O‘zbekiston prezidentining 2023-yil 24-fevraldagi qarori hamda 6-iyundagi farmoniga asosan Ipakchilik va jun sanoatini rivojlantirish qo‘mitasi huzuridagi Ipakchilik ilmiy-tadqiqot instituti Toshkentdan Andijonning Marhamat tumaniga ko‘chirilmoqda. Institut joylashgan hudud — Shayxontohur tumanidagi “Ipakchi” MFY aholisi muassasa atrofidagi 18 mingga yaqin daraxtning keyingi taqdiridan xavotirda.

“Gazeta.uz” muxbirlari aholi murojaatini o‘rganish maqsadida Ipakchilik ilmiy-tadqiqot institutida bo‘lib, u yerdan videoreportaj tayyorladi.

“Yashil hududni saqlab qolib, milliy bog‘ga aylantirish kerak”

“Ipakchi” MFY fuqarosi Abdulla Azimovning aytishicha, institut hududi Shayxontohur, Chilonzor va Olmazor tumanlarining kislorod manbai hisoblanadi.

“Bu yerda ipakchilikka moslashgan tutlar, manzarali daraxtlar [bor], bu — yashil makon. Havosi juda toza. Eshitishimizga qaraganda, bu Ipakchilik instituti Andijonga ko‘chirilmoqda. Har xil gaplar yuribdi, [institut binosi o‘rnida] zavod va boshqa narsalar [qurilarkan], biz bunga qarshimiz. [Bu hududda yashaydigan] kelajak avlodga, millatga kislorod kerak, toza havo kerak. Yashil makonligicha qolishi zarur. Ko‘rib, bilib turib, bor daraxtlarni yo‘qotamizmi? Bu manqurtlik emasmi? Shuncha [daraxtlarni] yo‘qotganimiz kammi? Hozir bitta daraxt kesilsa, necha millionlab jarima solinyapti. Shuncha qilayotgan xatolarimizning yoniga yana xato qo‘shilmasin”, — deydi u.

”daraxtlar,

72 yashar mahalla faolining qayd etishicha, minglab daraxtlarni saqlab qolib, hududni milliy bog‘ga aylantirish kerak.

“Ertaga [bu hududga] zavod tushsa yoki boshqa bo‘lsa, ko‘z o‘ngimizda bu daraxtlar kesilib ketib, yo‘q bo‘ladi. Shuning uchun bularni saqlab qolish, chiroyli bog‘ qilish kerak. Bu hudud 19−20 gektarni tashkil qiladi. Xalq shu yerdagi kisloroddan nafas olsin. Shu atrofdagi mahallalarda suv muammo bo‘lib qoldi. Mazkur institut ham suv yo‘qligi uchun ko‘chirilmoqda. Shuncha joylar hovlilar qurish uchun berib yuborilgan. Natijada odamlar uyidan suv o‘tmasligini xohlab, ariqlarni to‘sib tashlagan”, — deydi Abdulla Azimov.

84 yoshli mahalla faoli Muhammadjon Zokirov ham daraxtlar kesilishiga qarshi. U institut binosini bolalarga mo‘ljallangan muassasaga aylantirish kerakligini aytdi.

“Bu hududda juda ko‘p daraxt bor. Shuncha daraxtlarni kesib bo‘ladimi? Bu dunyoda ham, u dunyoda ham uvoli tutadi, yaxshi bo‘lmaydi. Bularni imkon qadar saqlab qolish kerak. Bu binoni bolalar uchun muassasa qilsa, atrofini yanada ko‘kalamzorlashtirsa bo‘ladi. Lekin [daraxtlarni] yo‘q qilish adolatdan emas. Daraxtlar aholiga ekologiya tomonidan ham juda foydali: changlar kamayadi, havo tozalanib, odamlar salqinda orom oladi. Har tomonlama foydali, daraxtlarning ziyoni yo‘q”, — deydi Muhammadjon Zokirov.

”daraxtlar,

“Ipakchi” MFYning boshqa bir fuqarosi Qobuljon Do‘stmuhammedovning qayd etishicha, institut binosi boshlang‘ich maktab uchun berilsa, shu orqali yashil makonni ham saqlab qolish mumkin.

“Bizning hududda boshlang‘ich maktab yo‘q. Bu masalada 2018-yildan beri mutasaddi rahbarlarga murojaat qilib kelamiz. Ammo natija yo‘q. Boshlang‘ich maktab uchun joy kerak. Ipakchilik instituti [Andijonga ko‘chib] ketsa, uning shu yerdagi bir binosini daraxtlarni kesmay, auksionga qo‘ymasdan, oldin xalq uchun maktabga berishlarini xohlaymiz. Agar institut binosi auksionga qo‘yilsa, uni yutib olgan tadbirkor 18 mingga yaqin daraxtni kesib, hammayoqni xonavayron qilib tashlashidan xavotirdamiz. Bu yerda zavod quriladimi yoki boshqa narsa bo‘ladimi, bizga baribir. Lekin biz, keksalar, kelajak avlod taqdirini o‘ylayapmiz”, — deydi 89 yashar Qobuljon Do‘stmuhammedov.

”daraxtlar,

Ipakchilik ilmiy-tadqiqot instituti direktori Shuhrat Abdulazizovning so‘zlariga ko‘ra, institut binosi 60-yillarda qurilgan. “Oldin hudud 100 gektar bo‘lgan. Yillar davomida aholining ko‘chib kelishi, hovli uylar va boshqa inshootlar qurilishi natijasida institut hududi qisqargan. Ayni paytda hudud 19 gektardan ziyodni tashkil qiladi”, — deydi u.

Uning ma’lum qilishicha, Ipakchilik ilmiy-tadqiqot institutining Andijonga ko‘chirilishining ikkita sababi bor.

“Birinchidan, aholining tig‘izligi va turar joylar ko‘pligi bois irrigatsiya tarmoqlari yopilgan, ya’ni institutga qarashli tutzorlarga suv kelmaydi, bu muammoga aylangan. Shuningdek, ipakchilik sohasini yanada rivojlantirish uchun institutga Andijonning Marhamat tumanidan 9,5 gektardan iborat katta kompleks hamda maqsadli foydalanish uchun 14 gektar maydon ajratildi. Hozirgi kunda ko‘chish va Marhamat tumanidagi kompleksga joylashish ishlari ketyapti”, — deydi Shuhrat Abdulazizov.

U institut binosining keyingi tadqiri haqida gapirarkan, “Bu haqda bizda ma’lumot yo‘q. Lekin prezident farmoniga ko‘ra, mazkur binolar bugungi kunda davlat mulkini tasarruf qiladigan tashkilotga o‘tkazib beriladi. Keyin o‘sha tashkilot hukumatning yuqori tashkilotlari bilan kelishgan holda ish olib borishi ko‘rsatib o‘tilgan. Menimcha, keyingi bosqichda ham bu daraxtlarga hech qanday zarar yetkazmaslik maqsad qilingan”, — deydi u.

Institutga qarashli 19 gektarning aksariyat qismi tutzorlardan iborat. Noyob tutlar kolleksiya, ozuqa va tajriba tutzorlari mavjud. Binolar atrofida esa turli manzarali daraxtlar — archa, chinorlar ekilgan.

“Institut ko‘chganidan keyin bu yerdagi tutzorlarning taqdiri nima bo‘lishidan biz bexabarmiz. O‘ylaymanki, mutasaddi tashkilotlar, biz ko‘chganimizdan keyin bu yerga keladiganlar hammasini saqlab qolib, tabiiy kislorod beradigan holatni asrash choralarini ko‘radi”, — deydi Shuhrat Abdulazizov.

Mahalla faoli Abdulla Azimov Ipakchilik ilmiy-tadqiqot institutidagi daraxtlar kesilmasligi, bu yerda milliy bog‘ tashkil etish zarurligini ta’kidladi.

“Murojaatimiz shundan iboratki, respublika rahbarlari, poytaxt hokimi va ekologiyaga oid tashkilotlar shu masala bo‘yicha bosh qotirib, bu hududni kelajak avlod va ekologiya uchun milliy bog‘ga aylantirishlarini istaymiz. Bizning taklif mana shu”, — deydi u.

“Gazeta.uz” vaziyatni kuzatishda davom etadi.

Materialni Mirolim Isajonov tayyorladi, rasmlar muallifi, тасвирчи va montaj ustasi Ma’murjon Obrahmatov.