O‘zbekiston, Pokiston va Afg‘oniston Islomoboddagi uchrashuvda “Termiz — Mozori Sharif — Kobul — Peshovar” transafg‘on temiryo‘l liniyasini qurish bo‘yicha muzokaralarning yakuniy bosqichini boshladi, deb xabar berdi “O‘zbekiston temir yo‘llari” kompaniyasi matbuot xizmati.

Tomonlar moliyalashtirish mexanizmlari, qurilish, texnik tafsilotlar va amalga oshirish muddatlarini muhokama qilmoqda, deyiladi xabarda.

2021-yil fevral oyida Toshkentda O‘zbekiston, Afg‘oniston va Pokiston o‘rtasida “Mozori Sharif-Kobul-Peshovar” temiryo‘li qurilishi bo‘yicha yo‘l xaritasi imzolangandi. Loyihani may oyida tayyorlash, yo‘l qurilishi esa 2021-yil sentabrida boshlanishi rejalashtirilgandi. Ammo Afg‘onistonda hokimiyat almashishi loyihani sekinlashtirdi. Biroq dekabr oyida Afg‘oniston muvaqqat hukumati loyihaga qo‘shildi. 2022-yil 18-iyulda ushbu mamlakat hududida Transafg‘on temiryo‘lining yo‘nalishini va loyihaning texnik-iqtisodiy asoslarini aniqlash bo‘yicha ekspeditsiya ishlari boshlandi.

Seshanba kuni davlatlar O‘zbekistonning Termiz, Afg‘onistonning Mozori Sharif va Lahor shaharlaridan o‘tib, Xarlachi chegara punkti orqali Pokistonda tugaydigan temiryo‘l yo‘nalishi bo‘yicha qo‘shma protokolni imzolaydi, deb xabar berdi Pokistonning Dawn nashri.

O‘zbekiston “Boshtransloyiha” instituti yo‘l qurilishi qiymatini 4,6 milliard dollarga, Pokiston 8,2 milliard dollarga baholagan. OAV xabarlariga ko‘ra, loyiha 4,8 milliard dollardan 6 milliard dollargacha baholangan. U 573 km uzunlikdagi va yiliga 20 million tonnagacha yuk tashish imkoniyatiga ega bo‘lgan avtomobil yo‘lini qurishni nazarda tutadi. Yangi transport yo‘lagi Yevropa Ittifoqi, Rossiya, O‘zbekiston, Afg‘oniston, Pokiston, Hindiston va undan keyingi Janubi-Sharqiy Osiyo davlatlarini bog‘lashi kerak.

Shu bilan birga, liniya ham yuk, ham yo‘lovchi tashishni qo‘llab-quvvatlaydi.

Dawn nashrining o‘zbek tomoniga tayanib xabar berishicha, temiryo‘l O‘zbekiston va Pokiston o‘rtasidagi yuklarni yetkazib berish muddatini taxminan besh kunga qisqartiradi. Tovarlarni tashish narxi ham kamida 40 foizga arzonlashadi. Loyiha 2027-yil oxirigacha yakunlanishi, 2030-yilga borib esa poyezdlar yiliga 15 million tonnagacha yuk tashish imkoniyatiga ega bo‘lishi taxmin qilinmoqda.

Pokiston bu temiryo‘l qurilishi Markaziy Osiyoni Pokistonning 230 million aholisiga yaqinlashtirib, Arab dengizi bo‘yidagi davlatlar bilan savdo-sotiq uchun imkoniyatlar ochishiga umid qilmoqda.

O‘TY ma’lumotlariga ko‘ra, har uchala davlat ham “o‘zaro manfaatli hamkorlikka yuqori qiziqish va tayyorlik ko‘rsatmoqda”.