Qashqadaryo viloyati hokimi Murotjon Azimov boshchiligidagi delegatsiya Xitoyga tashrifi doirasida JAC Motors kompaniyasi bilan Qarshi shahrida an’anaviy yoki elektromobillarni ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish yuzasidan muzokaralar o‘tkazdi. Bu haqda viloyat hokimligi matbuot xizmati xabar berdi.

Hokimlik ma’lumotlariga ko‘ra, viloyatda avtomobil zavodini ochish bo‘yicha topshiriq prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan berilgan.

JAC Motors rahbariyati bilan uchrashuvda O‘zbekiston vakillari ushbu investitsiya loyihasi kelajakda mintaqaning o‘ziga xos tashrif qog‘oziga aylanishini ta’kidladi. Yaqin kunlarda ishlab chiqarish korxonasi rahbariyatining Qarshi shahriga tashrifi kutilmoqda.

“Viloyatimizda energiya tejovchi, boshqarishga qulay va aqlli mashinalarni ishlab chiqarishni joriy etish bo‘yicha muzokaralar davom ettirilib, tashrif davomida yana 2 ta yirik avto ishlab chiqaruvchilar bilan muzokaralar o‘tkazish rejalashtirilgan”, — deyiladi xabarda.

Xitoy avtomobil ishlab chiqaruvchilari O‘zbekistonda allaqachon faoliyat yuritmoqda. May oyida Sirdaryoda EXEED rusumli avtomobillar ishlab chiqaruvchi zavod ishga tushirildi. O‘tgan yilning avgust oyida “O‘zavtosanoat” va BYD Auto O‘zbekistonda to‘liq siklli avtomobillar ishlab chiqarishni tashkil etishga kelishib olgandi. Kelgusida dvigatellar, elektromotorlar va akkumulyatorlar ishlab chiqarish rejalashtirilgan.

Xitoyning Great Wall Motor kompaniyasi yil oxirigacha ADM Jizzakh avtomobillar guruhi negizida Haval avtomobillarini O‘zbekistonda yig‘ishni boshlashni rejalashtirmoqda.

Iyun oyida Shavkat Mirziyoyev prezidentlikka nomzod sifatida O‘zbekistonda avtomobilsozlikni rivojlantirish niyati borligini ma’lum qilgandi. Uning so‘zlariga ko‘ra, yaqin ikki yilda avtomobil ishlab chiqarishni yiliga 300 mingdan 500 mingga oshirish, 2030-yilga borib esa mamlakatda 1 million dona avtomobil, jumladan, 300 mingta elektromobil ishlab chiqarish rejalashtirilmoqda.

JAC Motors o‘z faoliyatini 1964-yilda tijorat avtomobillari ishlab chiqaruvchisi sifatida boshlagan va 2000-yillarning boshida tijorat va yengil avtomobillar ishlab chiqarishga o‘tgan.