O‘zbekistondagi missiyasi va diplomatik faoliyatini yakunlayotgan Buyuk Britaniya elchisi Tim Torlou “Gazeta.uz”ga bergan katta intervyusida o‘z mamlakatining Markaziy Osiyo va O‘zbekistondagi ustuvor yo‘nalishlari haqida gapirib, islohotlar, siyosiy muammolar, O‘zbekistonning Ukrainada kechayotgan urush borasidagi pozitsiyasi hamda o‘zbek tilining siyosiy muhitdagi rolining kuchayib borayotgani haqidagi fikrlari bilan o‘rtoqlashdi. Shuningdek, u jamoat transporti va velosipedchilar uchun infratuzilmani rivojlantirish muhimligi haqida gapirdi. Bundan tashqari, diplomat Vladimir Putinning Rossiya milliy manfaatlarini qay darajada ro‘yobga chiqara olgani va uning rejimi kuch tilini tushunadimi yoki yo‘qligi borasida fikr yuritdi.

Intervyuning video versiyasi

Suhbat ingliz tilida olib borilgan bo‘lib, sozlamalardan rus tilidagi subtitrlarni yoqish mumkin.

Intervyu 2023-yil 7-iyul kuni e’lon qilingan.

— Buyuk Britaniyaning mintaqa va O‘zbekistondagi ustuvor yo‘nalishlari haqida so‘zlab bersangiz.

— Biz tashqi siyosat, iqtisodiyot, ijtimoiy islohotlar, shuningdek, xavfsizlik sohasida olib borilayotgan islohotlarni keng qo‘llab-quvvatlaymiz. Chunki vaqti-vaqti bilan beqaror, murakkab jarayonlar kechayotgan mintaqada kuchli va mustaqil davlatlar bo‘lishi juda muhim, deb hisoblaymiz.

Bundan tashqari, mintaqaning farovonligi kabi masala ham mavjud bo‘lib, u mustaqillik, kuch va barqarorlikni mustahkamlashga yordam beradi, shuningdek, xalqaro biznes uchun imkoniyatlar ochadi.

Uchinchidan, bu mintaqada xavfsizlik va barqarorlik masalalari ustida ishlash juda muhim. Bu, odatda, ushbu hududdagi faoliyatimizga kirmaydi, biroq so‘nggi ikki yil ichida Afg‘onistonda ro‘y bergan voqealar mazkur masalalarning ahamiyatini oshirdi va bu yo‘nalishdagi hamkorligimiz tobora kuchayib bormoqda.

O‘zbekistonda olib borayotgan ishlarimizning eng ko‘zga ko‘ringan qismi ta’lim sohasiga to‘g‘ri keladi. Bu ishlar Vestminster universitetidan boshlangan, ammo hozirda oliy ta’limda Britaniyaning 30 ga yaqin turli universitetlari O‘zbekistondagi universitetlar bilan u yoki bu shaklda hamkorlik shartnomalariga ega. Shuningdek, Chevening Scholarships stipendiya dasturi ham mavjud bo‘lib, ushbu stipendiyalar orqali hukumat va biznesning ko‘plab yuqori martabali amaldorlari Britaniya universitetlarida ta’lim olishgan.

O‘zbekistondagi faoliyatimizning aksariyati, jumladan, taraqqiyotni moliyalashtirish, islohotlarning turli jihatlarini qo‘llab-quvvatlaydi. “Iqtisodiy rivojlanish uchun samarali boshqaruv” dasturi doirasida biz Jahon banki, fuqarolik jamiyati va hukumat bilan asosiy iqtisodiy islohotlar: mehnat bozorini isloh qilish, yangi Mehnat kodeksini ishlab chiqish, davlat korxonalarini xususiylashtirish uchun ularni isloh qilish bo‘yicha ishlayapmiz.

“Yashil” iqtisodiyot, inson huquqlari, OAV erkinligi sohasidagi islohotlarni ilgari surish borasida ham ish olib bordik.

Mamlakatlarimiz o‘rtasidagi tovar ayirboshlash hajmi hali ham kichik. O‘tgan yili O‘zbekistonga eksportimiz ikki baravar ko‘paygan bo‘lsa-da, atigi 260−270 mln AQSh dollariga yetdi. Ta’lim sohasidagi hamkorligimiz boshqa sohalarda ham faoliyatimizni faollashtirishimiz zarurligini ko‘rsatmoqda.

— Buyuk Britaniya Markaziy Osiyo mintaqasi bilan boshqa davlatlar kabi “5+1” formatidagi muloqot platformasini tuzmagan. Britaniya diplomatiyasi ko‘p tomonlama formatlardan ko‘ra ikki tomonlama formatlarni afzal ko‘radimi yoki buning boshqa sabablari bormi?

— Biz bir oz sekin harakat qilayotgan bo‘lsak kerak. Bu masala muhokamasi davom etmoqda. Barcha davlatlar bilan yaxshi ikki tomonlama munosabatlarga egamiz. Va biz beshta davlatning birgalikdagi muhokamasi qanday qo‘shimcha qiymat keltirishini ko‘rishimiz kerak.

Rossiya Ukrainaga bostirib kirganidan so‘ng mintaqa birgalikda kuchliroq ekanini anglab yetgan holda birlashish ahamiyati haqida gapirilayotgani tobora ko‘proq quloqqa chalinmoqda. Va agar biz muhokama qilish uchun to‘g‘ri savollarni, to‘g‘ri platformani va to‘g‘ri vaqtni topa olsak, ehtimol, “5+1” formatiga murojaat qilishimiz mumkindir.

— 2022-yilda Buyuk Britaniyadagi mavsumiy ishchilarning deyarli to‘rtdan bir qismini markaziy osiyoliklar tashkil etdi, O‘zbekiston mehnat muhojirlari soni bo‘yicha Ukrainadan keyin ikkinchi o‘ringa chiqdi. O‘zbekistonlik mavsumiy ishchilar qaysi sohalarda band bo‘lmoqda va qaysi sohalarda fuqarolarimiz uchun potensial ish imkoniyatlari mavjud?

— Mavsumiy ishchilar sxemasi aniq bir muammoni hal qilishga qaratilgan — aynan yoz oylarida meva va sabzavotlarni terib, so‘ngra ularni qadoqlash va qayta ishlash uchun odamlarning yetishmasligi. Mavsumiy ishchilar uchun alohida viza toifasi ham mavjud. Ayni paytda barcha mavsumiy ishchilar Markaziy Osiyodan kelgan.

Biroq hozir kelishuvimiz faqat qishloq xo‘jaligiga tegishli. Britaniya iqtisodiyotining boshqa sohalari ham borki, ularda ham ishchilar yetishmaydi, masalan, mehmonxona sanoati. Ammo hozircha ushbu sxema qishloq xo‘jaligidan tashqarida ham kengaytirilishi bo‘yicha hech qanday taklif yo‘q.

— O‘zbekistonda bo‘lgan vaqtingizda qaysi sohalarda eng katta yutuqlarga erishildi? Va qaysi sohalarda o‘zgarishlar keragidan sekinroq?

— Bu yerga 2019-yilda keldim, o‘shanda haqiqatdan ham turli sohalar, hattoki, kutilmaganda xavfsizlik sohasiga, ta’sir ko‘rsatgan keng ko‘lamli, chuqur islohot jarayoni kechayotganini his qilish mumkin edi. Covid-19 jarayonga ta’sir qildi va 2020-yil boshida ishlar sekinlasha boshladi. Islohotlar yana jadallashishi uchun esa biroz vaqt, taxminan ikki yil kerak bo‘ladi.

бриtanия elchisi, интyerвью, тим торлоu

Hozir yana umid bag‘ishlaydigan belgilarni ko‘ryapman. Optimistik tomonim prezidentning muddatidan oldin saylov o‘tkazish to‘g‘risidagi qarorini amalga oshirilishi shart bo‘lgan ba’zi murakkab islohotlarni davom ettirish uchun saylov mandatini olish uchun qilinmoqda deya baholamoqda.

Masalan, energetika sohasida amalga oshirilayotgan, davlat korxonalarini xususiylashtirish yoki ular samaradorligini oshirish borasida o‘tkazilayotgan iqtisodiy islohotlar ish o‘rinlarining yo‘qolishi va boshqa salbiy oqibatlarni keltirib chiqaradi. Bu jarayonlarni barcha davlatlar boshidan kechirgan va ushbu muammo faqat O‘zbekistonga xos emas, bularning barchasini amalga oshirish qiyin bo‘ladi. Umid qilamanki, prezident amalga oshirish qiyin bo‘lgan islohotlarni davom ettira olish uchun saylovda yangi mandat olmoqchi.

Eng muvaffaqiyatli islohotlar yoki sohalar haqida gapirganda, tashqi siyosatdan boshlardim, chunki islohotlarning ushbu qismi bo‘yicha ko‘p ham gapirilmaydi. 2016−2017-yillardan buyon O‘zbekistonning jahon hamjamiyatidagi o‘rni tizimli ravishda o‘zgardi. Mamlakatingiz o‘z qo‘shnilari, asosiy hamkorlari, jumladan, Rossiya bilan juda murakkab munosabatlarga ega bo‘lgan, boshqalar bilan deyarli aloqasi yo‘q edi. Va to‘satdan sizda qo‘shnilar bilan aloqalarni konstruktiv rivojlantirishni boshlagan prezident va tashqi ishlar vaziri paydo bo‘ldi. Prezident Mirziyoyevning prezident Putin bilan o‘rnatgan munosabatlari ham shular jumlasidan edi.

Sharqda Xitoy, Yaponiya va Koreya bilan, janubda Hindiston, Pokiston va Bangladesh bilan, g‘arbda Turkiya, Yevropa, jumladan, Buyuk Britaniya va AQSh bilan aloqalar mustahkamlana boshladi. Va bu aloqalar birinchi navbatda iqtisodiy manfaatlar bilan bog‘liq edi. Bu O‘zbekistondagi islohotlarning eng uzoq va barqaror qismi bo‘lsa kerak.

Iqtisodiyotda iqtisodni xorijiy sarmoyalar uchun ochish, valyuta operatsiyalari yo‘lidagi ba’zi ahmoqona to‘siqlarni olib tashlash, foyda va operatsiyalarni bu yerga o‘tkazish imkonini berish kabi juda muhim islohotlar amalga oshirildi. Iqtisodiyotda davlat rolini pasaytirish bo‘yicha qadamlar haqiqatdan ham sust, zero bu qiyin jarayon. Va bu yerda siz yo‘lning boshida turibsiz, xolos. Ammo Buyuk Britaniya kabi yetuk iqtisodiyotda ham bu qiyin va sekin jarayon bo‘lgan.

Inson huquqlari sohasida bolalar va majburiy mehnatga tizimli, barqaror va muvaffaqiyatli barham berish kabi haqiqatan ham muhim yutuqlarga erishildi. Agar media sohasida mustaqil onlayn OAVlarga kengayish, gullab-yashnash va rivojlanish imkonini beruvchi ozginagina bo‘lsa ham erkinlik berilmaganida edi, hozir siz bilan shu suhbatni o‘tkaza olmagan bo‘lardik.

Albatta, hali qilinadigan ishlar ko‘p. Islohotlar yo‘li — yuqoriga qarab ravon ko‘tarilib boradigan tekis chiziq emas, unda ko‘plab notekisliklar, bir qancha tushishlar bo‘ldi. Ayni damda siz davlatning iqtisodiyotdagi rolini uning o‘rnida korrupsion oligarxiya yaratmagan holda pasaytirish vazifasini bajarishga harakat qilyapsiz. Islohotlar to‘g‘ri amalga oshirilmasa, mamlakat manfaatlariga xizmat qilmaydigan korrupsiya va oligarxiya paydo bo‘ladi.

Energetika sohasidagi islohotlar ham muhim ahamiyatga ega. Iqlim o‘zgarishi bo‘yicha munozaralar fokusini Orol dengizidan iqlim o‘zgarishining mamlakatga uzoq muddatli ta’siriga yo‘naltirishga harakat qilish kerak. Suv resurslari, transport, shaharsozlik, ta’lim va sog‘liqni saqlash bo‘yicha mamlakat siyosati hamda xususiy sektor “yashil” o‘sishni qanday qo‘llab-quvvatlashiga nazar tashlasangiz, O‘zbekiston iqlim o‘zgarishi oqibatlariga qarshi kurash yo‘lining boshida turganini tushunib yetishingiz mumkin.

Men uchun eng muhim islohot ta’lim sohasida, chunki yaxshi va kuchli ta’lim tizimi davlatning ko‘plab muammolarini hal qiladi, chunki bunday tizimda maktab va universitetlar XXI asrga nafaqat texnologik jihatdan, balki shunchaki ularga aytilganlarni yodlab, qabul qilmasdan, qarorlar qabul qilish va muammolarni yechish, savollarni to‘g‘ri qo‘ya olish qobiliyatiga ega yoshlarni tayyorlaydi.

Inson huquqlari sohasida ham, OAV erkinligi sohasida ham muammolar mavjud. Mustaqil jurnalistlar va blogerlarga qarshi davom etayotgan ayrim sud jarayonlaridan xavotirdaman. Bundan tashqari, har qanday muhitda, bu Buyuk Britaniya va boshqa har qanday davlatga ham tegishli, din va e’tiqod erkinligiga ruxsat berilganda, boshqa ijtimoiy o‘zgarishlarga ta’sir qiladigan konservativ dunyoqarash bosimi vujudga keladi.

Islohotlarni amalga oshirish uchun davlat salohiyatini rivojlantirish zarur. Sizda iqtidorli va salohiyatli rahbarlar bor, lekin islohotlarni amalga oshirishga harakat qilayotgan ko‘plab tashkilot va vazirliklar qiyinchiliklarga duch kelishmoqda, chunki madaniyat ham o‘zgarishi kerak. Shuningdek, ular quyi darajada qarorlar qabul qilish va o‘zlari siyosat olib borish vakolatiga ega bo‘lishi lozim.

Fuqarolik jamiyati hali ham men tushunmagan sabablarga ko‘ra juda zaif. Fuqarolik jamiyati hukumatlarnining hisobdorligini ta’minlash uchun muhimdir, shuningdek, hukumatlar odamlar ko‘proq nimalarga ehtiyoj sezayotganini tushunishiga yordam beradi.

— Islohotlarni amalga oshirayotgan davlat xizmatchilari salohiyati haqida gapirdingiz. Islohotlarni amalga oshirishni qanday odamlarga ishonish mumkin va ularning maqsadlari qanday bo‘lishi kerak?

— Sizlarga o‘z jamiyati, o‘zbek xalqi uchun xizmat qilishga chinakam intiladigan, mamlakat farovonligiga qaratilgan qarorlar qaubl qilishga va siyosat yuritishga tayyor bo‘lgan halol insonlar kerak.

Buyuk Britaniyada xalq saylagan parlament a’zolaridan keyinchalik vazirlar tayinlanadi, ular ma’lum bir siyosiy nazarga ega bo‘ladi. Shuningdek, bizda hukumatga xolis maslahatlar beradigan mustaqil davlat xizmati ham bor.

Ya’ni, vazirlar va davlat organlari o‘rtasida avtomat bo‘linish mavjud. Lekin ular birgalikda ishlashadi, chunki hech biri ikkinchisisiz o‘z ishini qila olmaydi. Vazirlar davlat xizmatchilarining maslahatlari asosida qarorlar qabul qiladilar.

Shunday qilib, vazirlar yoki prezidentga yaxshi maslahat bera oladigan hamda qaror qabul qilingandan keyin ularni amalga oshirishi mumkin bo‘lgan samarali davlat xizmatchilari yetishib chiqadigan muhit yaratiladi.

Buyuk Britaniyadagi tajribamizdan shuni bilib oldikki, eng yaxshi davlat xizmati tarkibida jamiyatning turli a’zolari vakillari bo‘lganidir, shunda hech bir guruh vakilsiz va e’tibordan chetda qolmaydi. Shunda davlat xizmatining o‘zi ma’lum bir jamoalar yoki manfaatdor guruhlar nimani xohlashini tushunadi.

Bunga erishish uchun biz ko‘p asrlarni sarfladik. Siz esa barchasini tezroq qilyapsiz. O‘zbekistonga Britaniya modelini singdirmoqchi emasman, lekin bu barchasi qanday ishlashi kerakligi haqidagi fikrlarim.

— Sudlar adolati haqida: “Adolatli sud tizimida jinoyat sodir etgan shaxs emas, jinoyat bo‘yicha hukm qilinadi, adolatsiz jamiyatda esa shaxsning o‘zi hukm qilinadi” degan gap bor. Siz bunga qo‘shilasizmi? Agar shunday bo‘lsa, sud-huquq tizimimizda bunday muammolar bo‘lmasligi uchun nima qilish kerak?

— Bu gapga qo‘shilishimga amin emasman. Oxir-oqibat, sud jinoyatda ayblanayotgan alohida bir odam ustidan bo‘lib o‘tadi. Shuning uchun yaxshi jinoyat kodeksi yoki mamlakat manfaatlarini aks ettiruvchi kodekslar to‘plami bo‘lishi kerak. Qaysi jinoyatlarni javobgarlikka tortishni, qaysilari jinoyat emasligini davlatning o‘zi hal qiladi. Individual ta’qiblardan ko‘ra мамлакатning Jinoyat kodeksi davlatning mohiyatini ko‘proq aks etadi, nazarimda.

Har qanday jamiyatda siz boshqalar qilishini istamaydigan narsalar bo‘lishi mumkin, lekin kimgadir siz rozi bo‘lmagan narsalarni aytishga imkon beradigan asosiy erkinliklar ham mavjud. Buning eng yorqin misoli so‘z va fikr erkinligidir. U yerda cheklovlar mavjud.

Misol uchun, Buyuk Britaniyada zo‘ravonlik yoki irqiy nafratni qo‘zg‘atish bo‘yicha cheklovlar mavjud, bu noqonuniy hisoblanadi. Lekin, ehtimol, biz so‘z va fikrni erkinligini O‘zbekistonga qaraganda ancha kengroq tushunamiz. Masalan, bu yerda siyosiy hokimiyatni tanqid qilish huquqi noqulaylik va sarosimaga sabab bo‘ladi. Bu Buyuk Britaniyada ham xuddi shunday his-tuyg‘ularni uyg‘otadi, lekin biz bu masalalarni butunlay boshqacha tarzda hal qilamiz.

Buyuk Britaniyada so‘nggi bir yarim yil ichida saylangan hukumatdagi ko‘ngilsizliklar ikki bosh vazirning, har ikki holatda ham umumiy saylovlarsiz, partiyalarning o‘zi tomonidan, almashtirilishiga olib kelganini ko‘rdingiz. Bunda jamoatchilik fikri shunday darajaga keldiki, agarda partiya o‘z yetakchisi yoki ishlamayotgan siyosatini o‘zgartirmasa, saylovlarda g‘olib bo‘la olmasligini tushundi. Bular kuchli so‘z erkinligi tufayli ro‘y bermoqda.

Savolingizdan biroz chetga chiqdim. Lekin qonun ustuvorligi va sud tizimini isloh qilish borasida hali bajariladigan ishlar ko‘p ekanligiga qo‘shilaman. Xorijiy kompaniyalarning bu yerga kelib sarmoya kiritishni istamasligining sabablaridan biri ham shu — ular bu yerda bahsli vaziyatga tushib qolsa, o‘z manfaatlarini himoya qiladigan ishonchli sud tizimi yo‘q, deb o‘ylashadi.

Hukumat bundan xabardor va shu yo‘nalishda ish olib bormoqda. Lekin hozirda bu O‘zbekistonning iqtisodiy rivojlanishiga to‘siq bo‘lib qolmoqda.

бриtanия elchisi, интyerвью, тим торлоu

— Siz O‘zbekistonda so‘z erkinligi muhimligi haqida doimo gapiradigan diplomatlardansiz. Nima uchun so‘z va OAV erkinligi mamlakat taraqqiyoti uchun muhim?

— So‘z erkinligining chegaralari bor. Odamlarning Internetda ochiqchasiga aytishiga yo‘l qo‘ymaslik kerak bo‘lgan narsalar bor: irqiy adovatni qo‘zg‘atish, zo‘ravonlikka undash. Lekin, umuman olganda, odamlarga o‘z fikrini bildirishi: Yevropa Ittifoqiga qo‘shilish yoki Yevropa Ittifoqidan chiqish, migratsiya siyosati kabi muhim masalalar bo‘yicha faol bahs-munozaralar o‘tkazish imkonini berish kerak.

Odamlarga o‘z fikrlarini bildirishga imkon berganimizda, muhokama yanada samarali bo‘ladi. Va ushbu muhokamalar sodir bo‘ladigan eng aniq makon OAV bo‘lib, bu muammolarni har tomonlama tushunib, to‘g‘ri qaror qabul qilishga yordam beradi.

Shuningdek, bu odamlarga o‘z noroziliklarini shu tarzda bildirishga ham imkon beradi va bu orqali ba’zida keskinlik yumshashi mumkin. Agar odamlarga biror narsa aytish taqiqlansa, bu vaziyatni o‘zgartirish uchun ichki isyonni keltirib chiqaradi. Ular fikrlarini ifoda eta olmasalar, bu turli xil shakllarda, jumladan, terrorizm ko‘rinishida ham yuzaga chiqishi mumkin.

Umuman olganda, so‘z erkinligi sharofati bilan yaxshiroq qarorlar qabul qilinadi. Odamlarga o‘z fikrlarini bildirishga qo‘yib berilsa, ular qaror qabul qilinishida ishtirok etganliklarini ko‘proq his qilishadi. Va bu ularga biror noto‘g‘ri narsa haqida aytish huquqini beradi. Bu keyinchalik siyosatchilarga ishonish uchun o‘ziga xos zamin yaratadi.

Misol uchun, Rishi Sunakning saylovda g‘alaba qozonishi va Buyuk Britaniya bosh vaziri bo‘lishiga uning avvalgi saylovlarda mag‘lub bo‘lganida, muayyan islohotlarning amalga oshirilishi Buyuk Britaniya uchun yomon oqibatlarga olib kelishini ochiqchasiga aytgani yordam berdi. Va bu islohotlar amalga oshirilganda, u haq bo‘lib chiqdi. Bu esa ishonch bag‘ishlaydi, bahsli gaplarni aytishiga qaramay, bu siyosatchi siz ishonishingiz mumkin bo‘lgan, ayniqsa iqtisodiy masalalarda, shaxs ekanligini anglaysiz.

— Islohotlarni qanday qilish kerakligi haqida gap-so‘zlar ko‘p. Men esa islohotlar jarayonida kommunikatsiyaning o‘rni haqida so‘ramoqchi edim. Bir tomondan hokimiyat xalq manfaatlari haqida qayg‘urishi, boshqa tomondan esa odamlar islohotlarni qo‘llab-quvvatlashi uchun amaldorlar va odamlarning xatti-harakatlarini qanday qilib o‘zgartirish mumkin?

— Haqiqatdan ham juda muhim savol. Covid-19 cheklovlaridan oldin Britaniya hukumati Adliya vazirligi va boshqa organlar, shuningdek, OAV bilan bu masalada juda yaqin hamkorlik qildi.

Davlat organlari to‘g‘ri kommunikatsiya olib borishi har jihatdan juda muhim. Masalan, yaqinda O‘zbekiston hukumati bizning kichik yordamimiz bilan yangi Mehnat kodeksi loyihasini ishlab chiqdi. U ishchilarning huquqlarini va ish beruvchining mehnatga oid majburiyatlarini belgilaydi. U bir qator sohalarni, jumladan, teng huquqlarni ta’minlash, bir xil ish bilan shug‘ullanayotgan ayollar va erkaklar bir xil ish haqi olishlari, ish haqi bo‘yicha gender kamsitishlariga yo‘l qo‘ymaslik kabilarni qamrab oladi.

Kodeks qabul qilingandan keyin esa davlat ishchilar, ish beruvchilar va kasaba uyushmalariga yangi kodeks nima ekanligini, ishchining ham, ish beruvchining ham burch va huquqlarini aytib berishi kerak. Ular o‘z huquq va majburiyatlarini, shuningdek, ular buzilgan taqdirda nima qilish kerakligini anglashlariga ishonch hosil qilish lozim. Va bu davlat organlari kommunikatsiyasining birinchi qismidir.

Ammo masala shu bilan tugamaydi, chunki shundan keyin amalga oshirilayotgan islohotlar samaradorligiga ishonch hosil qilish uchun muloqotni davom ettirish zarur. Xodimlar, ish beruvchilar, kasaba uyushmalari yoki boshqa tashkilotlarning biror narsa ishlamayotgani haqidagi murojaatlariga javob beradigan aloqa sxemasi bo‘lishi kerak. Bu yaxshi fikr bo‘lishi mumkin, lekin amalda ishlamasligi mumkin.

Agar siz qayta aloqani qabul qilib olsangiz va bu xabarlar tizimni yaxshilash, baholash, tahlil qilish, monitoring o‘tkazish, keyin esa islohot jarayonini davom ettirishga yordam bersa, tizimni yaxshilashingiz mumkin. Agar davlat yaxshi kommunikatsiyalarni yo‘lga qo‘yganida edi, bularning barchasi hukumat nima qilmoqchi ekanligini, umumiy vazifa va maqsadlarni tushuntirib berishi uchun Mehnat kodeksi joriy etilishidan oldin ro‘y bergan bo‘lar edi.

“Nogironlar huquqlari haqida o‘ylab ko‘rdingizmi? Muayyan muhitda ishlay oladigan iqtidor va qobiliyatga ega bo‘lgan nogironlarni rag‘batlantirish uchun yana qanday qo‘shimcha choralar ko‘rish mumkin?” — deb so‘rashi mumkin bo‘lgan odamlarning ham fikrlarini hisobga olish zarur. Fuqarolik jamiyati ham qayta aloqani yo‘lga qo‘yishda juda muhim rol o‘ynaydi va: “Siz ushbu yangi Mehnat kodeksini qabul qilyapsiz, lekin unda iqtisodiyotning ma’lum bir segmenti uchun qoidalarni nazarda tutadigan hech narsa yo‘q-ku”, deb aytishi mumkin. Shuning uchun kommunikatsiyalar juda muhim. Hukumat ushbu yo‘nalishda ishlarni davom ettirmoqda.

— Har qanday jamiyat uzoq vaqt gullab-yashnashi uchun yaxshi siyosiy chora-tadbirlarga muhtoj. O‘zbekiston o‘tmishga qaytmaslik uchun nima qilishi kerak? Jamiyat islohotlar orqali erishilgan yutuqlarni qanday saqlab qolishi mumkin?

— Birinchi navbatda yetakchilik kerak, qanday shaklda bo‘lishidan qat’i nazar, kelajakni ko‘ra oladigan, hozirgi vaziyatdan yaxshiroq bo‘lgan.

Ortga nazar tashlab, tarixni qayta yoza olmaysiz. Hattoki orqaga qadam tashlashni yoqtirsangiz ham, dunyo boshqa yo‘nalishga qarab ketmoqda. Shuning uchun siz o‘z qarashlaringiz, ambitsiyalaringiz va kelajakdagi qarorlarni reallikka moslashtirishingiz kerak.

Yaxshi qonunlar kerak. Oldinga siljish bo‘lganida bu yaxshilanishlarni qonunda mustahkamlab qo‘yishingiz kerak. O‘zbekistondagi muammolardan biri shundaki, islohotlarning tez amalga oshirilishi ko‘p jihatdan prezident farmonlariga bog‘liq. Bilaman, bu farmonlarni qonunga aylantirish, yaxshi qonunlar yozish vaqt talab etadi. Ammo qonunchilikdagi islohotlarni mustahkamlash, keyinchalik sudlarda va qoidalarni erkin, adolatli, oshkora va korrupsiyasiz qo‘llaydigan sud tizimida qo‘llab-quvvatlanishi juda muhim. Demak, yaxshi qonunlar va ushbu yaxshi qonunlarni qo‘llab-quvvatlaydigan yaxshi sud tizimi ham kerak.

Shuningdek, qonunlar ijro etilishini, agar kimdir bu qonunlarni buzsa, tekshiruv o‘tkazilishi, jinoiy javobgarlikka tortishi va odamlarning o‘sha yaxshi qonunlarga rioya qilishini ta’minlaydigan samarali huquqni muhofaza qilish organlari bo‘lishi kerak.

— O‘zbekiston tashqi siyosatini islohotlar jarayonining muvaffaqiyatlaridan biri sifatida qayd etdingiz. Rossiyaning Ukrainaga qarshi urushi bo‘yicha O‘zbekistonning neytral pozitsiyasini qanday baholaysiz?

— O‘zbekiston juda murakkab ahvolda va biz buni tushunamiz. O‘zbekiston qilgan eng muhim ish — bu hukumatning Ukraina kontekstida mamlakatlar suvereniteti, mustaqilligi va hududiy yaxlitligini hurmat qilishini va ularga qat’iy ishonishini ochiq va izchil ta’kidlagani. Bu Ukrainadagi vaziyat haqida aytish mumkin bo‘lgan hamma narsani qamrab oladi. Bu mustaqil davlatning hududiy yaxlitligi va suverenitetini ochiqdan-ochiq, ataylab va shafqatsizlarcha buzish edi, degan ma’noni anglatadi.

O‘zbekiston hukumati, xususan, prezident Mirziyoyevning Rossiya bilan xalqlar o‘rtasidagi mustahkam rishtalar va iqtisodiy aloqalarga asoslangan yaxshi munosabatlar o‘rnatayotgani erishgan yutuqlaridan biri deb hisoblayman. Va bu munosabatlar yo‘qolib qolmaydi. Bunday munosabatlar Ukraina bilan ham mavjud.

Buyuk Britaniyaga ishlash uchun ketayotgan nisbatan kamsonli o‘zbekistonliklar haqida gaplashdik. Ammo Rossiyada taxminan 2−3 million o‘zbek yashab, ishlab, ro‘zg‘or tebratishayotganini tan olmaslik ahmoqlik bo‘ladi. Ochig‘ini aytganda, Rossiya iqtisodiyoti ularsiz yashay olmaydi. Va agar Moskva hukumati bu odamlardan yuz o‘girishga qaror qilsa, bu ahmoqlik bo‘lardi.

Ammo bu omillarning barchasi: iqtisodiy, savdo, moliyaviy aloqalar, mehnat muhojirlari, shuningdek, an’anaviy aloqalar Rossiyaga O‘zbekistonga bu masalalarda omma oldida betaraflik saqlash uchun kuchli bosim o‘tkazish imkonini berdi. O‘zbekiston BMTda va boshqa joylarda shundan kelib chiqib ovoz berdi. Biz buni tushunamiz. Biz bunday pozitsiyada emasligimiz kundek ravshan.

O‘zbekiston boshqa hamkorlaridan ham yuz o‘girgani yo‘q, ko‘p vektorli tashqi siyosatini davom ettirmoqda, boshqa xalqaro hamkorlar bilan aloqalar o‘rnatmoqda.

Qaysidir ma’noda Rossiya-Ukraina bo‘yicha pozitsiya tashqi siyosatdagi yondashuvingizning eng yorqin namunasidir. Siz Rossiya bilan mustahkam munosabatlar o‘rnatmoqdasiz, lekin mustaqil, kuchli va chidamli bo‘lsangiz, iqtisodiyotingiz va siyosiy tizimlaringiz kuchliroq bo‘lishini ham tan olasiz. Va ko‘plab turli sheriklarning mavjudligi shu tarzda raqobatbardosh bo‘lishingizga imkon beradi. Bu tashqi siyosatga nisbatan, ta’bir joiz bo‘lsa, bozor yondashuvidir. O‘ylaymanki, bu O‘zbekistonga juda yaxshi xizmat qilmoqda va kelajakda ham xizmat qiladi.

— Katta yettilik davlatlarining yaqinda bo‘lib o‘tgan yig‘ilishida urush boshlanganidan buyon YeI va G7 mamlakatlaridan Rossiyaga texnologiya va boshqa ayrim tovarlar eksporti keskin kamaygani qayd etildi. Shu bilan birga, Turkiya, BAA va Markaziy Osiyoga xuddi shunday tovarlar eksporti ortdi. Buyuk Britaniyaning Markaziy Osiyo, xususan, O‘zbekiston bilan savdo aloqalarida bunday tendensiyalar kuzatilganmi? Agar shunday bo‘lsa, Britaniya hukumati qanday munosabatda bo‘ldi?

— Bizda Rossiya va Belarusning alohida jismoniy shaxslariga nisbatan, shuningdek, Buyuk Britaniyadan Rossiyaga eksport qilishga ruxsat berilmagan alohida tovarlarga nisbatan juda qat’iy sanksiya siyosati mavjud. Bu bizning savdomizga ham jiddiy salbiy ta’sir ko‘rsatdi, albatta ushbu qarorlarni qabul qilganimizda bunday bo‘lishini kutgan edik. Ammo biz Britaniya sanoatining Ukrainada urush olib borayotgan rejimni qo‘llab-quvvatlashini prinsipial jihatdan istamaymiz. Va biz uni iqtisodiy jihatdan jazolashni xohladik hamda Ukrainada urush olib borish qobiliyatini cheklamoqchi bo‘ldik.

Bu moliyaviy oqimlar orqali, shuningdek, jang maydonida foydalanilishi mumkin bo‘lgan muayyan tovarlarni eksport qilishni taqiqlash orqali amalga oshirildi. Sanksiyalar ikkinchi davlatlarga eksport qilinadigan, keyin esa ularni Rossiyaga reeksport qilinadigan tovarlarga ham tegishli. Ammo bu faqat Britaniya tovarlariga taalluqli. Biz O‘zbekistonning Rossiya bilan qonuniy eksport biznesini amalga oshirishiga to‘sqinlik qilmoqchi emasmiz.

O‘zbekiston bilan tovar ayirboshlash hajmi katta emas. Biz bu va boshqa mamlakatlar orqali Rossiyaga savdo oqimlarini, ayniqsa jang maydoniga kiradigan tovarlarni juda ehtiyotkorlik bilan kuzatib boramiz. Bu bizni eng ko‘p tashvishlantiradi.

O‘zbekiston mazkur tovarlarning Rossiyaga kelishiga yordam beradigan joylardan biri emasligiga ishonch hosil qilish uchun ushbu masalalarni O‘zbekiston hukumati bilan muhokama qilmoqdamiz. O‘zbekiston hukumati bu borada biz bilan a’lo darajada hamkorlik qilmoqda, prezidentning o‘zi kafolat berdi.

Yevropa Ittifoqining sanksiyalar bo‘yicha vakili Devid O’Sallivan shu yerda bo‘lganida u bilan bir qator uchrashuvlarda ishtirok etdim. Ularda o‘zbek hukumati sanksiyalarning chetlab o‘tilishiga yo‘l qo‘ymaslikka ishonch bildirdi, ayniqsa, prezident aytganidek, urush maydonida tarkibiy qismlar sifatida foydalanilishi mumkin bo‘lgan tovarlarga nisbatan. Turgan gapki, biz qurollar haqida gapirayotganimiz yo‘q, bu faqatgina tarkibiy qismlar.

Va bu muhokamalar davom etmoqda. Biz sanksiyalarimizga qat’iy ravishda rioya etishda davom etamiz. Bu boradagi hamkorlik uchun O‘zbekistondan minnatdormiz.

— Hozirgi Rossiyani tarix prizmasi orqali muhokama qilishni taklif qilmoqchi edim. 1939-yilda Buyuk Britaniya bosh vaziri Uinston Cherchill shunday degan edi: “Men Rossiyaning harakatlarini oldindan aytib bera olmayman. Bu sir bilan qurshalgan, enigma ichidagi jumboq. Ammo, ehtimol, buning kaliti bor va bu kalit Rossiyaning milliy manfaatlaridir”. Sizningcha, Rossiya hali ham jumboqmi? Ukrainaga qarshi urush misolida uning tashqi siyosatdagi harakatlarini qay darajada bashorat qilish mumkin?

— Diplomatiyani to‘g‘ri olib borsangiz, barcha qilinayotgan ishlar milliy manfaatlar bilan bog‘liq bo‘ladi. Agar diplomatiyangizni yaxshi olib borsangiz, sizning va mening milliy manfaatlarim kesishadigan va bir-biriga mos keladigan sohalarni topasiz. Va bu munosabatlaringizning barcha tomonlar bir-birining kuchli jihatlaridan foydalanadigan va muvaffaqiyatli qirrasi bo‘ladi.

Lekin milliy manfaatlarning xalqaro huquqda belgilab qo‘yilgan chegaralari ham borki, ular katta, kuchli davlatning kichikroq va zaifroq davlat hududiga bostirib kirishiga yo‘l qo‘ymaydi. Va agar siz xalqaro huquq tamoyillariga rioya qilmasangiz, bu ma’lum oqibatlarga olib keladi. Shunday qilib, milliy manfaatlarni ro‘yobga chiqarishning qat’iy chegarasi mavjud.

Prezident Putin o‘z harakatlari Rossiya milliy manfaatlariga mos kelishiga ishonganiga shubham yo‘q. Lekin uning harakatlari qanday oqibatlarga olib kelgani ajablantiradi. Chunki 2021-yil boshida u o‘zining mashhur maqolasida Ukraina Rossiya bilan hamkorlik qilmasdan suveren bo‘la olmasligini yozgan edi. Ammo natijada u Ukraina kelajakda yoki hech bo‘lmaganda prezident Putin boshchiligidagi Rossiya bilan hamkorlikning hech qanday shakliga rozi bo‘lmasligiga erishdi. Bu milliy manfaatlar nuqtai nazaridan qilgan birinchi xatosi.

Ikkinchi xato shundaki, u Ukrainaga bostirib kirsa, Ukrainaning G‘arbdagi hamkorlari, jumladan, NATO va Yevropa Ittifoqi zaif javob qaytaradi, deb o‘ylagandi. Shuningdek, Ukrainaga bostirib kirishga urinishi orqali Yevropa Ittifoqi hamda NATOning birlashishiga erishdi. Jumladan, Shvetsiya va Finlyandiyaning sharqiy hamkorlikning boshqa qismlarida ham kuzatish mumkin bo‘lgan qo‘rquv va xavotir hissi hamda G‘arb bilan hamkorlik zarurati tufayli NATOga qo‘shilish haqidagi so‘rovlari kabi kutilmagan oqibatlarga olib keldi.

Shunday qilib, uning Ukrainaga bostirib kirishi muvaffaqiyatsizlikka uchradi. U ukrainaliklarni begonalashtirdi. U G‘arb, NATO va Yevropa Ittifoqini muvaffaqiyatli tarzda birlashtira oldi. Bu mintaqadagi ba’zi an’anaviy hamkorlarini ham jiddiy tashvishga solmoqda. Agar shular uning milliy manfaatlari bo‘lsa, juda g‘alati milliy manfaat.

Afsuski, biz suveren davlatning ataylab vayron qilinayotgani, jumladan, fuqarolik infratuzilmasiga shafqatsiz, vahshiyona hujumlar uyushtirilayotgani, osoyishta hayot kechirishi kerak bo‘lgan juda ko‘p sonli ukrainalik yoshlar o‘z davlati manfaatlariga xizmat qilmaydigan rahmsiz rahbarning ambitsiyalari tufayli nobud bo‘layotganiga guvoh bo‘lmoqdamiz.

— Cherchillning Fultondagi nutqidan bir iqtibos bor. U shunday degan: “Ishonchim komilki, [ruslar] hammadan ham ko‘proq kuch-qudratdan hayratlanishadi va ular zaiflik, ayniqsa harbiy kuchsizlikni eng so‘nggi o‘rinda hurmat qilishadi”. Sizningcha, hozirgi Rossiya hukumati ham faqat kuch tilini tushunadimi?

— Men Rossiya bo‘yicha mutaxassis emasman. Britaniya hukumati O‘zbekistondagi vakili diplomatiyaga ko‘proq xalqaro nuqtai nazardan qaraydigan odam bo‘lishini xohlashgani uchun meni bu mamlakatga yubordi. Shu boisdan Rossiya haqida katta kompetensiya bilan gapira olishimga ishonchim komil emas.

Prezident Putin birinchi navbatda Ukrainadan, shuningdek, Ukrainaning hamkorlaridan juda qattiq javob zarbasini qabul qilib oldi. Afsuski, bu Putin va uning Moskvadagi rejimiga unchalik ta’sir qilmayapti. Yoki bu har qanday muxolifat, ommaviy axborot vositalari yoki jamoat hayotiga nisbatan repressiyalarning kuchayishiga olib kelmoqda.

Bu savolga javob bera olmayman. Kuchli reaksiya ham ta’sir qilmayapti. Men bu dahshatli, qo‘rqinchli urushning natijasi borasida unchalik ham optimistik ruhda emasman.

— Bugun O‘zbekistonda ba’zi odamlar radikallashuvdan xavotir bildirmoqda. Ayrim radikal diniy guruhlar faoliyat yuritayotgan Iroq va Yamanda uzoq yillar xizmat qilgan diplomat sifatida mamlakatimizda radikallashuv tendensiyalariga ko‘zingiz tushdimi? Bu qo‘rquvlar haqiqatmi yoki shunchaki islomlashuv jarayonini noto‘g‘ri tushunishmi?

— Radikallashuv har qanday davlatni tashvishga soladi. Bu yerda ham tashvish tug‘dirishi kerak. Buyuk Britaniyada ham xuddi shunday tashvish uyg‘otadi. Ammo u har qanday din, xususan, Islomdagi xudojo‘ylikdan juda farq qiladi. Va har qanday jamiyatda muvozanatga erishish qiyin.

Men dinga erkin e’tiqod qilishga ruxsat berish, istagan narsasiga ishonish, e’tiqodi, ishonchini muhokama qilish va unga bo‘lgan entuziazmini, jumladan, ushbu ishonchning asosini tashkil etuvchi tamoyillarini ifoda etishning muhimligi haqida gapirib o‘tdim. Va har doim, har qanday dinda, ushbu din nimalarni o‘z ichiga olishi to‘g‘risidagi qonuniy legitim (qonuniy) muhokamalar mavjud.

Mirziyoyev hukumati amalga oshirgan xayrli ishlardan biri — diniy e’tiqod erkinligini, jumladan, o‘zidan oldingi hukumat davrida qattiq cheklangan Islom dinini ko‘proq ta’minlash va ko‘p sonli diniy mahkumlarni ozod qilish bo‘ldi. Bu mamlakatda islom dinining favqulodda o‘sishiga guvoh bo‘ldik: qurilayotgan yangi masjidlar, juma namoziga keluvchilar soni.

U bilan birga ma’lum darajada konservatizm ham kuchayib bormoqda. Chunki ko‘pchilik din muayyan ijtimoiy masalalarga nisbatan konservativ yondashadi, deb hisoblaydi. Va bu munozaraning bir qismi. Bunday tortishuvlar nasroniylikda ham uchraydi. Ya’ni, to‘liq oqlangan ko‘plab nizolar mavjud. Ammo bular radikallashuvning ko‘rinishi emas.

бриtanия elchisi, интyerвью, тим торлоu

Gap shundaki, har qanday dinda mo‘’tadil odamlar ko‘pchilikni tashkil qiladi. Va har qanday dinda juda radikal qarashlarni bildiradigan va ba’zan buni ochiq e’lon qiladigan ekstrimal dindorlar bo‘ladi, ammo bu jamiyat uchun tahdid emas. Bu radikal qarashlarning ifodasi qonunlarni buzishga, jumladan, terrorizm bilan shug‘ullanishga chaqira boshlagandagina tahdidga aylanadi. Jamiyat bunday ko‘rinishlarni to‘xtatishi kerak.

Va bu juda nozik chegara. Xilma-xil qarashlar mavjud bo‘lishi uchun odamlarga OAvda va boshqa joylarda diniy qarashlarini bildirish imkoniyatini berish kerak. Chunki bunday bo‘lishiga imkon bersangiz, inklyuzivroq va kuchliroq jamiyat qura olasiz. Ammo bu kabi ko‘rinishlarni haqiqatan ham jamiyatga tahdid sola boshlaganda to‘xtatish kerak.

O‘zbekiston endigina diniy e’tiqod erkinligi va so‘z erkinligi yo‘lidan atak-chechak qilib yurmoqda. Mamlakat hali oxirigacha yetib borgani yo‘q, biroq radikallashuv tomon ketyaptimi? Sizlarda juda samarali xavfsizlik organlari mavjud, ular bu sodir bo‘lmasligi uchun juda yaxshi ishlashmoqda. Qaysi nuqtada ular aralashishga qaror qilishlarini hukm qilish men uchun emas, chunki men kontekstni bilmayman. Ammo aralashadigan xavfsizlik organlaringiz bo‘lishi lozim. Vaziyat rivojlanishining qaysi nuqtasida ular aralashishga qaror qilishi bo‘yicha esa hukm qilish qiyin.

Lekin bu yerda o‘zimni butunlay xavfsiz his qilaman. Yamanda “Al-Qoida”ning xudkush terrorchisi menga suiqasd qilgandi. Yamanda terrorizm va radikallashuv muammosi bu yerga qaraganda ancha kuchli edi. Yaman O‘zbekistonga qaraganda chuqur diniy jamiyat edi. U yerda islomning konservativ versiyasiga amal qilishadi. Lekin biz u yerda uchratgan odamlarning katta qismi, ya’ni 99,5 foizi, har doim ham o‘zini men kabi tutmasada yoki men ishonadigan narsalarga ishonmasada, xudojo‘y, yaxshi niyatli, e’tiqodi juda kuchli odamlar edi.

Ammo ular hech qachon, hatto bir million yilda ham terrorchilik yoki ekstremistik harakatlarini sodir etishmasdi. Yaman bu kabi his-tuyg‘ularni jilovlashdan unchalik ham uzoq emas edi. Ammo O‘zbekiston endigina ochilyapti.

— O‘zbekistonda bo‘lgan vaqtingizda havo sifati va yashash sharoiti nuqtai nazaridan ekologik vaziyat qanchalik o‘zgardi?

— Muayyan o‘zgarishlar bor. Shamollar va qum bo‘ronlari boshlandi. Lekin, o‘ylaymanki, iqlim o‘zgarishi oqibatlarini ko‘rishingiz mumkin bo‘lgan eng katta ofat, bu — Orol dengizidir. Bu Orol dengizi qurishining oqibatimi, chunki dengiz O‘zbekistonni sovitib turardi yoki bu boshqa, yanada jiddiyroq va kattaroq muammoning bir qismimi? Shu bois O‘zbekistonning o‘rnida aholi, qishloq xo‘jaligi, sanoatni suv bilan ta’minlab turgan Pomirdagi muzliklarning erishi to‘g‘risida ikki barobar ko‘proq xavotirga tushgan bo‘lardim — hammasi suvga bog‘liq.

Yo‘llarda transport ko‘payib, havoning ifloslanishiga olib keldi. Bu faqat yomonlashib boradi. Chunki odamlar qancha boy bo‘lgani sari birinchi navbatda o‘zlariga mashina sotib olib, uni ishga va shahar bo‘ylab haydashni xohlashadi. Tez orada shaharga kirish va chiqish yo‘llari mashinalar bilan tiqilib qoladi va tirbandliklar, kechikishlar, stress va avtoulovlarning katta oqimidan kelib chiqadigan boshqa narsalar yuzaga chiqadi.

Shu nuqtai nazardan, muqobil jamoat transporti va men har doim ham maqtab gapiravermaydigan Toshkentning avvalgi hokimi qilgan yaxshi chora-tadbirlar juda muhim. Oldingi hokim velosiped yo‘laklari masalasida yaxshi ishlar qildi.

Agarda velosipedlar yoki avtobuslar uchun alohida yo‘laklardan foydalansangiz, ishga tezroq yetib borishingiz mumkin. Metroni takomillashtirish, metroga konditsionerlar o‘rnatish va odamlarning ishga qulay borishlari uchun sharoit yaratish lozim.

Bu yerda jamoat transportidan foydalanishda Londonda bo‘lmagan ijtimoiy stigma mavjud. Bu yerda metrodan foydalanishni boshlaganimda, odamlar: “Siz Britaniya elchisisiz, metrodan foydalana olmaysiz”, — deyishni boshlashdi. Lekin men uchun bu instinktiv, bu men qiladigan narsa. Londonda men velosipedda yuraman va u yerda mashinada yurish xayolimga ham kelmagan. Jamoat transporti zo‘r, velosiped yo‘llari ochiq, mashina minish qimmat va to‘xtash joylari yo‘q. Xo‘sh, u yerga velosipedda yoki jamoat transportida tezroq yetib boradigan bo‘lsam, mashinaga o‘tirish va uni ishga haydashimning nima keragi bor?

— Demak, Londonda infratuzilma va atrof-muhit odamlarni jamoat transportidan foydalanishga yoki ko‘proq velosipedda yurishga undaydi?

— O‘ylaymanki, bu bir nechta narsaga bog‘liq. Odam ba’zi harakatlarni tavsiya ekanligi uchun qilsa, ayrimlarini qonun talabi tufayli qiladi. Londonda “tirbandlik yig‘imi” (congestion charge) deb ataladigan to‘lov aholini avtomobilni kamroq haydashga undaydi. Ya’ni, agar London markazi bo‘ylab mashinada yurmoqchi bo‘lsangiz, kuniga 10 funt to‘lashingizga to‘g‘ri keladi va bu sezilarli pul.

Avtoturargoh ham astronomik darajada qimmat turadi, shunda ham to‘xtash joyini topa olsangiz, aks holda bu haqda orzu ham qilmang.

Va shahar bo‘ylab yurishingiz uchun haqiqatan ham yaxshi jamoat transporti mavjud. U mashinalarga qaraganda tezroq harakat qiladi. Men janubi-g‘arbiy chekkadan ishga velosipedda qatnardim va bu har kuni bir tomonga 18−19 km degani edi. Barcha harakatlanish usullarini sinab ko‘rdim — velosipedda eng tez yetib bordim.

— Davlat resurslarni taqsimlashda ustuvorliklarni to‘g‘ri tanlashi kerak. Hukumat asosiy resurslarini qanday muammolarni hal qilishga sarflashi lozim?

— Ustuvorliklarga bo‘lish borasida haqsiz. O‘zgarishlarni amalga oshirish uchun imkoniyatlaringiz cheklangan bo‘lsa, haqiqatdan ham muhim bo‘lganlariga ko‘proq e’tibor qaratasiz va o‘zingizning iqtidorli kadrlaringizni ushbu o‘zgarishlarni amalga oshirishga yo‘naltirasiz, shundan ko‘proq manfaat ko‘rasiz.

Mening nazarimda ushbu mamlakat uchun birinchi raqamli ustuvor vazifa, bu — ta’lim, chunki u hamma narsani o‘zgartiradi. U kelajakda har qanday o‘zgarishlarni amalga oshirishga tayyor, biznesda, siyosatda, sportda, texnologiyada va istalgan sohada mamlakat manfaatlarini yaxshiroq ifoda etadigan, iqtisodiyotingizni hozir o‘sib borayotgan sur’atlarda davom ettira oladigan insonlarni tarbiyalaydi.

Iqtisodiy o‘sishni qo‘llab-quvvatlash iqtisodiy rivojlanish bo‘yicha to‘g‘ri yechimlar, jumladan, xususiy sektorni mustahkamlash kerak. Aksariyat rivojlangan mamlakatlarda ish o‘rinlarining katta qismi va umuman, iqtisodiy o‘sish yirik korxonalar tomonidan emas, balki kichik va o‘rta korxonalar hisobidan ta’minlanadi. Bu yerda u hali ham rivojlanmagan. Lekin bu soha ta’lim tizimidan chiqayotgan katta miqdordagi yosh o‘zbekistonliklarni qamrab oladi.

Iqlim o‘zgarishi masalasi ham juda muhim va diqqatni suvga qaratish kerak, undan qanday foydalanasiz va suvdan samarali foydalanishni qanday qo‘llab-quvvatlaysiz. Suvdan foydalanishni optimallashtirish uchun shaharsozlik, sanoat va qishloq xo‘jaligini rivojlantirish strategiyalari ham muhim ahamiyatga ega.

Oddiy fuqarolar hayotiga bevosita daxldor bo‘lgan sog‘liqni saqlash tizimidagi muammolar kabi boshqa masalalarni ham hal etish muhim. Agarda ular hal qilinmasa, odamlar: “Mamlakat tez rivojlanyapti, juda ko‘p qiziqarli ishlar qilinmoqda, lekin bu mening hayotimga ta’sir qilmayapti”, deb o‘ylashlari mumkin. Shu nuqtai nazardan, sog‘liqni saqlash tizimida qilinishi kerak bo‘lgan ishlar ko‘p. Covid-19 davrida ko‘plab zaif jihatlar va tashvishli vaziyatlarni ko‘rdik.

Sog‘liqni saqlashdan tashqari, yer ajratish kabi masalalarga ham e’tibor qaratish lozim. Xalqingiz hadeb ko‘chaga chiqib, qandaydir masalalarni hal qilishni talab qilavermaydi. Siz tinchliksevar va sokinroqsiz. Lekin kelganimdanoq yerga bo‘lgan huquqlarga rioya etilishidan norozilik, egalik va mulk huquqini hurmat qilmaslik kabi masalalar odamlarning ko‘chaga chiqishiga sabab bo‘ldi. Bu ham ustuvor masala.

— O‘rningizga ushbu lavozimni egallaydigan Timoti Smart avgust oyida ishga kirishishi kerak. U bilan yangi ishi haqida gaplashish imkoniga ega bo‘ldingizmi va u bilan qandaydir maslahatlar bilan o‘rtoqlashdingizmi?

— U boshqalardan, mintaqadagi boshqa elchilardan, Londondagi rahbariyatdan o‘rganmoqda, o‘zi kelgan davlat haqida bilib olyapti. O‘ylaymanki, u O‘zbekiston bo‘yicha o‘zining shaxsiy qarashlarini shakllantirib olishi kerak.

Hozirda u o‘zbek tilini ham o‘rganmoqda. Bu qisman mening taklifim edi, chunki rasmiy yig‘ilishlarda vazirlar yoki vazir o‘rinbosarlari o‘zbek tilida gapirishayotgani, prezidentning barcha chiqishlari ham o‘zbek tilida ekanini ko‘proq kuzatyapmiz. Haqiqatdan ham o‘zbek tili tobora ko‘proq davlatning rasmiy tiliga aylanib bormoqda. Shuning uchun xorijiy mamlakat vakili sifatida uning o‘zbek tilini tushunishi muhim.

O‘zim ham kelgunimga qadar rus tilini o‘rgangan bo‘lsam-da, bu yerda undan unchalik foydalanmaganman, chunki o‘zbek tilining mamlakat ijtimoiy-siyosiy hayotida tutgan o‘rni ancha yuqori.

Boshqa narsalar qatorida, milliy tildan foydalanish hurmatni ko‘rsatadi. Qaysidir ma’noda o‘rganmaganimdan afsusdaman, chunki men arabchani bilaman va o‘zbek tilida ma’nosini arabchadan biladigan so‘zlarga doimo duch kelaman. Ular orasida oddiy so‘zlar: “lekin”, “inson” yoki “raxmat” kabi aytilishi bir xil, shuningdek, siyosiy yoki iqtisodiy lug‘atdagi “iqtisod” yoki “siyosiy” kabi ancha murakkab so‘zlar mavjud.

— Diplomatik faoliyatingizni yakunlayapsiz. Ortga qarab nima deya olasiz? Va rejalaringiz qanday?

— 42 yildan beri diplomatik xizmatdaman. Hech qachon diplomat bo‘lishni niyat qilmaganman. Universitetni tamomlaganimda, boshlang‘ich sinf o‘qituvchisi bo‘lishni xohlardim va hozir ham qo‘limdan keladigan eng yaxshi ish shu. Yaxshi o‘qituvchi bo‘lardim. Hech qachon yaxshi diplomat bo‘lganman deb o‘ylamayman. Lekin boshqa narsa qilishga qaror qildim.

Menga sayohat qilish, tillar, odamlar, madaniyatlar va tarixni tushunish uchun uzoq vaqt boshqa mamlakatlarda yashash yoqdi. Va men buni hali ham yaxshi ko‘raman. Oxirgi missiya uchun O‘zbekistonga tayinlanishimni so‘raganimning sabablaridan biri ham bu yer dunyoning men hech narsa bilmagan mutlaqo yangi qismi edi.

Diplomatiyaning bir qismi bo‘lgan yangi narsalarni kashf qilishni yaxshi ko‘raman. Va, biz aytganimizdek, o‘zimizni boshqalarning o‘rnida his qilishni. Xorijlik O‘zbekistonda yashash, o‘zbek bo‘lish qandayligini qanchalik his qila olsa. Bularning barchasini juda sog‘inaman.

Menga diplomatik xizmat xilma-xil mamlakatlarda yashashga imkon berganidan juda baxtiyorman. Men ishlagan barcha joylarni yaxshi ko‘raman: Yaqin Sharq — Maskat (Ummon), Iroq, Yaman, Janubiy Amerika — Yevropa Ittifoqi uchun to‘rt yil ishlagan Chili, Boliviya, shuningdek, Yangi Zelandiya. Va hozir bu yerdaman. Bundan tashqari, boshqa joylarda, jumladan, Afrika va Afg‘onistonda ham qisqa muddatli topshiriqlarni bajarganman.

Bu ajoyib hayot edi va qiziqarli yoki omadli paytlarda ushbu mamlakatlarda faoliyat ko‘rsatdim. Va agar bularni bitta mavzu bilan ifodalash mumkin bo‘lsa, deyarli har doim o‘zgarishlar tez yuz berayotgan mamlakatlarda bo‘ldim. Chunki ushbu mamlakatlarda o‘zgarishlarni zarur yoki muhim qilgan siyosiy yoki iqtisodiy voqealar sodir bo‘lardi.

Britaniya hukumati va Britaniya elchixonasining ushbu o‘zgarishlar jarayonlarida ishtirok etishi qiziqarli, foydali va rag‘batlantiruvchi his bo‘ldi. Va ketish men uchun juda qayg‘uli bo‘ladi. Lekin, o‘ylashimcha, 42 yil uzoq vaqt. Va butsilarimni mixga osib, boshqa ish qilish vaqtim yaqinlashmoqda.

Hali ham juda ko‘p energiyam bor. 13 yoshli farzandim bor va agar farzandlaringiz bo‘lsa, sizga juda ko‘p energiya kerak bo‘ladi. Fransiyada uyimiz bor va qilinadigan ishlarimiz ko‘p. U juda eski 250 yillik uy, eski qishloqda. Unda yashash juda qulay, lekin qilinadigan ishlar ko‘p. Shunday ekan, avval buni qilishim, so‘ngra esa keyin nima qilishim haqida o‘ylashim kerak.

Ehtimol, bu ta’lim bilan bog‘liq bo‘lgan narsa bo‘ladi, chunki allaqachon tushunganingizdek, bu mening buyuk sevgim. Menimcha, hozir boshlang‘ich sinf o‘qituvchisi bo‘lishga kuchim yo‘q, lekin ta’lim bilan bog‘liq biror narsa qiziq bo‘lardi.

Turmush o‘rtog‘im — yozuvchi, asarlari butun dunyoda muvaffaqiyatli nashr etilmoqda. Va uning karerasidagi asosiy qismi hali oldinda. Shunday ekan, men ovqat pishiraman, uyni tozalayman, do‘konlarga boraman, dazmollayman va uni qo‘llab-quvvatlayman. Va, albatta, farzandimizni tarbiyalash. Shunday qilib, qiladigan ishlarim ko‘p.

— Janob elchi, suhbatingiz, vaqt ajratganingiz uchun katta rahmat.

— Sizga rahmat. Va men O‘zbekistonda to‘rt yil davomida o‘ta foydali, to‘laqonli va muvozanatli axborot manbai sifatida qadrlagan va hurmat qilgan “Gazeta.uz”ga ham minnatdorchilik bildirmoqchiman. Siz esa buni aytganim uchun menga pul to‘laganingiz yo‘q (kuladi).