Qozog‘iston prezidenti Qasim-Jomart Toqayev Ostona shahrini rivojlantirish bo‘yicha yig‘ilishda poytaxt muammolarini sanab o‘tdi. “Gazeta.uz” tahririyati ularning ko‘pchiligi Toshkent muammolariga o‘xshashligiga e’tibor qaratdi.

“Ochig‘ini aytishimiz kerakki, Ostonaning asosiy muammolari uning rivojlanishini noto‘g‘ri rejalashtirish, to‘g‘rirog‘i, umuman yo‘qligi bilan bog‘liq. Nazoratsiz tezlashtirilgan qurilishlar, katta hajmlar ortidan quvish va o‘ylab chiqilmagan qarorlar shaharda muhim infratuzilma yetishmasligiga olib keldi”, — deb hisoblaydi Qasim-Jomart Toqayev.

Uning so‘zlariga ko‘ra, bunday ayanchli natijaga “mas'uliyatli rahbarlarning yo ochiqdan-ochiq layoqatsizligi yoki g‘arazli niyatlari” sabab bo‘lgan.

“Shahar hokimiyati davlat va fuqarolar manfaatlarini doimo birinchi o‘ringa qo‘yishi, quruvchilarning so‘rovlari va foydaga bo‘lgan tashnaligiga yo‘l qo‘ymaslik”, — dedi Toqayev.

Prezident poytaxtda so‘nggi isitish mavsumi issiqlik quvvatlarining katta taqchilligi bilan o‘tganini ta’kidladi.

“Iliq qish sharofati bilan kollapsdan qochishning iloji bo‘ldi. Bir vaqtning o‘zida mahalliy hokimiyat millionlab kvadrat metr uy-joylar qurilishiga ko‘maklashishda davom etmoqda, vaholanki ularni zarur issiqlik bilan ta’minlashga tayyor emaslar. Shahar muhandislik infratuzilmasini rivojlantirish esa ko‘p jihatdan kommunal xizmat ko‘rsatuvchi korxonalar mas’ul mutasaddilarining kasbiy mahoratiga bog‘liq”, — dedi u.

ostona, qasim-jomart toqayev, qozog‘iston, shahar odamlar uchun, toshkent, urbanistika

Qozog‘iston rahbari Ostona meri Jenis Qasimbekka shahar kommunal korxonalari boshqaruvini tahlil qilish topshirilganini eslatdi.

“Poytaxtda IESga advokat, REKka baholovchi, issiqlik yetkazib beruvchisiga agronom, shahar suv xo‘jaligiga chorvachilik mutaxassisi rahbarlik qiladi. Ishonchim komilki, har kim o‘zi professional bo‘lgan ish bilan shug‘ullanishi kerak. Aks holda ish natijasi shunga yarasha bo‘ladi”, — dedi davlat rahbari.

Qozog‘iston prezidentining ta’kidlashicha, hokimlarning uzoqni o‘ylamasligi va harakatsizligi tufayli “yong‘in” rejimida yangi issiqlik manbalari, suv quvurlari, tozalash inshootlarini qurishga majbur bo‘lishmoqda.

Uning qayd etishicha, shahar tez sur’atlar bilan o‘sib bormoqda, muhandislik tarmoqlariga yuklama esa muttasil ortib bormoqda.

“Shuning uchun 3-IEMning ikkinchi navbati va uchinchi gaz qozonxonasini qurish bo‘yicha zudlik bilan hamda yakuniy qaror qabul qilish zarur. Bir oy muddatda tegishli takliflar kiritishni topshiraman. Bizning vazifamiz — Ostonani kamida o‘n yil davomida ishonchli issiqlik bilan ta’minlash. Bu poytaxtning barqaror rivojlanishi uchun nihoyatda muhim. Poytaxtning davlatning ma’muriy-siyosiy markazi sifatidagi alohida o‘rni hisobga olinsa, bu masala strategik ahamiyatga ega”, — dedi Toqayev.

Prezident, shuningdek, yoz boshida Ostonada suv yo‘qligi, shu sababli turar-joy majmualari aholisi yo‘llarni to‘sib qo‘ygani va uylariga suv berish talabi bilan mitinglarga chiqqani haqida gapirdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, poytaxt uchun bunday holat qabul qilinishi mumkin emas.

— Ochiq aytsak, vujudga kelgan vaziyat shahar muhandislik infratuzilmasini rivojlantirishda ishtirok etishi kerak bo‘lgan shaxslar harakatsizligining tabiiy oqibati bo‘ldi. Hayotiy muhim soha uchun o‘ta muhim bo‘lgan bunday xatolar nafaqat vijdonsizlik, balki haqiqiy zararkunandalik ham bo‘lib, javobgarlik shunga yarasha bo‘lishi kerak. Bu sohada xatoga yo‘l qo‘yib bo‘lmaydi, chunki suv, issiqlik va yorug‘lik insonning hayotiy ehtiyojlari hisoblanadi. Aybdorlar javobgarlikka tortilishi kerak", — dedi u.

ostona, qasim-jomart toqayev, qozog‘iston, shahar odamlar uchun, toshkent, urbanistika

Qasim-Jomart Toqayev poytaxt Ostona suv omboriga to‘liq qaram ekanini ta’kidladi. Boshqa suv manbalari yo‘q, bu juda xavfli. Har qanday vaqtda yuz berishi mumkin bo‘lgan avariya butun shahar uchun xavf tug‘diradi, shuning uchun Ostonani suv bilan ta’minlashning muqobil usullarini izlash kerak, dedi u.

“Poytaxt aholisi soni ortib borayotgani va tobora ko‘proq yangi obyektlar foydalanishga topshirilayotgani bois yaqin bir-ikki yil ichida suv ombori tugab bitishi hozirdan ma’lum… Agar kerakli ishlar amalga oshirilmasa, men buni sabotaj sifatida qabul qilaman. Biz zudlik bilan vaziyatni to‘g‘irlashimiz kerak. Poytaxtni bunday zaif holatda qoldirishni qabul qilib bo‘lmaydi”, — dedi u.

Bundan tashqari, Toqayev akimatga Qarabidayiq suv to‘plash ko‘lini keyingi yil oxirigacha kengaytirish bo‘yicha topshiriq berdi:

“Hozir Yesil daryosiga tashlamalar shaharning yagona suv arteriyasini ifloslantirmoqda. Bu juda xavfli, shunchaki qabul qilinishi mumkin emas. Hukumat ushbu tashlamalarni tartibga solish masalalarini hal qilishi kerak. Mana hukumat va vazirlik nima bilan shug‘ullanishi kerak: normativ tartibga solish”.

G‘uj qurilishlar

Qozog‘iston prezidenti uy-joy qurilishini tartibga solish zarurligini ta’kidladi. Bugungi kunda Ostonada 10 mln kvadrat metrga yaqin uy-joy qurilish ishlari olib borilmoqda. Qurilishlar sur’ati yuqori bo‘lganida sifat bir chetda qolib ketadi, dedi u.

Prezident katta mablag‘ ajratilayotgan qurilish sohasiga “har xil turdagi firibgarlar"ning kirib kelishga urinishlarini qayd etdi.

“Tadbirkorlik faoliyatini tekshirishga qo‘yilgan moratoriydan foydalanib, bir qator kompaniyalar tegishli ruxsatnomalarsiz qurilish ishlari olib bormoqda. Ular hissadorlardan noqonuniy ravishda pul yig‘ishmoqda. Bu juda xavotirli tendensiya. Hokimiyat huquq-tartibot idoralari bilan birgalikda bu xavfli tendensiyaga chek qo‘yishi kerak. Bularning barchasi yangi muammoli obyektlarning paydo bo‘lishiga olib keladi. Agar hokimlik mavjud muammoga ko‘z yumishda davom etsa, bu og‘ir oqibatlarga olib kelishi mumkin”, — dedi u.

Uning fikricha, mansabdor shaxslarning bunday jinoiy beparvoligi va mas’uliyatsizligi milliy xavfsizlikka ham zarar yetkazishi mumkin.

Ma’lum qilinishicha, bugungi kunda 4000 ga yaqin hissador o‘z kvartirasiga ko‘chib o‘ta olmayapti.

Toqayevning aytishicha, tadbirkorlik salohiyatidan foydalanish va avariya holatidagi uylarni buzish hamda shahar uy-joy fondini ta’mirlash bo‘yicha xususiy quruvchilarning investitsiya faolligini rag‘batlantirish zarur.

“Shuningdek, investorlar renovatsiya qilinadigan hududdagi yer uchastkalarini buzish va sotib olishga pul sarflashni xohlamaydilar. Ular uchun Ostonaning chap sohilida tayyor muhandislik tarmoqlari bo‘lgan bo‘sh joylarda qurilish qilish foydaliroq. Ammo o‘zaro murosalarni topish kerak. O‘ng qirg‘oqni saqlash va to‘g‘ri rivojlantirishga e’tibor berish zarur — shaharning eski qismi, u o‘ziga xos xarizmaga ega. Bizga Ostonaning muvozanatli rivojlanishi kerak”, — dedi u.

Investorlar avariya holatidagi obyektlarni buzishi, aholini boshqa binolarga ko‘chirishi va bo‘sh yerlarda yangi uylar qurishi lozim. O‘z navbatida, hokimlik ham ularga zarur shart-sharoitlarni yaratishi kerak. Shahar muhandislik infratuzilmasini rivojlantirish, yo‘llar, ijtimoiy obyektlar qurish zarur. Shunday qilib, birgalikdagi sa’y-harakatlar bilan avariya holatidagi va eskirgan uy-joy muammosini hal qilish mumkin bo‘ladi.

“Bundan tashqari, bu shahar markazi va uning chekkalari rivojlanishidagi nomutanosibliklarni bartaraf etishga yordam beradi. Shaharning eski qismi qiyofasi ham o‘zgaradi. Odamlarning farovon yashashini ta’minlaydigan eng yaxshi shaharsozlik yechimlaridan Ostonaning butun hududida foydalanish kerak. Yaltiroq osmono‘par binolar, boy mahallalar va haqiqiy xarobalar, vayronaga aylangan binolar — bu bizning yo‘limiz emas. Vaziyatni „tenglashtirish“ kerak. Bu adolatli jamiyat qurish g‘oyasining mohiyatidir”, — dedi Toqayev.

“Ostona bir xil turdagi qutisimon binolar bilan to‘lgan”

ostona, qasim-jomart toqayev, qozog‘iston, shahar odamlar uchun, toshkent, urbanistika

Qozog‘iston prezidenti poytaxtning yagona me’moriy qiyofasini shakllantirish bo‘yicha samarali chora-tadbirlar ko‘rish bo‘yicha topshiriq berdi. Uning fikricha, Ostonaning ishlab chiqilgan yagona loyiha kodeksi aslida rasmiy hujjatga aylangan, “qurilayotgan obyektlar bir-biriga mos kelmaydi, yagona uslub yo‘q, eklektika mavjud”.

“Poytaxtni qurilish sifati hech qanday tanqidlarga bardosh berolmaydigan bir xil turdagi qutisimon binolar bilan to‘ldirishdi. Bu uy-joy va ofisga ham taalluqli. Axir bu ko‘plab o‘n yilliklar uchun shaharning me’moriy qiyofasini belgilab beradi-ku.

Yangi obyektlar umumiy shaharsozlik konsepsiyasidan ajralib turmasligi kerak. Buni quruvchilardan doimiy ravishda talab qilish muhim", — deya ta’kidladi u.

Toqayev, shuningdek, rejaga ko‘ra, Qozog‘iston poytaxtining tashrif qog‘ozlaridan biriga aylanishi kerak bo‘lgan “Minjildiq” xiyobonini rivojlantirish haqida ham gapirdi.

“Haqiqatda biz didsiz, dod-voy soluvchi fasadli, hamma yoq iflos, daraxtlar o‘rniga qurigan cho‘plar va muhandislik infratuzilmalardagi son-sanoqsiz muammolar bo‘lgan ikkita g‘arib ko‘chaga ega bo‘ldik. Ustiga-ustak, mazkur xiyobondagi yagona maydon uy-joy qurish uchun xususiy kompaniyaga berilgan. Buni mutlaqo qabul qilib bo‘lmaydi. Bosh rejada ko‘zda tutilgan maydonlarni qaytarib berishni va zudlik bilan „Minjildiq“ xiyobonini tizimli rivojlantirish bilan shug‘ullanishni topshiraman”, — dedi u.

Prezident poytaxtning Tinchlik va totuvlik saroyidan yangi vokzalgacha cho‘zilgan “strategik o‘qi” yagona katta va shinam yashil bog‘ga aylanishi kerakligini ta’kidladi.

Qozog‘iston poytaxtida noyob obyektlar qurishni bas qilishdi, “uy-joy qurilishiga haddan tashqari berilib ketishdi”, deb hisoblaydi Toqayev.

“O‘z vaqtida biznes tomonidan qurilgan „Abu-Dabi Plaza“, „Xan Shatir“, „Talan Towers“ kabi mashhur majmualar bugungi kunda Ostona timsoli hisoblanadi. Hokimlik ushbu yondashuvni qaytadan qo‘llashi va shaharning yangi diqqatga sazovor joylarini qurish uchun xususiy investorlar va taniqli arxitektorlarni jalb qilishi kerak”, — dedi u.

Ko‘kalamzorlashtirish

Prezidentning so‘zlariga ko‘ra, shaharni ko‘kalamzorlashtirish katta ahamiyatga ega va Ostonada bu borada muammolar bor.

“Yashil maydonlar yetishmaydi… Mavsumiy o‘simliklarni ekish amaliyotidan qochib, ko‘p yilliklarini faolroq o‘tqazish zarur. Shu bilan birga, poytaxtning keskin iqlimini hisobga olish, ilmiy jamoatchilik salohiyati va ilg‘or jahon tajribasidan foydalanish muhim ahamiyatga ega”, — dedi u.

Ko‘kalamzorlashtirish ishlari qurilish sur’atiga mos ravishda olib borilishi kerak, dedi Tokayev.

“Umuman olganda, Ottava, Toronto shaharri iqlim zonasi Ostonaga mos keladi. Bu yashil shaharlar, chiroyli ko‘rinadi. Kanada tajribasidan foydalanishimiz kerak. Bunda quruvchilarning o‘zlarini faol jalb qilish kerak. Misol uchun, Xelsinkida quruvchilarga qurilishdan so‘ng darhol tutash hududlarni ko‘kalamzorlashtirish majburiyati yuklatiladi. Bu biz foydalanishimiz kerak bo‘lgan tajriba. Germaniya hatto “bir vaqtning o‘zida” tamoyiliga asoslangan “Yashillashtirish kodeksi"ni ham qabul qildi. Ya’ni, quruvchi qurilish maydoniga teng bo‘lgan yer uchastkasiga daraxt va butalarni ekishga majburdir. Bunday yondashuv yaxshi samara beradi”, — dedi Qozog‘iston rahbari.

Toqayevning ma’lum qilishicha, shahar qiyofasini tartibsiz va pashshaxo‘rda reklamalar chiqarayotgan “vizual shovqin” buzmoqda.

“Olti oy oldin men Ostona shahrini 5 yil ichida bog‘-shaharga aylantirish vazifasini qo‘ygan edim. Bu boradagi aniq qadamlar hali yetarli emas… Poytaxtimizda keng ko‘lamli ko‘kalamzorlashtirish ishlarida dastlabki aniq natijalarga joriy yilda erishilishi kerak. Zamonaviy texnologiyalarni qo‘llash muhim ahamiyatga ega. Bu yerda esa yashil maydonlarni sug‘orish hali ham eski usulda amalga oshiriladi, tomchilatib sug‘orish qo‘llanilmaydi. Ish uslubimizni o‘zgartirishimiz kerak”, — dedi u.

“Hozircha, juda qimmat narxlarda shoshilinch mavsumiy ishlarga e’tibor qaratilmoqda, bu esa nomutanosib ravishda katta budjet xarajatlariga olib keladi. Shahar qiyofasini tartibsiz va pashshaxo‘rda reklamalar chiqarayotgan „vizual shovqin“ ham sezilarli darajada buzadi. Bu muammo mahalliy hokimiyat organlaridan tadbirkorlik jamiyati bilan alohida e’tibor va mashaqqatli ishlashni talab qiladi”, — dedi prezident.

ostona, qasim-jomart toqayev, qozog‘iston, shahar odamlar uchun, toshkent, urbanistika

Hammabop ijtimoiy infratuzilma

Tohayev Ostonaning butun aholisi shahar infratuzilmasi — ta’lim va sog‘liqni saqlash muassasalari, madaniyat va sport, shuningdek, bog‘lar va jamoat joylaridan teng foydalana olishi kerakligini ta’kidladi. Bu barcha fuqarolar hayoti uchun qulay va qulay muhit yaratishning asosiy shartidir, dedi u.

“Aholining nazoratsiz o‘sishi” tufayli bugungi kunda Ostonada zamonaviy poliklinikalar, sifatli va arzon xizmat ko‘rsatadigan ixtisoslashtirilgan tibbiyot muassasalari, shuningdek, malakali tibbiyot kadrlari keskin yetishmaydi.

— Ko‘pincha poliklinikalardagi navbatlar, xususiy klinikalarda xizmat ko‘rsatishning qimmatligi tufayli odamlar so‘nggi lahzagacha tibbiy yordamga murojaat qilmaydi. Bularning barchasi fuqarolar salomatligiga salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda. Vaziyatni tuzatish uchun poytaxtda uchinchi ko‘p tarmoqli shifoxona qurish taklifini qo‘llab-quvvatlashni muhim deb bilaman", — dedi u.

Toqayevning aytishicha, Ostonada bolani maktab yoki bog‘chaga olish hamon muammo bo‘lib qolmoqda.

“Ko‘pgina maktablarda o‘quvchilar soni loyihaviy quvvatdan sezilarli darajada oshadi, uch smenali ta’lim saqlanib qolmoqda, bu allaqachon qabul qilinadigan holat emas. Birinchi navbatda shaharda yangi ta’lim muassasalari, jumladan, 15 ta qo‘shimcha ta’lim obyekti qurilishini ta’minlash talab etiladi”, — dedi u.

Toqayev insonning, ayniqsa, shahar aholisining asosiy ehtiyojlaridan biri, bu — internetga kirish ekanligini ta’kidladi.

“Biz hamma joyda Ostonani „aqlli shahar“ va mintaqaviy IT xab deb e’lon qilamiz, bu esa avtomat ravishda asosiy raqamli infratuzilmaning yuqori sifatini anglatadi. Biroq poytaxtda Internet va uyali aloqa barqarorligi orzu bo‘lib qoldi. Bu nafaqat aholi uchun noqulaylik tug‘diradi, balki shahar iqtisodiyotiga jiddiy zarar yetkazadi, poytaxt mehmonlarida o‘ta salbiy taassurot uyg‘otadi”, — dedi prezident.

Metropoliya aholisining hayot sifatiga jamoat transporti faoliyati va tirbandlik ham bevosita ta’sir qiladi, dedi Qozog‘iston rahbari.

“Gazeta.uz"ning shaharlarni obodonlashtirish, qulay yashash sharoiti va iqtisodiy rivojlanish o‘rtasidagi bog‘liqlik to‘g‘risida ko‘plab materiallarini “urbanistika” va “shahar odamlar uchun” kalit so‘zlari ostida topish mumkin.