24-iyul kuni Jinoyat ishlari bo‘yicha Olmaliq shahar sudi may oyida ikki nafar o‘quvchi qizni urib yuborgan Damas haydovchisiga nisbatan hukm chiqardi. Bu haqda “Almalыkskiy rabochiy” gazetasi xabar berdi.

Jinoyat ishi materiallariga ko‘ra, 15-may kuni soat taxminan 07:50 larda 19 yoshli S. Xidirov otasiga tegishli Damas avtomobilida Tinchlik ko‘chasi bo‘ylab harakatlanayotgan bo‘lgan. 21- maktab hududida svetoforning taqiqlovchi chirog‘iga e’tibor bermay, harakatlanishda davom etib, piyodalar o‘tish joyidan ko‘chani kesib o‘tayotgan 2009-yilda tug‘ilgan ikki nafar 7-sinf o‘quvchisini urib yuborgan. Qizlar turli darajadagi tan jarohatlari bilan Olmaliq markaziy shifoxonasiga yetkazilgan.

Sud-tibbiy ekspertizasi natijasida qizlardan birining bosh suyagi yopiq jarohati, bosh miyaning 1−2 darajali chayqalishi, peshona-chakka qismi jarohati, teri osti gematomalari, o‘ng tizza bo‘g‘imi sohasida yaralar borligi aniqlangan. Bunday jarohatlar o‘rtacha jarohatlar deb tasniflanadi.

Ikkinchi qizda bosh suyagi ochiq jarohati, bosh suyagi asosi sinishi, miyaga qon quyilishi, qorin bo‘shlig‘i shikastlanishi, tos suyagi o‘ng tomonining sinishi, miya shishi, ko‘plab jarohatlar va butun tanasida gematomalar bor edi. Bunday jarohatlar og‘ir jarohatlar deb tasniflanadi, natijada maktab o‘quvchisi to‘qqiz kundan keyin kasalxonada vafot etadi.

“Sud-avtotexnika ekspertizasi xulosasiga ko‘ra, Damas avtomobili haydovchisi Yo‘l harakati qoidalariga, xususan, svetofor, yo‘l belgilari va chiziqlari signallariga rioya qilganida, yo‘l-transport hodisasining oldini olish uchun texnik imkoniyatga ega bo‘lgan”, — deb yozadi gazeta.

Sudda sudlanuvchi o‘z aybiga to‘liq iqror bo‘ldi. Uning aybi jabrlanuvchi, qonuniy vakillari ko‘rsatmalari, o‘z aybiga iqror bo‘lishlari, videomateriallar, sud-tibbiyot va sud avtotexnika ekspertizalarining xulosalari bilan tasdiqlangan.

Sudda aniqlanishicha, sudlanuvchi yo‘l harakati qoidalarini qo‘pol ravishda buzgan, buning oqibatida bir kishi halok bo‘lgan, yana bir kishi jarohatlangan bo‘lgan YTH sodir etgan.

Sud sudlanuvchini O‘zbekiston JKning 266-moddasi 2-qismida nazarda tutilgan jinoyatni sodir etganlikda aybdor deb topib, unga nisbatan 2 yil muddatga transport vositalarini boshqarish huquqini cheklagan holda 6 yil muddatga manzil-koloniyada ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinladi.