Prezident qarori bilan Yangi Toshkent shahrini qurish bo‘yicha loyihalarni amalga oshirish doirasida boj imtiyozlari berilmoqda. Unga ko‘ra, “Yangi Toshkent shahrini barpo etish direksiyasi”, investorlar, bosh loyiha va bosh pudrat tashkilotlari O‘zbekistonda ishlab chiqarilmaydigan, belgilangan tartibda shakllantiriladigan ro‘yxatlar bo‘yicha chetdan olib kelinadigan qurilish texnikasi, asbob-uskuna, butlovchi buyumlar, ehtiyot qismlar uchun bojxona boji to‘lashdan 2027-yil 1-yanvarga qadar ozod etiladi.

Yangi Toshkent shahrini barpo etish direksiyasi” davlat muassasasi ham shu qarorga muvofiq shaharni barpo etish uchun Vazirlar Mahkamasi huzurida tashkil etilmoqda.

Direksiya hududni rivojlantirish rejalarini (master reja), tarmoq rejalarini va manzilli dasturlarini ishlab chiqadi hamda tasdiqlaydi. Yangi Toshkent shahri hududida loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha investorlar bilan muzokaralar olib boradi, salohiyatli investorlarni tanlaydi, ular bilan investitsiya va ijtimoiy majburiyatlarni belgilagan holda bitimlar tuzish va ularning ijrosini nazorat qiladi.

Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligi markaziy apparati tuzilmasida vazir o‘rinbosari — “Yangi Toshkent shahrini barpo etish direksiyasi” direktori lavozimi joriy etilmoqda. Lavozim vazir o‘rinbosari lavozimini qisqartirish hisobiga kiritilayotgani qayd etilgan.

Direksiya direktori prezident tomonidan lavozimga tayinlanadi va undan ozod etiladi. Direksiya direktorining o‘rinbosarlarini esa direktorning o‘zi bosh vazir bilan kelishgan holda lavozimga tayinlaydi va undan ozod etadi.

Direksiyaga o‘z vazifalarini bajarish uchun shaxsiy g‘azna hisobvarag‘ini ochishga ruxsat berilmoqda.

Qarorda, shuningdek, Yuqori Chirchiq va O‘rta Chirchiq tumanlaridagi 10 ta mavze hamda Sholichilik institutining qishloq xo‘jaligi yerlari Yangi Toshkent shahriga ajratilishi nazarda tutilgan. Yerlarning toifasi o‘zgartirilgani uchun qishloq va o‘rmon xo‘jaligi nobudgarchiliklari o‘rnini qoplash bo‘yicha kompensatsiya undirilmaydi.

Eslatib o‘tamiz, 2021-yil 31-avgust kuni prezident Shavkat Mirziyoyev Toshkent viloyati hududida, Chirchiq va Qorasuv daryolari oralig‘ida Yangi Toshkent barpo etilishini ma’lum qilgandi. May oyida Yangi Toshkentga Toshkent viloyatidan 19,7 ming gektardan ziyod yer maydoni o‘tayotgani xabar qilingan.