O‘zbekiston Gruziyaning Poti portida logistika markazi tashkil etishni rejalashtirmoqda, deya xabar berdi Spot nashri “O‘zto‘qimachiliksanoat” uyushmasiga tayanib.

Uyushma boshchiligidagi delegatsiya Gruziyada “Gruziya kiyim-kechak va moda” uyushmasi (GAFA) va 10 dan ortiq yirik gruziyalik eksportyor va importyor kompaniyalar bilan davra suhbati o‘tkazgan. Muzokaralar natijasida, ikki tomonlama savdo va investitsiya aloqalarini kengaytirish, Gruziya kompaniyalarining O‘zbekistondagi to‘qimachilik sohasidagi tadbirlarda faol ishtirokini ta’minlash va boshqa keng qamrovli hamkorlik masalalari bo‘yicha hamkorlik memorandumi imzolangan.

Shuningdek, “Poti erkin iqtisodiy zonasi” bosh direktori David Yebralidze bilan Poti erkin iqtisodiy zonasida logistika markazini tashkil etish bo‘yicha hamkorlik memorandumi imzolashga erishilgan.

Ta’kidlanishicha, bu O‘zbekistonda ishlab chiqarilgan mahsulotlarni AQSh, Kanada va Yaponiyaga soliq va Gruziyaning ushbu davlatlar bilan GSP+ dasturidan foydalangan xolda bojxona bojisiz re-eksport qilish imkonini beradi. Zona hududidagi korxonalar bilan kooperatsiya aloqalarini yo‘lga qo‘yish ham mumkin bo‘ladi.