O‘zbekistonning Ukrainadagi elchixonasi dushanba kuni ushbu mamlakat qurolli kuchlari Bosh shtabining bosib olingan Gorlovka hududidagi Rossiya armiyasi tarkibida O‘zbekiston fuqarolari aniqlangani haqidagi xabariga izoh berdi. Ukraina tomoniga ko‘ra, o‘zbekistonliklar Mariupolga qurilish ishlari uchun kelgan, biroq ularning pasportlari olib qo‘yilgan va ko‘ngilli sifatida safarbar qilingan.

Elchixona Ukraina Tashqi ishlar vazirligiga ushbu masala bo‘yicha so‘rov yubordi, deyiladi xabarda.

“Ushbu masala diplomatik vakolatxona tomonidan doimiy nazoratga olingan bo‘lib, Ukraina tomonidan yuqoridagi ma’lumot tasdiqlangan taqdirda, fuqarolarimiz manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha kerakli barcha chora-tadbirlar ko‘riladi”, — deyiladi elchixona xabarida.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Ukrainaning Toshkentdagi elchixonasi O‘zbekiston fuqarolarini Rossiyaning bu davlatga qarshi urushida qatnashmaslikka va Ukrainaning vaqtincha bosib olingan hududlariga bormaslikka chaqirgan, aks holda ular javobgarlikka tortilishini ma’lum qilgan edi.