O‘zbekistonning Jahon savdo tashkilotiga (JST) a’zo bo‘lishi bo‘yicha ishchi guruhining yettinchi yig‘ilishi sentabr-oktabr oylarida o‘tkazilishi rejalashtirilgan, deya xabar berdi “Dunyo” axborot agentligi.

O‘zbekiston prezidentining JST masalalari bo‘yicha maxsus vakili Azizbek O‘runov Jenevada JST bosh direktori Ngozi Okonjo-Iveala, shuningdek, bir qator xorijiy davlatlar vakillari bilan tovar va xizmatlar bozoriga chiqish masalalari bo‘yicha uchrashuvlar o‘tkazdi.

“Tashrif davomida delegatsiya JST Kotibiyati bilan birgalikda O‘zbekistonning JSTga a’zo bo‘lishi bo‘yicha ishchi guruhining 7-yig‘ilishini shartli ravishda 2023-yil sentabr-oktabr oylarida o‘tkazish uchun barcha fundamental hujjatlar to‘plamini tayyorladi”, — deyiladi xabarda.

Ngozi Okonjo-Iveala, shuningdek, JST tashkilotga a’zo davlatlar bilan ikki tomonlama va ko‘p tomonlama muzokaralarni qo‘llab-quvvatlash maqsadida O‘zbekistonga texnik ko‘makni kengaytirishga tayyorligini bildirdi. Shu nuqtai nazardan, tomonlar bir qator xalqaro maslahatchilardan ekspert yordamini jalb qilish imkoniyatlarini muhokama qildi.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekistonning JSTga a’zo bo‘lishi bo‘yicha muzokaralar deyarli 15 yillik tanaffusdan so‘ng 2020-yil iyul oyida qayta boshlangan va bu yig‘ilish to‘rtinchisi bo‘lgan edi. JSTning 2022-yildagi beshinchi yig‘ilishi oldidan o‘tkazilgan konferensiyada so‘zga chiqqan o‘sha paytdagi bosh vazir o‘rinbosari Sardor Umurzoqov JST a’zolarini yanada moslashuvchan bo‘lishga chaqirgandi va O‘zbekiston a’zo bo‘lish jarayonini imkon qadar tezroq yakunlash niyatida ekanligini ta’kidlagandi.

Aprel oyida O‘zbekiston uchta davlat bilan mamlakatning JSTga kirishi bo‘yicha muzokaralarni deyarli yakunlagani haqida xabar berilgandi. Ishchi guruh tarkibiga jami 47 davlat kiradi, 31 davlat bilan faol muzokaralar olib borilmoqda.

Avvalroq O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev mamlakat eksportini ikki baravar oshirish strategiyasi doirasida JSTga albatta a’zo bo‘lishi kerakligini ta’kidlagandi. Uning so‘zlariga ko‘ra, mamlakat rasmiylari 2023-yilda tashkilotga kirishda sezilarli natijalarga erishadi.