2023-yil uchun hisoblangan minimal iste’mol xarajatlari qiymati bir oyda kishi boshiga 568 ming so‘mni tashkil etdi, deya xabar berdi Statistika agentligi.

Ko‘rsatkich “2023-yil uchun Statistika dasturi”da belgilangan muddatda hisoblangan. Oxirgi marta minimal iste’mol xarajatlari miqdori 2022-yil boshida yangilangandi va bir kishi uchun minimal iste’mol xarajatlarining yangi miqdori 13,2 foizga oshib, 498 ming so‘mni tashkil etgandi.

Undan avval esa 2021-yil may oyida birinchi marta minimal iste’mol xarajatlari hisoblangan va 440 ming so‘mni tashkil etgandi.

Jahon tajribasida minimal iste’mol xarajatlari ko‘rsatkichidan kambag‘allik chegarasi sifatida foydalanish keng tarqalgan bo‘lib, mazkur ko‘rsatkichdan:

  • davlatning moddiy va boshqa ijtimoiy ko‘maklariga muhtoj aholining maqsadli (target) guruhini aniqlash;

  • mamlakatning kambag‘allik chegarasini belgilashda foydalanish va bunda target guruhdagi aholining real iste’mol xususiyatlari va talablarini inobatga olish;

  • kambag‘allikka qarshi kurashish strategiyasi va dasturlarida belgilangan vazifa va chora-tadbirlarning natijadorligi hamda manzilliligini oshirish, shuningdek, ularning doimiy monitoringini yuritish;

  • pensiyalar va nafaqalarning eng kam miqdorini belgilash, shuningdek, kambag‘al oilalarga beriladigan boshqa turdagi moddiy ko‘maklarni ko‘rsatishda mezon sifatida foydalaniladi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Statistika agentligi 2023-yil uchun minimal iste’mol xarajatlari iyul oyida e’lon qilininishini qayd etgandi. Rasmiylarga ko‘ra, bu yil avvalgi yildagidan farqli ravishda ko‘proq tovar va xizmatlar turlari bo‘yicha kuzatuvlar o‘tkazilgan. Ko‘rsatkichni qayta ishlash jarayoni ko‘proq vaqt olgani uchun uni yil yarmida e’lon qilish belgilangan.

Ma’lumot o‘rnida, minimal iste’mol xarajatlari uy xo‘jaliklarining real iste’mol qiymatlari va tarkibini o‘rganish asosida ularning sog‘lom hayot kechirishlari uchun zarur bo‘lgan oziq-ovqat va nooziq-ovqat mahsulotlar hamda xizmatlar uchun minimal xarajatlarning hisoblangan qiymati hisoblanadi. Vazirlar Mahkamasi qarori bo‘yicha minimal iste’mol xarajatlaridan kambag‘allik mezoni yoki chegarasi sifatida foydalaniladi. Ijtimoiy himoya yagona reyestri axborot tizimi orqali oilani kam ta’minlangan deb e’tirof etish jarayonida qo‘llanadigan va jon boshiga to‘g‘ri keladigan bir oylik daromad mezoni minimal iste’mol xarajatlariga tenglashtiriladi.