O‘zbekistonda muddatidan oldin bo‘lib o‘tgan prezidentlik saylovlarida qatnashganlar soni soat 15:00 ga kelib, 60,74 foizni tashkil etdi, deya ma’lum qildi Markaziy saylov komissiyasi.

Ro‘yxatga olingan 19,27 mln saylovchidan 11 mln 705 ming nafari ovoz berdi, deyiladi xabarda.

Eng ko‘p ovoz berganlar Andijonda — 67,36%, eng past ko‘rsatkich hamon Toshkent shahrida bo‘lib turibdi — 50,15%.

референдум-2023, saylov-2023

референдум-2023, saylov-2023

Soat 13:00 holatida bu ko‘rsatkich 52,16 foizga teng edi. Bu vaqtga kelib eng katta ishtirok Jizzax viloyatida qayd etilgan — 59,62%, eng kami poytaxtda — 45,1%.

Avvalroq 28-iyundan 5-iyulgacha bo‘lgan muddatidan oldin ovoz berishda 815,3 ming kishi, shu jumladan, chet elda 180,7 ming va mamlakat ichida 634,5 ming kishi ovoz bergani haqida xabar berilgandi.

Markaziy saylov komissiyasining ikkinchi hisobotida saylovchilarning umumiy soni 19,414 mln dan 19,27 mln ga (-144 ming) o‘zgartirildi. “Gazeta.uz” yangiliklar e’lon qilingan paytda komissiyadan izoh ololmadi. Ehtimol, birinchi xabarda texnik xato bo‘lgan.

Markaziy saylov komissiyasi raisi Zayniddin Nizomxo‘jayev soat 9:00 da bo‘lib o‘tgan brifingda joriy saylovlarda jami 19,5 mln dan ortiq shaxs saylovchilar ro‘yxatiga kiritilganini ma’lum qilgandi. Bu raqam chet eldagi vatandoshlarni ham o‘z ichiga olishi kerak.

30-aprel kuni bo‘lib o‘tgan yangi tahrirdagi Konstitutsiyaviy referendumda ro‘yxatdan o‘tgan saylovchilar soni 19,722 mln ni tashkil etdi, ular orasida chet elda yashovchilar ham bor.

2021-yilgi prezidentlik saylovlarida saylovchilar ro‘yxatiga 20,158 mln kishi kiritilgandi.