Markaziy bank raisi Mamarizo Nurmuratov O‘zbekistonda yilning birinchi yarmida budjet xarajatlari ortgani gaz importi hajmi oshishi bilan bog‘liq ekanini ta’kidladi, deya xabar bermoqda “Gazeta.uz” muxbiri Markaziy bank matbuot anjumanidan.

“Gazeta.uz” yanvarning 8 kunida davlat budjeti xarajatlari daromaddan 2,3 baravar ortib, defitsit 5,5 trln so‘mga yetgani, bu 2023-yil uchun defitsit kutilmasining beshdan bir qismidan ko‘proq (25,1 trln so‘m) ekani haqida yozgandi. Vazirlik ushbu sanadan keyin daromad va xarajatlar bo‘yicha ma’lumot berishni to‘xtatib qo‘ydi.

Keyinchalik vazirlik defitsitning 5,5 trln so‘mga yetishini sovuqdan jabr ko‘rgan 30 ming tadbirkorning soliq qarzdorligi o‘sishi hamda ish haqi, pensiya va nafaqalarning moliyalashtirilishi bilan izohlagandi.

Markaziy bank boshqaruvining 27-iyuldagi yig‘ilishi bayonotida o‘rta muddatli istiqbolda iqtisodiyotda narxlar barqarorligini ta’minlash uchun pul-kredit va fiskal siyosatlarni o‘zaro uyg‘un holda olib borish maqsadlaridan kelib chiqib, budjet defitsitini belgilangan parametrlar darajasidan oshmasligini ta’minlash muhim ahamiyat kasb etishi qayd etildi.

Matbuot anjumanida regulyator rahbariga Spot.uz muxbiri budjet defitsiti narxlar barqarorligiga ta’sir qilishidan kelib chiqib, Markaziy bank Iqtisodiyot va moliya vazirligi bilan qanchalik yaqin aloqada bo‘lib turgani haqida savol berdi.

Regulyator raxbari bu savolga quyidagicha javob berdi: “Biz Iqtisodiyot va moliya vazirligi bilan yaqin aloqadamiz. budjet bo‘yicha ma’lumotlarni esa doim ko‘rib turamiz. Ya’ni yagona g‘azna raqamiga biz orqali xizmat ko‘rsatiladi va biz bu jarayonni kuzata olamiz. Ta’kidlab o‘tishim kerakki, harajatlarning birinchi yarim yillikda boshqa yillardagi bilan solishtirganda ortgani birinchi navbatda gaz importi hajmi oshishi bilan bog‘liq”, — dedi Mamarizo Nurmuratov.

Markaziy bank raisi gazning jahon bozoridagi, ya’ni shartnomlarda ko‘rsatilganidagi narxi bilan ichki narx o‘rtasidagi tafovut budjet hisobidan qoplanishini qo‘shimcha qildi. “Shunday obyektiv shartlar sabab birinchi yarim yillikdagi xarajatlar avvalgi yillar bilan solishtirganda biroz ko‘proq bo‘ldi”.

U regulyator hamda Iqtisodiyot va moliya vazirligi harakatlari koordinatsiyasi haqida gapirib, tashkilot har oy o‘zining budjet bo‘yicha ham, inflyatsiya bo‘yicha ham qarashlari yuzasidan vazirlikka ma’lumot jo‘natishini ta’kidlab o‘tdi.

“Ya’ni koordinatsiya mavjud. Va umid qilamanki, kelajakda ham bizning o‘rtamizdagi aloqa bundan ham kengayib boradi”, — dedi regulyator rahbari.

Ma’lumot o‘rnida, O‘zbekiston yilning dastlabki uch oyida 152,9 mln dollarlik gaz import qilgan, biroq yetkazib berish hajmining deyarli hammasi mart oyiga to‘g‘ri kelgan — 151,2 mln dollar.