Ijtimoiy tarmoqlarda bir erkakning yosh bolalarni axloqsiz harakatlar qilishga majburagani aks etgan video tarqalib, u ushlangani haqida xabar berilgan edi. Bosh prokuratura axborot xizmatining ma’lum qilishicha, 39 yashar erkakka nisbatan Jinoyat kodeksining 129-moddasi (O‘n olti yoshga to‘lmagan shaxsga nisbatan uyatsiz-buzuq harakatlar qilish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.

“Mazkur jinoyat ishi bo‘yicha Olmaliq shahri IIB tergov bo‘limi tomonidan dastlabki tergov harakatlari amalga oshirilmoqda”, — deyiladi prokuratura axborotida.

Avvalroq Toshkent viloyati IIBB axborot xizmati rahbari Bobur To‘laganov videodagi shaxs Piskent tumanida yashovchi F.X. ekani, u ruhiy kasalliklar dispanserida doimiy ro‘yxatda turishini ma’lum qilgandi. Respublika tibbiy-ijtimoiy ekspertiza inspeksiyaning tegishli ma’lumotiga ko‘ra, fuqaro bolaligidan 2-guruh nogironi hisoblanadi.

“Holat yuzasidan fuqaroning yaqinlari bilan o‘tkazilgan profilaktik suhbat va tergovga qadar surishtiruv davomida uning hozirgi holati mutaxassislar tomonidan o‘rganilib, davolanishi uchun Olmaliq shahridagi ruhiy asab kasalliklari dispanseriga joylashtirildi”, — deya xabar bergandi viloyat IIBB axborot xizmati.