Rossiyalik xonanda Grigoriy Lepsning 23-oktabr kuni Toshkentdagi Xalqlar do‘stligi saroyida bo‘lib o‘tishi kerak bo‘lgan konserti bekor qilindi. Bu haqda tashkilotchilarga tayanib, Afisha.uz xabar berdi.

Keyinroq O‘zbekiston Madaniyat va turizm vazirligi konsert “ba’zi texnik sabablarga ko‘ra qoldirilganini” ma’lum qildi.

Sotib olingan chiptalar qaytariladi.

Avvalroq “Gazeta.uz” O‘zbekistondagi bir guruh faollar Rossiyaning Ukrainaga qarshi harbiy harakatlarini faol qo‘llab-quvvatlayotgan san’atkorning chiqishlarini bekor qilishni talab qilgani haqida yozgan edi.

Bunga javoban Madaniyat va turizm vaziri o‘rinbosari Bahodir Ahmedov O‘zbekistonda san’at uchun hech qanday to‘siq yo‘qligini aytdi. “Kelyapti, san’atini namoyish qilyapti, ketyapti”, — dedi u san’atkorlar haqida.

Vazir o‘rinbosari, shuningdek, Lepsning harbiy amaliyotlarni moliyalashtirgani haqidagi xabarlarga shubha bildirgan, vaholanki 3-iyul kuni qo‘shiqchi o‘z va’dasini bajargani va Ukrainadagi urush zonasida “Leopard” tankini yakson qilgan rossiyalik askarga 1 mln rubl to‘laganini aytgandi.

Payshanba kuni Grigoriy Lepsning Qirg‘izistonning 2-avgustga Cholpon-Ata shahrida bo‘lib o‘tishi rejalashtirilgan konserti bekor qilingani ma’lum bo‘ldi. Bunga jamoatchilik noroziligi sabab bo‘ldi.

Iyun oyida Grigoriy Lepsning Qozog‘istondagi konserti ham jamoatchilik noroziligi tufayli bekor qilingan edi.