3−7-iyul kunlari Toshkentda “Yangi O‘zbekistonda taraqqiyot, innovatsiya va ma’rifat” mavzusida Xalqaro sheriklik tashabbuslari haftaligi bo‘lib o‘tdi. Uning doirasida 7-iyul kuni “Xalqaro mehnat bozorining globallashuvi jarayonida O‘zbekistonning o‘rni va istiqbollari” mavzusida davra suhbati o‘tkazildi, deya xabar bermoqda “Gazeta.uz” muxbiri.

Tadbirda kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vaziri Behzod Musayevning qayd etishicha, O‘zbekiston aholisi yiliga 900−950 ming nafarga ko‘paymoqda. Har yili mehnat bozoriga 700 ming ishchi kuchi kirib kelmoqda. Migrantlar soni 2 mln kishini, ularning jami aholi sonidagi ulushi esa 5,5 foizni tashkil etadi.

“Yildan-yilda migrantlarning ketishi emas, qaytishi soni ortib bormoqda. Chunki ish o‘rinlari ko‘paymoqda va bu ishchi o‘rinlarini o‘zimizning xorijdan qaytgan migrantlarimiz hisobiga qoplab boryapmiz”, — dedi u.

Vazir mamlakatning o‘zida mehnat bozori shiddat bilan shakllanayotgani, O‘zbekistonning har bir hududida ishlab chiqarish, eksport potensiali oshib borayotganini ta’kidladi. “Misol uchun, juda ko‘p tekstil korxonalari bor. Kichik bir misol keltiraman: 6−7 yil oldin O‘zbekiston 500 mln dollarlik tekstil mahsulotlarini eksport qilgan bo‘lsa, o‘tgan yilda 3 mlrd dollarlik tekstil mahsulotlari eksport qilindi. Tabiiyki, bunday mahsulotlarni eksport qilish uchun ularni ishlab chiqarish kerak”.

Behzod Musayev O‘zbekistonda klasterlarning faqatgina paxtani yetishtirib, tolasini olish va eksport qilish bilan shug‘ullanmayotgani, balki undan qo‘shilgan qiymatli tayyor mahsulotlar ishlab chiqarayotganini qayd etib o‘tdi. “Bu, o‘z navbatida, o‘zimizning ichki bozorda ishchi kuchiga bo‘lgan talabni oshirib borishga sharoit yaratadi”, — dedi Behzod Musayev.

O‘zbekistonning ayni vaqtda Tashqi mehnat migratsiyasi agentligining Rossiyada 16 ta, Janubiy Koreya, Turkiya va Qozog‘istonda 1 tadan vakolatxonasi mavjud.

2022−2023-yillarda 60 ming nafarga yaqin o‘zbekistonliklar tashkiliy ravishda chet elga ishga jo‘natilgan. Shulardan 44 ming 887 tasi Rossiyaga, 7 ming 325 tasi Janubiy Koreyaga jo‘natilgan. Chet davlatga ishga jo‘natilgan fuqarolarning o‘rtacha maoshi 2017 yilda 500−700 dollarni tashkil etgan bo‘lsa, 2023-yil 1200 dollarga yetgan.

Vazir, shuningdek, keyingi yillarda Buyuk Britaniya, Germaniya, Isroil, Yaponiya va Saudiya Arabistonida Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi ofislari hamda bepul yuridik, moddiy va ijtimoiy yordam ko‘rsatish markazlari ochilishini, xorijdagi mehnat migrantlariga davlat xizmatlarini onlayn ko‘rsatish imkoniyatlari yaratilishini va ularning narxi ichki tariflar bilan teng bo‘lishini ta’kidladi.

Elatib o‘tamiz, 2022-yilning dekabrida Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi boshqarma boshlig‘i Azim Ahmatov ham 2 mln nafardan ortiq o‘zbekistonlik mehnat migrantlari xorij davlatlarida ishlayotganini ma’lum qilgandi. Ularning 1,5 mln nafari Rossiyada faoliyat yuritayotgani aytilgan. Shuningdek, Azim Ahmatov tashkiliy ishga yuborilgan fuqarolar ko‘rsatkichi 8−9 foizni tashkil qilishini ta’kidlagan.

Mehnat migrantlari soni bo‘yicha ma’lumot 2021-yil may oyida ham berilgan. Unga ko‘ra, o‘sha paytda 1,7 mln o‘zbekistonlik chet elda, asosan, Rossiya va Qozog‘istonda mehnat qilayotgan bo‘lgan.