Davlat rahbari etib saylanganidan keyin ilk xorijiy tashrifi bilan 18−19-iyul kunlari Saudiya Arabistonida bo‘lgan O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev tashrifining ikkinchi kuni Makka shahriga tashrif buyurdi.
“19-iyul — islom olamida boshlangan hijriy 1445-yil muharram oyining birinchi kunida davlat rahbari ehromga kirib, umra amallarini bajardi. Ka’batullohning ichida namoz o‘qish sharafiga muyassar bo‘ldi”, — deyiladi prezident matbuot xizmati xabarida.
“Shavkat Mirziyoyev dinimiz arkonlariga muvofiq Baytulloh atrofida yetti bor tavof, Safo va Marva tepaliklari orasida yettita sa’y qildi. Vatanimiz ravnaqi, el-yurtimiz tinchligi va farovonligi, barcha yurtdoshlarimiz, yosh avlodimiz baxtu iqboli va yorqin kelajagini tilab duolar qilindi”, — deyiladi xabarda.
“Ta’kidlash joizki, aynan shu kuni Ka’baning kisvasini almashtirish marosimi bo‘lib o‘tdi”, — deya qo‘shimcha qildi prezident matbuot xizmati.
Eslatib o‘tamiz, Shavkat Mirziyoyev o‘tgan yilning avgust oyida Saudiya Arabistoniga davlat tashrifi chog‘ida ham umra amalini ado etgandi.
O‘zbekiston prezidenti Jidda shahrida bo‘lib o‘tgan “Markaziy Osiyo — Ko‘rfaz arab mamlakatlari hamkorlik kengashi” birinchi sammitida ishtirok etdi. Sammit oldidan Tojikiston prezidenti Imomali Rahmon ham umra ziyoratini amalga oshirdi.