13-iyul kuni Yevroparlament Qirg‘izistonda ommaviy axborot vositalari va so‘z erkinligiga bosim to‘g‘risidagi rezolyutsiyani ma’qulladi. Bu haqda Yevroparlament matbuot xizmati xabar berdi.

“Avval Markaziy Osiyo mamlakatlari ichida eng demokratik hisoblangan Qirg‘izistonda demokratik standartlar va inson huquqlarining xavotirli yomonlashuvidan so‘ng Yevroparlament deputatlari Qirg‘iziston hukumatini asosiy erkinliklarni, xususan, ommaviy axborot vositalari va so‘z erkinligini hurmat qilishga va himoya qilishga chaqiradi”, — deyiladi hisobotda.

Yevroparlament deputatlari Qirg‘iziston hukumatini rezolyutsiyada qayd etilganidek, mamlakatning xalqaro majburiyatlariga to‘g‘ri kelmaydigan va mamlakatda so‘z erkinligini bo‘g‘ish uchun qo‘llanayotgan bir qator qonunlar va qonun loyihalarini qaytarib olish va qayta ko‘rib chiqishga chaqirdi. Gap yolg‘on axborot va bolalarni zararli ma’lumotlardan himoya qilish to‘g‘risidagi qonunlar, shuningdek, “xorijiy vakillar” va ommaviy axborot vositalari to‘g‘risidagi qonun loyihalari haqida ketmoqda.

Rezolyutsiyada, shuningdek, “Azattiq” radiosini majburiy yopishga urinish, Kaktus.media`ga qarshi jinoiy ish qo‘zg‘atilgani, surishtiruv jurnalisti Bolot Temirov Qirg‘izistondan Rossiyaga chiqarib yuborilgani ham tilga olingan.

Bundan tashqari, Yevropa parlamenti Qirg‘iziston hukumatini bir qator mahalliy jurnalistlarga qarshi ayblovlarni olib tashlashga, shu tariqa OAVga bosimni to‘xtatishga chaqirdi.

Hujjatni 391 deputat qo‘llab-quvvatladi, 41 kishi qarshi ovoz berdi.

Yevroparlament rezolyutsiyasi qonuniy kuchga ega emas.

“Chegara bilmas muxbirlar” xalqaro tashkiloti e’lon qilgan so‘z erkinligi reytingida Qirg‘iziston 72-o‘rindan 122-o‘ringa tushib ketgan. Bu mintaqa davlatlari orasida eng keskin pasayishdir.