekiston energetika tizimining elektr stansiyalari tomonidan kunlik elektr energiyasi ishlab chiqarish hajmi 243,9 million kVt/soatni tashkil etdi. Bu 2022-yilning shu kunidagidan 21,5 million kVt/soatga (+9,6 foiz) ko‘pdir.

Energetika vazirligi yuqori havo haroratida elektr tarmoqlarining o‘tkazuvchanligi 25% gacha qisqarishini eslatdi, bu tarmoqlarning fizik xususiyatlari bilan bog‘liq. “Agar bunday hollarda majburiy cheklovlar joriy etilmasa, yirik hajmdagi avariyalar yuz berishi mumkin”, — deyiladi vazirlik xabarida.

“Iste’molchilardan tarmoqda keng ko‘lamli nosozliklar yuzaga kelishining oldini oladigan, ancha uzoq vaqt tuzatishni talab qiladigan holgacha yetib bormaslik uchun qisqa muddatga elektr energiyasini uzib turishga to‘g‘ri keladigan bunday zaruriy choralar bugun o‘ta muhim ekanini to‘g‘ri tushunishlarini va qo‘llab-quvvatlashlarini so‘raymiz”, — deyiladi Energetika vazirligi xabarida.

Aholidan tejamkorlikka rioya qilish, elektr jihozlaridan asossiz foydalanmaslik, shu orqali tarmoq yuklanishining ortishi, avariya va uzilishlarning oldini olishga hissa qo‘shish so‘ralgan.