O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasidan prezidentlikka nomzod Shavkat Mirziyoyev Toshkent shahri saylovchilari bilan uchrashuvi chog‘ida Shvetsiyada Qur’oni karim yoqib yuborilganiga munosabat bildirib, buni yovuz harakat deb atadi va keskin qoraladi.

“Ayni vaqtda biz radikalizm va ekstremizmning har qanday ko‘rinishlariga, turli millat va xalqlarning diniy qadriyatlariga nisbatan hurmatsizlik ko‘rsatishga mutlaqo qarshimiz. Jumladan, yaqinda Shvetsiyada sodir etilgan, muqaddas Qur’oni karimni yoqib yuborishdek yovuz harakatlarni keskin qoralaymiz”, — dedi Shavkat Mirziyoyev.

Uning ta’kidlashicha, Yer yuzidagi millionlab insonlarning dinu diyonati, ezgu hissiyotlarini haqorat qiladigan bunday holatlarga aslo yo‘l qo‘yib bo‘lmaydi.

Qur’oni karimning yoqilishi

Shvetsiyada yashovchi 37 yoshli iroqlik qochqin Salvan Momika Qurbon hayiti bayrami kunida Stokgolmdagi markaziy masjid oldida Islom dinining muqaddas kitobi nusxasini yoqib yuborgandi. Ushbu holat ko‘plab musulmonlar tomonidan qoralangan. Iroq hukumati uning harakatini irqchilik deb atagan.

шавкат мирзиёев, швеция, қуръон

Foto: AFP

Ertasi kuni Iroq poytaxti Bag‘doddagi elchixona oldida olomon to‘plangan. Shvetsiya politsiyasi so‘z erkinligi qonunlariga muvofiq Momikaga namoyish o‘tkazishga ruxsat bergan edi. Ammo keyinroq politsiya voqea noroziliklar keltirib chiqargani uchun tergov bo‘layotganini bildirgan.

Bu voqea, shuningdek, musulmonlar ko‘p bo‘lgan boshqa davlatlarda, jumladan, NATO a’zosi bo‘lgan Turkiyada ham e’tirozlarga sabab bo‘ldi. Turkiya “so‘z erkinligi bahonasida” bunday “islomga qarshi harakatlar” sodir etilishini “qabul qilib bo‘lmaydi” deb atadi.

Yaqin Sharq davlatlari, jumladan, Iroq, Eron, Saudiya Arabistoni va Misr buni keskin tanqid qildi. Marokash va Iordaniya Stokgolmdagi elchilarini chaqirib oldi, Marokash ham Shvetsiyaning Rabotdagi muvaqqat ishlar vakilini chaqirdi.

Iroq bu voqea “so‘z erkinligi bilan hech qanday aloqasi bo‘lmagan nafratli tajovuzkorlik” ekanini aytdi.

Eron Iroqning tanqidini takrorlab, Qur’onni yoqish harakatini “provokatsion” va “qabul qilib bo‘lmaydigan” deb atagan bo‘lsa, Misr buni musulmonlar Qurbon hayitini nishonlayotgan paytda “uyatli” harakat deb ta’rifladi.

Saudiya Arabistoni “bu nafratli va takroriy xatti-harakatlarni hech qanday asos bilan qabul qilib bo‘lmaydi”, — deya bayonot berdi.

Qur’on nusxalarini yoqish ishlari ortidan Shvetsiyada tartibsizliklar yuzaga kelmoqda. Politsiya yaqinda shunga o‘xshash norozilik arizalarini rad etgan edi, biroq sudlar so‘z erkinligi sababli ularga ruxsat berish kerak degan qarorga kelgan.

Islom hamkorlik tashkilotiga (IHT) a’zo davlatlar islomiy ramzlarni haqorat qilish bo‘yicha takroriy harakatlarga chek qo‘yish uchun birgalikda harakat qilishga chaqirdi, deb xabar bergan “RIA Novosti” Saudiyaning Al Ekhbariya telekanaliga tayanib.

“Qur’onni tahqirlash va Islom payg‘ambarini haqorat qilish islomofobiyaning alohida ko‘rinishi emas. Musulmon davlatlari bunga chek qo‘yish uchun jamoaviy choralar ko‘rishlari kerak”, — dedi IHT bosh kotibi Ibrohim Toha Saudiya Arabistoni tashabbusi bilan chaqirilgan tashkilotning Jiddadagi favqulodda yig‘ilishida.