17-iyul, dushanba kuni AQShning Nyu-York shahrida bo‘lgan otishmada og‘ir yaralangan 15 yoshli o‘zbekistonlik bola seshanba tongida vafot etdi, deya xabar bermoqda New York Post.

Marhum Faridun Mavlonov 17-iyul kuni soat 13:00 atrofida 20-avenyu yaqinida yuz bergan to‘qnashuv chog‘ida bel sohasiga o‘q tegib, jarohatlangan. U professional UFC jangchisi bo‘lishni orzu qilgan va Jeyms Medison o‘rta maktabi o‘quvchisi bo‘lgan.

“Bugun o‘g‘lim vafot etdi. Balki yana bir kun boshqa odamlarning o‘g‘li vafot etadi. Har vaqt, har kuni xavfli bo‘lib qoldi”, — degan bolaning otasi Firdavs Mavlonov jurnalistlarga.

Nyu-York politsiyasi departamenti boshlig‘i Jeyms Essigning so‘zlariga ko‘ra, marhum shunchaki noto‘g‘ri vaqtda noto‘g‘ri joyda bo‘lgan. Otishmada gumonlangan 17 yoshli o‘smir hozir qidiruvda, hali ham qo‘lga olinmagan. U Franklin Delano Ruzvelt yuqori maktabida boshqa bir bola bilan janjallashgan va ikkalasi orani ochiq qilishga kelishib olgan.

Biroq o‘q ko‘zlangan odamga emas, Mavlonovga tekkan.

15 yoshli marhum O‘zbekistonda tug‘ilgan va AQShga 10 yil avval borgan. “Jinoyatchi jazolanishi kerak. Oiladagi yo‘qotilgan bolaning o‘rnini hech kim bosa olmaydi va aybdor jazolanishi kerak”, — dedi marhumning 39 yoshli amakisi Ozod Jo‘rayev.