Ukrainaning O‘zbekistondagi elchixonasi madaniyat va turizm vaziri o‘rinbosari Bahodir Ahmedovning rossiyalik xonanda Grigoriy Lepsning oktabr oyida Toshkentda o‘tkazilishi rejalashtirilgan konserti haqidagi bayonotiga izoh berdi.

Eslatib o‘tamiz, Grigoriy Leps Rossiyaning Ukrainaga bostirib kirishini qo‘llab-quvvatlaydi, 3-iyul kuni u jangovar zonada Ukrainaning Leopard tankini yo‘q qilgan rossiyalik askarga 1 million rubl to‘laganini aytgandi. O‘zbekistonda bir guruh faollar Grigoriy Lepsning Toshkentdagi chiqishini bekor qilishni talab qilmoqda.

Bu haqda Kun.uz sayti madaniyat va turizm vaziri o‘rinbosari Bahodir Ahmedov bilan suhbatlashgandi. U o‘z intervyusida “hamma narsani cheklash mumkinligi, lekin san’at chegarasiz soha ekanini” ta’kidlab, O‘zbekistonda san’at uchun hech qanday to‘siq yo‘qligini qo‘shimcha qilgan.

“Elchixona urushni qo‘llab-quvvatlovchi rossiyalik san’atkorlarning O‘zbekistondagi chiqishlari ularning O‘zbekiston Respublikasi obro‘siga tahdid soladigan urushni qo‘zg‘atishga qaratilgan jinoiy faoliyatini qo‘llab-quvvatlashning soxta ko‘rinishini yaratishi mumkinligiga e’tibor qaratadi. Bundan tashqari, rossiyalik ijrochilar tomonidan olingan mablag‘lar ular tomonidan urush, terrorizm va Ukraina xalqining genotsidini moliyalashtirish uchun ishlatilishi mumkin”, — deya ta’kidladi diplomatik missiya.

Elchixonaning xabar berishicha, “ushbu masala bo‘yicha O‘zbekiston vakolatli organlariga tegishli murojaat” yuborilgan.

Bundan tashqari, Ukrainaning O‘zbekistondagi diplomatik vakolatxonasi urushni qo‘llab-quvvatlovchi rossiyalik san’atkorlarning chiqishlari uchun O‘zbekistondagi konsert maydonlaridan foydalanishga qarshi chiqqan o‘zbek jamoatchiligiga minnatdorlik bildirdi.