11-iyul kuni soat 14:00 atrofida Toshkent viloyatining Bo‘stonliq tumanida joylashgan Chotqol davlat biosfera qo‘riqxonasining Maydontol va Laylakchi bo‘limlari hududida yong‘in sodir bo‘lgani haqida xabar kelib tushdi, deya xabar qildi Favqulodda vazirligi matbuot xizmati.

Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, yong‘in maydoni o‘rmonning 10 gektardan 20 gektargacha bo‘lgan hududni tashkil etadi.

Favqulodda vaziyatlar vazirligining o‘rmon yong‘inlarini bartaraf etish bo‘yicha maxsus otryadi xodimlari zudlik bilan manzilga yetib bordi. Yong‘inni bartaraf etishga Mudofaa, Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirliklari hamda boshqa ixtisoslashtirilgan tuzilmalarning kuch va vositalari ham jalb etildi.

“Yaqin vaqt ichida Favqulodda vaziyatlar vazirligi Matbuot xizmati ushbu yong‘inni o‘chirish bo‘yicha qo‘shimcha ma’lumot taqdim etadi. Vaziyat to‘liq nazorat ostida”, — deyiladi xabarda.

Eslatib o‘tamiz, 9-iyul kuni ham qo‘riqxona hududida yong‘inning oldi olingan edi.