Aziya Invest Favorit qurilish kompaniyasidan uy sotib olgan fuqarolar 21-iyul kuni O‘zbekiston bosh vaziri Abdulla Aripov bilan uchrashdi. Ijtimoiy tarmoqlarda “Paxtakor” stadioni yaqinida bo‘lib o‘tgan uchrashuv videosi tarqaldi.

Avval xabar berganimizdek, 1000 dan ortiq mijoz Aziya Invest Favorit tomonidan qurilayotgan va qurib bitkazilayotgan 8 ta uydan kvartira sotib olgan. Qurilish kompaniyasi banklardan kredit olish uchun egalarining kvartiralarini garovga qo‘ygan, biroq keyinroq kredit to‘lanmagani uchun banklar uy-joyni tortib olgan. Aholiga yetkazilgan zarar 300 mlrd so‘mdan (25,9 mln dollarga yaqin) oshishi mumkin.

Mazkur holat yuzasidan Yashnobod viloyati prokuraturasi tomonidan JKning 168-moddasi 4-qismi (o‘ta yirik miqdordagi firibgarlik) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.

Hukumat rahbari 1091 nafar aksiyadorning muammosini hal etish uchun bosh vazir o‘rinbosari Achilbay Ramatov boshchiligida hukumat komissiyasi tuzilganini ma’lum qildi.

“Bunday narsani oldin gaplashib olaylik. Xudoga ming marta shukur, erkin zamonda gaplashyapmiz. Hech qaysi biringizga davlat: „Mana shu yerdan uy olinglar“, deb qo‘llaringdan yetaklab olib borgani yo‘q, to‘g‘rimi? U odam o‘zi olib qilyapti, tadbirkor. O‘g‘rimas, hali qochib ketgani yo‘q. Biz uni qamaganimiz yo‘q. Agar hozir sizlar to‘palon qiladigan bo‘lsangizlar, biz uni qamab qo‘yamiz, u pulini to‘lay olmaydi. Uyni ham bitqazmaydi. Sizlarga uy kerak, to‘g‘rimi?” — dedi bosh vazir.

Abdulla Aripov yig‘ilgan fuqarolarga barchasi qonuniy ravishda hal qilib berilishiga va’da berdi.

“Hurmatli prezidentimiz yubordilar. Chunki sizlarning orqangizda nafaqat biz, bu kishi shahar prokurori, mana — qurilish vazirining birinchi o‘rinbosari, boshqalar turibdi, prezident turibdi! Shuning uchun qo‘rqmanglar. Men sizlar bilan alohida yig‘ilib, bitta-bitta o‘tirib, hammasini hal qilamiz”, — dedi hukumat rahbari.

Bosh vazirning ta’kidlashicha, pulni qaytarish yoki uy-joy bilan ta’minlash imkoniyatlari ko‘rib chiqilmoqda. Aholi shu zahoti pul kerak emasligini e’tiroz bildirdi. Biz aholining inflyatsiyadan xavotirda ekani, chunki qurilish boshlangan vaqtlarda kvartiralarning har kvadrat metri 3,5−4 mln so‘m bo‘lgani, so‘nggi to‘rt yilda esa uy-joy narxi sezilarli darajada oshgani uchun mablag‘larni qaytarishni istamayotgani haqida yozgan edik.

aziya invest favorit, bosh vazir

Abdulla Aripov 100 foiz to‘lovni amalga oshirganlar uy-joy bilan ta’minlanishini ta’kidladi, “ular xavotirga tushmasin”. Aholidan biri 50% to‘laganlar bilan nima bo‘lishini so‘radi. Hukumat rahbari pullar unga qaytarilishini aytdi.

“Qo‘shimcha to‘lov masalasi ko‘riladi. Agar qurilish materiallari qimmat bo‘lgan, narxi indeksatsiya bo‘lgan bo‘lsa, unda indekslangan narx to‘laysizlar”, — dedi u. Uning bu so‘zlari yana noroziliklarni keltirib chiqardi.

Bosh vazir besh-oltita quruvchilarni uy-joy qurishga alohida jalb etish rejalashtirilayotganini ta’kidladi. “Hech kimga sizlardan bir so‘m foyda qildirtirmaymiz. Men va’da beraman. U quruvchiga boshqachasiga kompensatsiya qildirib beraman. Qaror chiqarib beraman. U qarorni ham o‘zlaringga o‘qib beraman”, — dedi bosh vazir.

Yana bir ayol: “O‘zimiz keldik, o‘zimiz to‘ladik, lekin tushuning, bu davlatga ishonch. Mana, men Rossiya fuqarosiman, u yerda meni aldashayotganini bilardim. O‘zbekiston hech qachon aldamasligini, chuv tushirmasligini bilardim”.

Bunga javoban Abdulla Oripov: “Kechirasiz meni, hamma joyda chuv tushirishadi”, — dedi.

Hukumat rahbari unga prezident tomonidan “xalqimning muammolarini hal qilish” topshirig‘i berilganini yana bir bor takrorladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, qolgan uylarning qurilishini yakunlash 2024-yil oxiriga mo‘ljallangan.

Bosh vazir qurilish vazirining birinchi o‘rinbosari Davron Odilov bilan ikki hafta davomida pudratchilar va qurilish maydonchalarini tanlash masalasini muhokama qilishini, so‘ng avgust oyi boshida yana hissadorlar bilan uchrashib, muammoni hal etish variantlarini taklif qilishini aytdi.

Uchrashuv so‘ngida hukumat rahbari qo‘llarini duoga ochib, prezidentning haqqiga duo qildi: “Hammamizning baxtimizga xurmatli prezidentimiz omon bo‘lsinlar, bizning hayotimizni, sog‘lig‘imizni o‘ylaydigan. Dunyo turguncha tursinlar”.