Toshkent metallurgiya zavodi o‘zining moliyaviy ahvoli va ta’sischilar tarkibidagi o‘zgarishlar haqidagi xabarlar yuzasidan izoh berdi.

Avvalroq “Gazeta.uz” sud qaroriga tayanib, asli o‘zbek bo‘lgan rossiyalik milliarder Alisher Usmonovga aloqador kiprlik ta’sischilarning “harakatsizligi” tufayli TMZ bankrotlik xavfi ostida qolgani haqida yozgan edi. Qo‘shma korxona ta’sischilaridan biri bo‘lgan O‘zbekiston tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasi (O‘TTJ) sudga murojaat qilib, investorlarni loyihadan chetlashtirishga muvaffaq bo‘lgandi.

TMZ tomonidan e’lon qilingan bayonotga ko‘ra, “kompaniya ta’sischilari tarkibidagi o‘zgarishlar ishlab chiqarish barqarorligiga va kreditorlar oldidagi majburiyatlarni o‘z vaqtida bajarish imkoniyatiga ta’sir qilmaydi”.

Hozirda O‘zTTJ davlat nomidan kompaniyaning yagona egasi hisoblanadi. Avval yozganimizdek, TMZ yuridik shaxs ro‘yxatga olinganidan keyin besh yil davomida 916,9 mlrd so‘m zarar to‘plagan va 179,7 mln yevro miqdoridagi kreditni ham qaytarishi kerak. “TMZ qarzdorligi tijorat faoliyati orqali to‘lanadi. Davlat kompaniyaning majburiyatlari bo‘yicha javobgar emas”, — deyiladi zavod bayonotida.

Kompaniya Rossiyaning ustav kapitali 10 ming rubl (taxminan 111 dollar) bo‘lgan, kreditlar va boshqa kredit turlariga ixtisoslashgan “Mejdunarodnыye finansovыye texnologii XXI” kompaniyasidan qo‘shimcha mablag‘ jalb qilmoqchi edi. Gap Rossiya Markaziy bankining asosiy stavkasiga (7,5%) teng bo‘lgan foiz stavkasi bilan 24 oy muddatga beriladigan 1,5 mlrd rubl (16,7 mln dollar) miqdoridagi mablag‘ haqida bormoqda.

“Qurilish va ishlab chiqarishni moliyalashtirish uchun kreditlarni jalb qilish yirik korxonalar uchun odatiy holdir”, — deya ta’kidladi TMZ.

Tasdiqlangan rejaga muvofiq, zavod 2026-yildan boshlab rentabellikka kirishi rejalashtirilgan.

Eslatib o‘tamiz, Toshkent metallurgiya zavodi 2020-yilda ishga tushirilgan edi. Korxonada ruxlangan va polimer qoplamali sovuq holda yoyilgan po‘lat prokat ishlab chiqariladi. Xabar berganimizdek, TMZ mahsulotlari iste’molchilari O‘zbekiston, MDH davlatlari, Osiyo va Yevropadagi qurilish va metall savdo kompaniyalari hisoblanadi.

Loyihaga kiritilgan kapital qo‘yilmalarning umumiy miqdori 334,5 mln yevrodan ortiqni tashkil etadi, shundan 164,56 mln yevro Rossiya eksport-import bankining 10 yillik krediti, 154,7 mln yevrosi o‘z mablag‘lari (yarmiga yaqini — jamg‘armaning ablag‘lari), 15,1 mln yevro — “Asaka” bank krediti mablag‘lari hisoblanadi. Hisoblangan to‘lov muddati taxminan 8,6 yilni tashkil etadi. Dastlab, loyihaning umumiy qiymati 278,2 mln yevroga baholangan edi, biroq ishlab chiqarish quvvatlarini kengaytirish maqsadida loyihaga o‘zgartirishlar kiritilgandan so‘ng, u o‘zini oqlash muddati — 9,3 yilgacha oshdi.

Ta’kidlash joizki, zavodga egalik qiluvchi QK MCHJ shaklida tashkil etilgan, shuning uchun kompaniyadan moliyaviy hisobotlar va o‘z faoliyati to‘g‘risidagi muhim faktlarni jamoatchilikka e’lon qilish talab qilinmaydi. Ma’lumotni majburiy oshkor qilish uchun korxona aksiyadorlik jamiyati shakliga o‘tkazilishi kerak.