Prezident huzuridagi Statistika agentligi mamlakatda kambag‘allik chegarasini aniqlashda foydalaniladigan minimal iste’mol xarajatlari miqdorini (MIX) e’lon qilganidan keyin tanqidga uchradi.

Bunga javoban, Statistika agentligi aholining minimal iste’mol xarajatlarini (MIX) hukumat tomonidan tasdiqlangan nizom (VMQ-544) asosida hisoblab chiqishini eslatib o‘tdi. Mazkur tartib xalqaro tajriba asosida Iqtisodiy rivojlanish va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi hamda Jahon banki ekspertlari bilan hamkorlikda ishlab chiqilgan.

Hukumatning yuqoridagi qaroriga ko‘ra, agentlik ko‘rsatkichni 20-yanvargacha e’lon qilishi kerak edi. Ammo fevral oyi oxirida Vazirlar Mahkamasining yana bir qarori qabul qilindi, unga ko‘ra ko‘rsatkichni e’lon qilish muddati iyul oyiga ko‘chirildi. Qonunga ko‘ra, teng yuridik kuchga ega bo‘lgan normativ-huquqiy hujjatlar o‘rtasida nomuvofiqliklar aniqlangan taqdirda, keyinchalik qabul qilingan hujjat qoidalari qo‘llaniladi.

2023-yil uchun minimal iste’mol xarajatlari nizomning 16-bandi talablaridan kelib chiqqan holda hisoblab chiqilgan, ya’ni minimal xarajatlar hisoblangan yil bazaviy yil bo‘lib, kelgusi yil uchun minimal xarajatlar oziq-ovqat, nooziq-ovqat mahsulotlari va xizmatlar narxlari darajasidan kelib chiqib, indeksatsiya qilib boriladi, deyiladi agentlik xabarida.

Xususan, 2022-yilda inflyatsiya 12,3 foizni tashkil etdi, oziq-ovqat mahsulotlari narxi 15,6 foizga, nooziq-ovqat mahsulotlari narxi 10,7 foizga, xizmatlar narxi esa 8,3 foizga oshdi.

Minimal iste’mol xarajatlari ko‘rsatkichi 2021-yilda 10,6 ming uy xo‘jaligini o‘rganish natijalari doirasida hisoblab chiqilgan (2020-yilda ular 5,4 mingta edi). Shu bilan birga, so‘rovda qatnashgan xonadonlar xarajatlar miqdori bo‘yicha 10 ta guruhga bo‘linib, ushbu oilalardan eng kam xarajat (daromad)ga ega bo‘lgan xonadonlarning 30 foizi ajratilgan.

O‘rganishlar natijasida olingan ma’lumotlarga ko‘ra, har bir kishi uchun zarur bo‘lgan kunlik oziq-ovqat (2200 kkal), nooziq-ovqat tovarlari va xizmatlar uchun oylik minimal iste’mol xarajatlari 498 ming so‘mni tashkil etdi. Oradan bir yarim yil o‘tib, bu ko‘rsatkich 14 foizga o‘sdi — oyiga bir kishi uchun 568 ming so‘mgacha (kuniga 18,9 ming so‘m).

Statistika agentligi moliyachi Otabek Bakirov tomonidan e’lon qilingan ma’lumotlar “noto‘g‘ri taqdim etilgan va hech qanday faktga asoslanmagan” deb hisoblamoqda. Xususan, moliyachi ko‘rsatkichning oxirgi yangilanishigacha oraliqda (2022-yil yanvaridan 2023-yil iyunigacha) jami inflyatsiya 16,1 foizdan, oziq-ovqat inflyatsiyasi 20,3 foizdan oshganini, aholi jon boshiga nominal daromadlar kamida 28 foizga oshganini yozgandi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, bu ko‘rsatkichni inflyatsiya darajasidan pastroq belgilash “kambag‘allarning yanada qashshoqlashishiga” olib keladi, shuningdek, davlatning ijtimoiy nafaqalar (“dekret” puli, ba’zi nafaqalar va minimal iste’mol xarajatlariga bog‘liq bo‘lgan boshqalar) bo‘yicha xarajatlarini kamaytiradi.

Statistika agentligining qayd etishicha, 2022-yil oxiriga kelib aholi jon boshiga nominal daromadlar 19,8 foizga oshgan. “Bunday tushunmovchiliklarga yo‘l qo‘ymaslik uchun Statistika agentligining rasmiy statistikasidan foydalanish kerak”, — deyiladi xabarda.

Otabek Bakirov agentlikdan ko‘rsatkichni hukumat qarori bilan belgilanganidek yanvar oyidan boshlab hisoblashni so‘ramoqda. Uning fikricha, minimal iste’mol xarajatlari yanvar oyida e’lon qilinganida, ijtimoiy yordamga muhtojlar olti oy ichida 420 ming so‘m (oyiga 70 ming so‘m ko‘proq) ko‘proq to‘lovga ega bo‘lardi.