2024-yil 1-yanvardan Niderlandiyada maktab o‘quvchilariga darsda mobil telefon, planshet va aqlli soatlardan foydalanish taqiqlanadi. Bu haqda mamlakat hukumati ma’lum qildi.

Bunday qarorga gadjetlar “chalg‘itishi va o‘quvchilarning muvaffaqiyatiga salbiy ta’sir ko‘rsatishi” sabab bo‘lgan.

“Mobil telefonlar hayotimiz bilan chambarchas bog‘liq bo‘lishiga qaramay, sinfda ularga o‘rin yo‘q. O‘quvchilar diqqatini jamlay olishi va yaxshi o‘qish sharoitiga ega bo‘lishi kerak. Ilmiy tadqiqotlar shuni ko‘rsatadiki, mobil telefonlar chalg‘itishlarga sabab bo‘ladi”, — dedi Niderlandiya ta’lim vaziri Robbert Deykgraaf.

Mobil qurilmalarga faqat quyidagi hollarda ruxsat beriladi:

  • dars mazmuni telefondan foydalanishni o‘z ichiga olsa, masalan, raqamli ko‘nikmalar bo‘yicha dars;
  • tibbiy sabablarga ko‘ra yoki nogironlar uchun telefondan foydalanish ehtiyoji mavjud bo‘lsa.

Xabarda ta’kidlanishicha, joriy etilgan qoidaga qanday amal qilishni maktablarning o‘zlari hal qilishlari mumkin. Agar ularning choralari 2024-yilning yoziga qadar ish bermasa, u holda yuridik taqiq qabul qilinadi.