25-iyul kuni Jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent shahar Mirobod tumani sudi sudyasi Sardorbek Sodiqov raisligida bloger Abduqodir Mo‘minovga nisbatan jinoyat ishini ko‘rib chiqish boshlandi, deb xabar qildi O‘zbekiston Oliy sudi matbuot xizmati.

YouTube platformasidagi 247 ming obunachiga ega “Ko‘zgu” sahifasi muallifi, bloger Abduqodir Mo‘minov (1990-yilda tug‘ilgan) Jinoyat kodeksining:

  • 141−1-moddasi (shaxsiy hayot daxlsizligini buzish) 2-qismi “a”, “b” bandlari;
  • 165-moddasi (tovlamachilik) 3-qismi “a” bandi;
  • 168-moddasi (firibgarlik) 3-qismi “b”, “v” bandlari, 4-qismi “a” bandi;
  • 189-moddasi (savdo yoki xizmat ko‘rsatish qoidalarini buzish) 1-qismi;
  • 28, 211-moddasi (pora berishda ishtirokchilik) 3-qismi “a” bandida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda ayblanmoqda.

Jinoyat ishi bo‘yicha 14 nafar jabrlanuvchi mavjud bo‘lib, jinoyat oqibatida ularga jami 903 421 567,5 so‘m miqdorida moddiy zarar yetkazilgani aniqlangan.

Daryo.uz qayd etishicha, sud tergovida Abduqodir Mo‘minov talabiga binoan jabrlanuvchilarni eshitilgan.

Dastlab so‘z olib, jabrlanuvchi ekanini aytgan Zomin davlat qo‘riqxonasi direktori o‘rinbosari A.T. bloger qo‘riqxona faoliyatiga oid tanqidiy videoga ega bo‘lganini qo‘riqxona direktoriga aytib, mazkur videoni YouTube`da chiqarmaslik uchun katta miqdorda, dastlab 70 ming, so‘ng 60 ming va yakunda 45 ming dollar so‘raganini aytgan.

Ayblov borasida fikr bildirgan sudlanuvchi qo‘riqxona faoliyatiga oid tanqidiy videoga ega bo‘lganini, bu borada qo‘riqxona direktoridan izoh so‘raganini tasdiqladi. Ammo so‘ralgan pul ularning takroriy iltimoslari va “aka, xizmat bo‘lsa qilamiz”, degan takalluflariga javoban yangraganini inkor etmadi.

“Qo‘riqxona direktori nomidan kelgan kuyovi va o‘rinbosari mening yonimga kelib, bosh egib, takroriy iltimoslar qilgach, „aka, xizmat bo‘lsa ayting, qilamiz“ deb yalinavergach, o‘sha ko‘rsatuvimni sotib ol va mualliflik huquqiga ega bo‘l deb, katta narx aytganman. Aslida men bunaqa katta narx aytib, ularni qochirmoqchi edim. Bu pullarni baribir olmasdim”, — deydi sudlanuvchi sudya savoliga javob berar ekan.

Yana bir jabrlanuvchi A.U. esa blogerga muammosi haqida aytganini, jurnalistik surishtiruv qilib berishini so‘raganini ta’kidlab, shartnoma asosida 8 million so‘m miqdorida pul mablag‘ini hisob raqamiga o‘tkazib berganini, ammo shartnoma shartlari bajarilmaganini bildirdi. Mazkur ayblovga munosabat bildirgan Mo‘minov haqiqatdan ham A.U.dan shartnoma asosida shuncha pul olganini, lekin o‘rganilayotgan masala murojaatchi manfaatiga zid bo‘lib chiqayotgani uchun ko‘rsatuvni ommaga e’lon qilmaganinini aytdi.

“Murojaatchilar odatda jurnalistlarga murojaat qilsa, najot kutadi. Ishim yengil bo‘larmikin, bitarmikin deb. Men mazkur shartnomaga ko‘ra, ikki marotaba Qashqadaryoga borib keldim. Sudda qatnashdim. Sudda ikkinchi tomon fikrlarini ham tinglaganimda, muammo menga murojaat qilgan murojaatchi manfaatlariga qarshi bo‘lib chiqayotgani va ko‘rsatuvni chiqarsam unga minus ketishini angladim. Shu sabab uni ofisimga chaqirib, bu ko‘rsatuvni olib chiqsam, ayblaring ochilib qolyapti. Surishtiruvni davom ettiring desang, davom ettiray, yo‘q desang, to‘xtatay dedim. Mayli, unda shartmas degach, bu ko‘rsatuvni YouTube`ga joylashtirmadim. Shuncha mehnatimga qaramay, pulimni bering desa, to‘lab berishga tayyorman”, — deydi Abduqodir Mo‘minov.

Yana bir jabrlanuvchi E.B. yangi sotib olgan kvartirasi bilan bog‘liq muammoli holat yuz berganini, mazkur muammoni xolis va shaffof o‘rganish uchun Abduqodir Mo‘minov bilan 3 ming dollarlik shartnoma imzolaganini, oldindan ming dollar tariqasida 10 million 100 ming so‘m mablag‘ni blogerning hisob raqamiga o‘tkazib berganini, lekin bloger shartnoma shartini bajarmaganini aytib, da’vo qildi.

“Bu ishni o‘rganish uchun Zangiota tumani IIB, Toshkent viloyati IIB binolariga bir necha bor qatnaganmiz. Shu ish yuzasidan bormagan, kirmagan tashkilotimiz qolmagan. Ancha mehnat qilganman. Agar shuncha mehnatimga qaramasdan pulimni bering desa, qaytarishga tayyorman”, — deydi sudlanuvchi.

Mazkur iddao yuzasidan jabrlanuvchiga savol bergan advokat shartnoma 3 ming dollarlik ekanini, oldindan qilingan to‘lov ming dollarni tashkil qilishini eslatib, “balki shartnomadagi pullarni to‘liq to‘laganingizda himoyam ostidagi sudlanuvchi siz so‘ragan ko‘rsatuvni internetda e’lon qilishi mumkin edi, nega pulni to‘liq o‘tkazmadingiz?”, — deb so‘ragan. Biroq, tayinli javob ololmagan.

abдuқодир мўминоv, sud

Abduqodir Mo‘minov va uning advokati

“O‘zini jabrlanuvchi sifatida tanishtirgan yana bir fuqaro Abduqodir Mo‘minovdan 70 ming dollar da’vo qilayotganini, bu pullarni unga deputat bilan o‘rtasidagi muammoli holat va o‘zga shaxsdagi 500 ming dollar pullarini olib berish maqsadida berganini aytib, “Birorta savodli blogerni ko‘rmadim, ikkita blogerga duch keldim, ikkalovi ham bir-biridan o‘tgan savodsiz ekan. O‘zi chayla uyda yashaydi, lekin muammoingni aytish uchun chaqirsang, uyingga borgach, sening uyingda yotmasligini, mehmonxonada yotishini, olma sharbati ichishini aytib, shohona hayotda yashaydi”, — dedi.

Navbatdagi jabrlanuvchi ayblovlariga javob qaytargan Abduqodir Mo‘minov ushbu fuqaro haqiqatdan ham unga murojaat qilib kelganini, uning muammosini olib chiqsa, 500 ming dollar pulning 15 foizini berishini aytganini, biroq u 20 foiz deb so‘raganini eslab, “Aka shunchalik mard ekanki, xo‘p 20 foiz beraman dedi”, deydi. Ammo men bu insondan pul ololmaganman. 70 ming dollar degan gaplar tuhmat", — dedi.

“Shundan so‘ng shartnoma tuzildi. Lekin 15−20 kun shu muammo bilan shug‘ullanib, Xorazmgacha borib keldim, shunga qaramasdan bir so‘m ololmadim. Tan olaman Xorazmga borib kelishda mashinam buzilib qolgani uchun 200 dollar bergan”, — deydi sudlanuvchi jabrlanuvchining aybloviga javob qaytarar ekan.

Nashrning qayd etishicha, xorazmlik jabrlanuvchi va Abduqodir Mo‘minov qiymati 1 milliard 47 million so‘mlik shartnoma imzolagan.

Sud 2023-yilning 27-iyul kuni soat 10:30 gacha tanaffus e’lon qildi.

Eslatib o‘tamiz, 2022-yil oxirida Abduqodir Mo‘minov noma’lum shaxslar tomonidan unga hujum uyushtirilgani, mashinasining old oynasi bita bilan sindirilgani haqida xabar bergandi. Shundan so‘ng Toshkent shahar IIBB blogerga qilingan hujum yuzasidan “bosqinchilik” moddasi bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atilganini ma’lum qilgan.

Abduqodir Mo‘minov 2021-yil oktabr oyida sodir bo‘lgan firibgarlik va tovlamachilikda gumonlanib, fevral oyida qo‘lga olingan edi.