O‘zbekistonda konstruktiv muxolifat faoliyati kafolatlanadi. Bu haqda saylangan prezident Shavkat Mirziyoyev inauguratsiya marosimidagi nutqida aytib o‘tdi.

“O‘zbekistonda barcha siyosiy huquqlar qatorida vijdon va e’tiqod erkinligi kafolatlari so‘zsiz ta’minlanadi”, — dedi Shavkat Mirziyoyev.

“Biz demokratiya va ochiqlik siyosatini izchil davom ettirib, konstruktiv muxolifat faoliyatini, so‘z va matbuot erkinligi, fuqarolarning axborot olish, undan foydalanish va tarqatishga bo‘lgan huquqlarini kafolatlaymiz”, — dedi prezident.

2019-yil yakunida Shavkat Mirziyoyev mamlakat ichida siyosiy muxolifat paydo bo‘lishi, xalqning barcha muammolarini bilishi uchun sharoit yaratish zarurligini ta’kidlagandi.

2021-yil sentabr oyida Senat raisining birinchi o‘rinbosari Sodiq Safayev jamiyat muxolifat, tanqid va muqobil g‘oyalarsiz rivojlanib bo‘lmasligini ta’kidlagan edi.